Toshkent viloyatida ko‘p miqdorda sintetik giyohvandlik vositalarining tarqalishi oldi olindi, deb xabar bermoqda IIBB axborot xizmati.

“Qora dori 2024” tezkor profilaktik oyligi doirasida o‘tkazilgan tadbir davomida 33 yoshli fuqaro M.I. Bo‘stonliq tumani hududida gumonlanib tekshirilgan. Uning yonida bo‘lgan avtomobil ehtiyot qismi (reduktor) ko‘zdan kechirilganda 12 ta o‘ramdagi, qora bozordagi taxminiy narxi 4 mlrd 800 million so‘m bo‘lgan 6 kilogramm sintetik giyohvandlik vositasi topilgan va daliliy ashyo sifatida olingan.

Bundan tashqari, ushlangan shaxsning uyida sintetik vositalarni kichik miqdorga ajratib, qadoqlash va tarqatish uchun kerakli vositalar borligi ma’lum bo‘lgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksi 273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish / 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Dastlabki surishtiruvga ko‘ra, unga ushbu sintetik giyohvandlik vositalari Telegram bot orqali Qirg‘izistondan vodiy viloyatlari orqali yetkazib berilgani aniqlangan.

Sintetik giyohvandlik vositalarining manbasini aniqlash bo‘yicha qidiruv davom etmoqda.

Video