Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan xorijiy konsultant va ekspertlarni jalb etish jarayonining shaffofligi va samaradorligi oshishi kerak. Shavkat Mirziyoyevning 29-maydagi “Tarkibiy islohotlarni amalga oshirishda ekspertlik ko‘magi samaradorligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroridan ko‘zlangan maqsad shundan iborat.

Hujjat loyihasini ishlab chiqqan prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligining Natijalarga erishish boshqarmasi (Delivery Unit) “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, ayni paytda vazirlik va idoralar turli sohalar — transport, oziq-ovqat, davlat korxonalarini transformatsiya qilish, makroiqtisodiyot, ta’lim, madaniyat, sport, innovatsiyalar va boshqa sohalar bo‘yicha 50 dan ortiq xorijiy konsultantlarni jalb qilgan. Ularning joriy faoliyatini ta’minlash uchun 50 milliard so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan.

Strategik islohotlar agentligi tomonidan olib borilgan tadqiqotlar “tizimli yechimlarni talab qiluvchi bir qator muammolarni” aniqladi, deyiladi boshqarma xabarida.

Ma’lum bo‘lishicha, xorijiy konsultantlar uchun aniq samaradorlik mezonlari (individual maqsadli ko‘rsatkichlar, IMK, KPI) mavjud emas. Vazirlik va idoralar tomonidan xorijiy konsultantlar bilan tuziladigan shartnomalarning aksariyatida ularning faoliyatini baholashning aniq mezonlari mavjud emas.

Bundan tashqari, vazirlik va idoralar tomonidan xorijiy konsultantlar taqdim etgan hisobot va tavsiyalarni tahlil qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmagan. “Bir qator xorijiy konsultantlar taklif qilinganiga qaramay, ularning tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflarni yig‘ish, tahlil qilish va ishlab chiqish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmayapti”, — deyiladi xabarda.

Xorijiy konsultantlar faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi ham mavjud emas: “Amalga oshirilgan ishlar va tavsiyalar to‘g‘risidagi hisobotlar, OAVda e’lon qilingan maqolalar konsultantlar faoliyatining shaffofligini ta’minlashi, shuningdek, jamoatchilikni ularning faoliyatini monitoring qilishga jalb qilishi mumkin”.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, taklif etilgan xorijiy konsultantlar, ular taqdim etgan xulosa va hisobotlar haqidagi ma’lumotlarni o‘z saytida joylashtiradigan vazirlik yoki idora deyarli yo‘q.

Qabul qilingan qaror xorijiy konsultantlar bilan tizimli ishlashni yo‘lga qo‘yish va natijada tarkibiy islohotlar sur’atini jadallashtirishga qaratilgan. Strategik islohotlar agentligi davlat organlari va tashkilotlari tomonidan xorijiy konsultantlar va ekspertlarni jalb etish jarayonini muvofiqlashtiruvchi organ etib belgilandi.

Joriy etilgan tartibga ko‘ra, xorijiy konsultantlar davlat organi, Strategik islohotlar agentligi va konsultantlar o‘rtasida tuzilgan uch tomonlama shartnoma asosida jalb etiladi. Shartnoma uzaytirish imkoniyati bilan bir yilgacha muddatga tuziladi.

Shartnoma xorijiy konsultantlar tomonidan bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalarni aks ettirishi va erishish kerak bo‘ladigan KPI`ni ko‘rsatishi kerak.

Buyurtmachi davlat organi xorijiy konsultantlar tomonidan bajarilgan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlar to‘g‘risida dalolatnoma tuzadi.

Xorijiy konsultantlar tomonidan bajariladigan ishlar OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda va davlat organining rasmiy saytida yoritilishi shart.

Shuningdek, tegishli takliflar tayyorlash uchun har oyda maslahatchilar ishtirokida uchrashuvlar tashkil etilishi kerak.

Strategik islohotlar agentligining saytida amalga oshirilgan ishlar (hisobotlar, taklif va tavsiyalar) to‘g‘risidagi ma’lumotlari bilan xorijiy konsultantlarning yagona elektron reyestri yuritiladi.

“Qaror, birinchi navbatda, budjet va budjetdan tashqari jamg‘armalar hisobidan jalb etiladigan konsultantlarga taalluqli, biroq bu grant mablag‘lari va xalqaro moliya institutlari hisobidan jalb qilingan xorijiy konsultantlarning samaradorligi va natijadorligi bo‘yicha hukumat kutayotgan ko‘rsatkich bo‘lib xizmat qilishi mumkin”, — deya qayd etdi boshqarma.