Xorazm viloyatining beshta tuman va shahrida “shikoyatchilar” ro‘yxatlari tuzilib, ularga 44 nafar fuqaro kiritildi. Bu haqda hudud aholisiga tayanib Kun.uz xabar berdi.

Bu ro‘yxatni qaysi tashkilot tuzgani va qayerga taqdim etgani hozircha noma’lum. Fuqarolar ushbu ro‘yxatni viloyatda sektor rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabulda ko‘rib qolgan.

Ro‘yxatda “norozi kayfiyatni kuchaytirishga harakat qiladiganlar, ariza tashkillashtirishni odat qilib olgan 44 nafar fuqaro” haqida ma’lumotlar bor. Jumladan, ro‘yxatga Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi to‘rt nafar fuqaro kiritilgan.

Masalan, fuqaro M.N. “o‘zi bilan bog‘liq bo‘lmasa-da, o‘z manfaati yo‘lida yashash hududidagi ijtimoiy-iqtisodiy va maishiy muammolarni internet orqali ko‘tarib chiqadi”. Yana bir fuqaro X.N. esa shunchaki “minnatdorchilik bildirgani” uchun ro‘yxatga kiritilgan.

Jadvalning yonma-yon joylashgan ustunlarida profilaktika inspektorlari, tergovchi va imom-xatiblarning nomlari ko‘rsatilgan.

Kun.uz bunday ro‘yxat “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida"gi qonunga zid ekaniga e’tibor qaratdi. Qonunning 20-moddasiga ko‘ra, jismoniy shaxsni, uning vakilini, ularning oila a’zolarini, yuridik shaxsni, uning vakilini va yuridik shaxs vakilining oila a’zolarini ular o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish yoki himoya qilish maqsadida davlat organlariga, tashkilotlarga va ularning mansabdor shaxslariga murojaat etgani, shuningdek, murojaatlarda o‘z fikrini bildirgani va tanqid qilgani munosabati bilan ta’qib qilish man etiladi.

Bu kabi harakatlar sodir etganlar Jinoyat kodeksining 144-moddasi 2-qismiga asosan BMHning 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.