Shavkat Mirziyoyev 29-may kuni “Asakabank” va “Biznesni rivojlantirish banki”ning investitsiya faoliyati hamda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga oid taqdimot bilan tanishdi.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, “Asakabank” bu yil loyihalarga 2,1 milliard dollar jalb qilib, ularni to‘liq o‘zlashtirishni maqsad qilgan. Bundan tashqari, farmatsevtika va avtomobil sanoatida jami 3 milliard dollarlik loyihalar shakllantirilgan.

Shuningdek, bank ishtirokida 285 ming aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali ularning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish mo‘ljallangan, deyiladi xabarda.

“Biznesni rivojlantirish banki”ning taqdimotiga ko‘ra, 2024-yilda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari va investitsiya loyihalariga jami 1,5 milliard dollar jalb qilinadi. Shundan 225 million dollari xalqaro moliya institutlaridan olib kelinadi. Ushbu mablag‘larni o‘zlashtirish orqali yil yakunigacha jami 47 mingdan ortiq mikroloyihalar amalga oshiriladi.

Ta’kidlanishicha, aholining biznes g‘oyalarini moliyalashtirish orqali 380 mingta o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va YATTlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bankning o‘qitish dasturlari bilan 70 mingdan ortiq aholini qamrab olish belgilangan.

Hamkor mamlakatlar va xalqaro tuzilmalar bilan “Asakabank” ishtirokida 772 million dollarlik 87 ta, BRB tomonidan 485 million dollarlik 45 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi.

Prezident banklar barcha mijozlari bilan manzilli ishlab, loyihaning har bir bosqichida ko‘maklashishi zarurligini, buning natijasida yangi ish o‘rinlari yaratilishi va mahallalarda kambag‘allikning qisqarishida o‘z ifodasini topishi kerakligini ta’kidladi.

Banklar o‘z ishini yangicha tashkil qilib, faqat kredit ajratadigan markaz emas, balki o‘zi istiqbolli loyihalarni amalga oshiradigan va ularni tayyor biznes sifatida tadbirkorlarga taqdim etadigan zamonaviy investitsiya-tijorat tuzilmasiga aylanishi kerak, dedi davlat rahbari.

Taqdimotda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash jarayonlarini raqamlashtirish va ularning shaffofligini oshirish, zamonaviy dasturiy yechimlar va innovatsiyalarni joriy qilish bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi.