KXDR Janubiy Koreyaga chegara orqali chiqindi solingan 200 dan ortiq havo sharlarini uchirdi, deb xabar bermoqda Yonhap agentligi Koreya Respublikasi Qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasiga tayanib.

Hodisa Shimoliy Koreya 26-may kuni Pxenyanga qarshi qaratilgan tashviqot varaqalar tarqatilishiga javoban Janubiy Koreya bilan chegaradosh hududlarga “qog‘oz va axlat uyumlarini” sochib yuborishi bilan tahdid qilganidan so‘ng sodir bo‘ldi.

Harbiylarga ko‘ra, havo sharlari 28-may kuni kechqurun ikki davlat chegarasidan o‘ta boshlagan va mamlakatning turli joylariga tushgan. Sharlar ichida turli xil axlatlar — plastik butilkalar, batareyalar, poyabzal qismlari va hatto go‘ng ham bo‘lgan. Harbiylar ushbu narsalarni batafsil tahlil qilish uchun yig‘ib olishdi, deya ta’ikdladi agentlik.

жанубий корея, shimoliy корея

Foto: jcs.mil.kr.

“Shimoliy Koreyaning bu harakatlari xalqaro huquqni ochiqdan-ochiq buzadi va odamlar xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi. Biz Shimoliy Koreyani o‘zining g‘ayriinsoniy va qo‘pol harakatlarini zudlik bilan to‘xtatishi bo‘yicha keskin ogohlantiramiz”, — deya bayonot berdi Janubiy Koreyadagi birlashgan qo‘mita.

Qo‘mita Janubiy Koreya aholisiga osmondan tushgan buyumlarga tegmaslikni va bu haqda huquq-tartibot idoralariga xabar berishni tavsiya qildi. Agentlikning eslatishicha, 2016-yilda ham Shimoliy Koreya bunday sharlarni uchirgan, oqibatda mashina va uy tomlari zarar ko‘rgan.

Ko‘p yillar davomida Janubiy Koreyada yashovchi shimoliy koreyalik qochqinlar va faollar havo sharlari yordamida KXDRga bunday varaqalarni yetkazib turgan. Shimoliy Koreya bir necha bor varaqalar tarqatishni to‘xtatishga chaqirgan, deya aniqlik kiritadi Yonhap.