1-iyun — Bolalar kuni munosabati bilan Toshkentdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi plyajga 10 mingta plastik o‘rdak o‘yinchog‘i tushiriladi, deb xabar berdi bog‘ ma’muriyati.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ushbu yangilikka munosabat bildirib, “bunday xatti-harakatlarni keskin qoralashini” va bu kabi holatlar “javobgarlikka sabab bo‘lishini” ma’lum qildi.

“Plastik buyumlar uzoq muddat chirimaydi va chiqindi sifatida tabiatga katta zarar yetkazadi”, — deya ta’kidladi vazirlik.

Xabarda qayd etilishicha, bu “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida” va “Chiqindilar to‘g‘risida“gi qonunlarni qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi. Shu sababli vazirlik bog‘ mutasaddilari bilan tushuntirish ishlari olib borgan va ogohlantirgan.

Vazirlik istirohat bog‘lari, dam olish maskanlari mutasaddilarini ekologiyaga zarar keltiradigan xatti-harakatlarni amalga oshirmaslikka chaqirdi.

O‘z navbatida, “Yangi O‘zbekiston” bog‘i matbuot xizmati e’lon joylashtirilgan Instagram`dagi post izohida ushbu o‘yinchoq o‘rdakchalar cho‘miladigan suv havzasiga tashlanishi va yana yig‘ib olinishini ma’lum qildi.

“O‘rdakchalar chiqindiga tashlanmaydi, yig‘ib olinib, maxsus yopiq binoga joylashtiriladi”, — deya ta’kidlagan bog‘ aksiya nazorat ostida o‘tkazilishini, asosiy maqsad bolalarga yaxshi kayfiyat ulashish ekanini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentdagi “Ashxobod” sayilgohi ma’muriyati ham 10-aprel kuni bog‘dagi charxpalakdan 20 mingta shar yog‘dirilishini ma’lum qilgandi. Ekologiya boshqarmasi o‘rganishlaridan so‘ng sharlar charxpalakdan emas, yerdan 5 metr balandlikdagi temir balkalardan tushiriladigan bo‘ldi.