29-may kuni Toshkent metropoliteni vagon parkiga to‘rt vagonli 3 ta metro poyezdi olib kelindi, deya xabar bermoqda metropoliten matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, vagonlar Rossiyaning “Metrovagonmash” zavodida ishlab chiqarilgan. Mazkur harakat tarkiblari belgilan yo‘riqnomaga asosan, 7−10 kun davomida texnik sinovdan o‘tkaziladi va yo‘lovchilarga xizmat qilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Yo‘nalishlardagi vaqt intervallarini yanada qisqartirish maqsadida, yangi harakat tarkiblari asosan, “Yer usti halqa yo‘li” yo‘nalishida harakatga chiqariladi, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, bungacha fevral oyida 3 ta, aprel oyida 2 ta to‘rt vagonli metro poyezdlari olib kelingan.

2019−2021-yillarda poytaxt metrosiga “Metrovagonmash”dan umumiy qiymati 91,3 mln yevro bo‘lgan 60 ta vagon olib kelingan. Bu 15 ta tarkibni shakllantirish va harakatlanish oraliqlarini qisqartirish imkonini bergan.