Surxondaryo viloyati Uzun tumanida ikki ming yillik tarixga ega shahar qoldiqlari topildi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, qidiruv O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan amalga oshirilgan. Tadqiqot ishlari davomida 4 ming yillik tarixga ega qabrlar va 2 ming yillik shahar qoldiqlari topilgan.

Xususan, turli xil sopol idishlar, qurol-aslahalar, taqinchoqlar, haykalchalar, shaharcha minoralari qoldiqlari hamda turli qadimiy qabrlar aniqlangan.

Olimlarning dastlabki xulosalariga ko‘ra, ushbu arxeologik topilmalar miloddan avvalgi II — milodiy III asrlarga oid Qang‘, Kushon va Yuechji (Massagetlar) davriga tegishli ekani aniqlangan, deyiladi xabarda.

Hozirda hududda O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.

сурхондарё, shahar qoldiqlari

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanidagi Xo‘ja Ravshan obidasi hududida Amir Temur davriga mansub qishloq xarobalari, xususan, 4 ta xona, koshin, sirlangan sopol, metalldan yasalgan xo‘jalik jihozlari topilgandi.