O‘zbekistonda 2023-yilda davlat tashkilotlari tomonidan 3402 dona qimmatbaho smartfon sotib olish uchun 289 ta holatda jami 6 mlrd 637,8 mln so‘mlik shartnomalar tuzilib, to‘lovlar amalga oshirilgan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasining tahliliy hisobotiga tayanib, Kun.uz xabar qildi.

Qo‘mitaning qayd etishicha, budjet tashkilotlarining bu xaridlari bosh vazirning 2023-yil 5-yanvardagi topshirig‘iga zid ravishda ro‘y bergan. Bu topshiriqqa ko‘ra, vazirlik va idoralarning cheklangan soni (tashkiliy tuzilmasi) tasdiqlanguniga qadar ularning asosiy vositalarni xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlari budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan amalga oshirilishi vaqtincha to‘xtatilishi kerak edi.

Shunga qaramay, yuqoridagi raqamlarga ko‘ra, 2023-yilda davlat tashkilotlari har bir xaridda o‘rtacha 12 ta smartfonga buyurtma bergan.

Qo‘mitaning o‘rganishlariga ko‘ra:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida 796 ta uyali aloqa vositasi uchun 62 holatda 1 mlrd 483,3 mln so‘m;
  • Jizzax viloyatida 658 ta uyali aloqa vositasi uchun 27 ta holatda 948,9 mln so‘m;
  • Farg‘ona viloyatida 519 ta uyali aloqa vositasi uchun 30 ta holatda 581,9 mln so‘m mablag‘ sarflangan.

“Misol uchun, Surxondaryo viloyati Sarosiyo tumani hokimligi tomonidan „Bahrulloi Rustam Chorvador“ xususiy korxonasi bilan 4 dona qimmatbaho smartfon (iPhone 13 Pro Max) sotib olish uchun zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 72 mln so‘mlik shartnoma tuzilib, to‘lovlar amalga oshirilgan. Shuningdek, Jizzax davlat pedagogika instituti tomonidan „Odilov Abdulhamid o‘g‘li“ xususiy korxonasi bilan iPhone 15 Pro Max sotib olish uchun elektron savdo platformasi orqali 19,1 mln so‘mlik shartnoma tuzilib, to‘lov qilingan”, — deyilgan g‘aznachilik xizmatining o‘rganish natijalarida.

2024-yilning o‘tgan davrida esa mahalliy budjetlar hisobidan 301 ta uyali aloqa vositasini sotib olish uchun 60 ta holatda jami 1 mlrd 362 mln so‘mlik shartnomalar tuzilib, to‘lovlar amalga oshirilgan.

Xususan, Farg‘ona viloyatida 146 ta turli uyali aloqa vositasi uchun 10 ta holatda 566,1 mln so‘m, Toshkent viloyatida 72 ta uyali aloqa vositasi uchun 7 ta holatda 193,1 mln so‘m va Andijon viloyatida 14 ta uyali aloqa vositasi uchun 2 ta holatda 255 mln so‘m pul sarflangan. Misol tariqasida Andijon viloyati Oltinko‘l tumani hokimligi tomonidan “Omad-imkon 21” MCHJ bilan 1 dona iPhone 15 Pro sotib olish uchun 18,5 mln so‘mlik shartnoma imzolangani keltirib o‘tilgan.

G‘aznachilik qo‘mitasi taftish natijalarini bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga taqdim etgan. Vaziyatni Moliyaviy nazorat inspeksiyasi o‘rganishi kerakligi bo‘yicha taklif bildirilgan.

Avvalroq “Gazeta.uz” O‘zbekistondagi bir qator davlat idoralari so‘nggi oylarda iPhone va Samsung kompaniyalari smartfonlarini xarid qilayotgani haqida xabar bergandi.

Xususan, Samarqand viloyati prokuraturasi 2023-yil 28-dekabr kuni xotirasi 1 TB bo‘lgan va har biri deyarli 20 mln so‘m turadigan 21 dona iPhone 14 Pro Max telefonlarini jami 419,98 mln so‘mga sotib olgan. Shuningdek, yana bir iPhone 14 Pro Max 1 TB 25,3 mln so‘mga xarid qilingan. Majburiy ijro byurosi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat prokuraturasining jinoyat natijasida yetkazilgan zararni qoplash bilan bog‘liq 10,5 mlrd so‘m qarzi bor.