O‘tgan hafta Papua-Yangi Gvineya shimolida sodir bo‘lgan ko‘chki oqibatida 2000 dan ortiq odam tiriklayin ko‘milib qolgani taxmin qilinmoqda. Bu haqda Tabiiy ofatlarni boshqarish milliy markazi o‘zining BMTga yo‘llagan maktubida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda AP. Mamlakat hukumati rasman xalqaro yordam so‘radi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich BMTning 670 kishi o‘lganini taxmin qilganidan uch baravar ko‘p. Hozirgacha faqat olti kishining jasadi topilgan.

BMT bergan baho Yambali qishlog‘i va Enga provinsiyasi ma’muriyatining hisob-kitoblariga asoslanadi, unga ko‘ra, ko‘chkidan 150 dan ortiq uy zarar ko‘rgan. Papua-Yangi Gvineya bosh vazirining idorasi hukumatning qurbonlar soni nimaga asoslangani haqida tushuntirish so‘ragan jurnalistlarga javob bermadi.

Tabiiy ofat ko‘lamini aniqlash yerdagi og‘ir sharoit, jumladan, qishloqning uzoqligi, telekommunikatsiyalar yetishmovchiligi va butun hudud bo‘ylab qabilalararo urushlar tufayli qiyin kechmoqda, dedi agentlik. Shu sababli gumanitar yordam karvonlari harbiy kuzatuvni talab qiladi.

“Vaziyat nostabilligicha bo‘lib qolmoqda, chunki ko‘chki asta-sekin pasayib, qutqaruv guruhlari va omon qolganlar uchun doimiy xavf tug‘dirmoqda”, — deyiladi milliy markaz maktubida. Birinchi ekskavator fojia joyiga yakshanba kuniga kelibgina yetkazilgan.

Enga provinsiyasida 24-may, jumaga o‘tar kechasi ko‘chki sodir bo‘lgandi. Kamida 150 ta uy vayronalar ostida qolgan. 1250 ga yaqin odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi. Mahalliy rasmiylarning ta’kidlashicha, mintaqada aholi zich joylashgan va ularning ko‘pi yoshlar hisoblanadi. Hukumat halok bo‘lganlarning ko‘pchiligi 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar ekanidan xavotirda.

AQSh va Avstraliya Papua-Yangi Gvineyadagi qutqarish va tiklash ishlarida yordam berishlarini bildirdi.