Toshkentda 27-may kuni O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin raisligida ikki mamlakat Hududlari kengashining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati. Unda Rossiyaning 30 ga yaqin hududi rahbarlari, 300 ga yaqin yetakchi sanoat korxonalari va biznes vakillari ishtirok etdi.

Kengash olti yil avval ikki davlat rahbarlari tomonidan yo‘lga qo‘yilgan Hududlararo hamkorlik bo‘yicha qo‘shma forum negizida tashkil etilgan. Endi uning maqomi prezidentlar raislik qiladigan Hududlar kengashiga oshirildi.

O‘zbekiston prezidenti forumni ochar ekan, hududlar o‘rtasidagi hamkorlik “yuqori samaradorlik” ko‘rsatayotgani va “O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi uzoq muddatli sheriklikni kengaytirishga xizmat qilayotganini” alohida ta’kidladi.

o‘zbekiston va rf hududlari kengashi, rossiya, shavkat mirziyoyev, vladimir putin

U yil boshidan buyon barcha darajadagi, jumladan, ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalar faollashganini qayd etdi. O‘tgan haftaning o‘zida O‘zbekiston viloyatlari delegatsiyalari Rossiyadagi hamkor hududlarga tashrif buyurdi.

Ayni paytda hududlar miqyosida umumiy qiymati 4 milliard dollarlik 200 dan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda. Kengash yig‘ilishi doirasida umumiy qiymati 5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan yangi shartnomalar to‘plami tayyorlandi, dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev shu kuni Vladimir Putin bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida yangi maqsadlar — yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 30 milliard dollarga yetkazish va kelasi yilda 10 milliard dollargacha investitsiya o‘zlashtirish bo‘yicha vazifalar qo‘yilganini eslatdi.

O‘zbekiston prezidenti mintaqalararo hamkorlikning bir qancha ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

1. Avvalo, o‘zaro savdoni ko‘paytirish. So‘nggi 7 yil ichida O‘zbekistonning Rossiya bilan tovar ayirboshlash hajmi 2,5 barobarga o‘sdi. O‘zaro yetkazib berish tarkibi, eng avvalo, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar hisobiga sifat jihatidan yaxshilandi, dedi O‘zbekiston prezidenti.

Asosiy hamkorlar qatorida Moskva va Sankt-Peterburg shaharlari, Tatariston, Moskva, Leningrad, Novosibirsk, Astraxan, Ivanovo, Chelyabinsk viloyatlari, Krasnoyarsk, Perm o‘lkalari, Boshqirdiston va boshqalar bor.

Savdo va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun Rossiyada O‘zbekistonning to‘laqonli savdo vakolatxonasi ochiladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

2. Ikkinchi yo‘nalish — sanoat kooperatsiyasi ko‘lamini kengaytirish.

O‘zbekistonda 3000 dan ortiq Rossiya kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Energetika, kimyo va neft-kimyo, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, logistika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati va boshqa sohalarda loyihalar amalga oshirilmoqda. Tataristonlik hamkorlar bilan birga ishga tushirilgan Toshkent viloyatidagi “Ximgrad” sanoat zonasi kengaymoqda, Jizzax viloyatida uning filiali qurilmoqda.

“Qo‘shma loyihalarning umumiy portfeli 45 milliard dollardan oshgan. Bugungi sammit doirasida kooperatsiyaning yangi loyihalari bo‘yicha 20 milliard dollarlik kelishuvlarga erishildi, shundan chorak qismi hududlar hissasiga to‘g‘ri keladi”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.

U Rossiya hududlaridagi yetakchi korxonalar bilan hamkorlik loyihalarini ilgari surish uchun yangi qo‘shma sanoat zonalarini yaratish rejalarini qo‘llab-quvvatladi.

o‘zbekiston va rf hududlari kengashi, rossiya, shavkat mirziyoyev, vladimir putin

3. Prezident uchinchi ustuvor yo‘nalish sifatida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni qayd etdi.

U meva-sabzavot mahsulotlarini Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishni tashkil etish uchun O‘zbekiston hududlarida agrologistika markazlari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish muhimligini ta’kidladi.

O‘zbekistonning yirik qishloq xo‘jaligi korxonalari va qishloq xo‘jaligi klasterlari Rossiyada ulgurji tarqatish markazlarini hamkorlikda rivojlantirish va kelgusida O‘zbekistonga yetkazib beriladigan ekinlar yetishtirishdan ham manfaatdor, deya qo‘shimcha qildi Shavkat Mirziyoyev.

4. Prezident hududiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirish vositalarini ishlab chiqish muhimligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin orada boshlang‘ich kapitali 500 million dollar bo‘lgan qo‘shma investitsiya platformasi ish boshlaydi.

o‘zbekiston va rf hududlari kengashi, rossiya, shavkat mirziyoyev, vladimir putin

5. Madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirishga bundan keyin ham alohida e’tibor qaratiladi. O‘zbekistonda Rossiya yetakchi universitetlarining 14 filiali tashkil etilgan, Toshkentdagi Moskva va Sankt-Peterburg davlat universitetlari, Olmaliqdagi MISIS Fan va texnologiyalar universiteti, Jizzaxdagi Qozon federal universiteti va boshqalar shular jumlasidan.

Tashrif davomida mamlakatda Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filiallarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Madaniy hamkorlik bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilindi.

6. O‘zbekiston prezidenti turizm almashinuvini kengaytirish muhimligini ta’kidladi. So‘nggi bir necha yilda rossiyalik turistlar soni 5 barobarga oshdi. O‘zbekiston va Rossiyaning barcha yirik shaharlari muntazam aviaqatnovlar bilan bog‘langan.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Rossiyaning tarixiy shaharlariga turistik yo‘nalishlar va sayohatlarni rivojlantirish bo‘yicha yangi qo‘shma dasturlar qabul qilishni taklif etdi.

“So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida keng ko‘lamli sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikda katta ishlar amalga oshirildi. Shu bilan birga, e’tirof etish kerakki, hududlar o‘rtasidagi hamkorlik salohiyati va imkoniyatlarining yarmidan ham foydalanilmayapti”, — dedi prezident.

o‘zbekiston va rf hududlari kengashi, rossiya, shavkat mirziyoyev, vladimir putin

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, bugungi kunda RFning 89 ta subyektidan 78 tasi O‘zbekiston hududlari bilan hamkorlik qilmoqda.

“Mana shunday to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar, viloyatlar va hokimiyatlar, hududiy boshqaruv guruhlari, ishbilarmon doiralarning faol va tashabbuskor birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik o‘ziga xos mazmun bilan to‘ldirilib, ishtirokchilar soni tobora kengayib bormoqda”, — dedi u.

Uning aniqlik kiritishicha, Rossiya O‘zbekiston hududlaridagi istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish uchun avval e’lon qilingan qo‘shma investitsiya fondiga 500 million dollardan 400 million dollar ajratmoqchi.

“Mablag‘lar ajratilib, tayyorlandi. Endi faqat texnik tafsilotlar qolmoqda. Bu yaqin kunlarda yakunlanadi. Bular respublika iqtisodiyoti real sektorining turli sohalariga yo‘naltiriladigan mablag‘lardir”, — dedi u.

Hududlar kengashi majlisi yakunida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha hududlararo hamkorlik hujjatlari va bitimlar to‘plami imzolandi, deb xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.