Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha tomonlarning front chizig‘idagi hozirgi pozitsiyalarini tan oladigan muzokaralar o‘tkazish yo‘li bilan Ukrainadagi urushni to‘xtatishga tayyor, deb yozmoqda Reuters to‘rtta rossiyalik manbaga tayanib.

Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, agar Kiyev va G‘arb bu shartlarni qabul qilmasa, Putin urushni davom ettirishga tayyor.

Putin atrofidagi munozaralardan xabardor bo‘lgan uchta manbaning aytishicha, Rossiya prezidenti o‘z maslahatchilarining kichik guruhiga G‘arb bunday muzokaralarni izdan chiqarishga urinayotgani va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ularni rad etayotganidan “hafsalasi pir bo‘lganini” aytgan.

“Putin qancha kerak bo‘lsa, shuncha jang qilishi mumkin, lekin Putin urushni „muzlatish“ uchun o‘t ochishni to‘xtatishga ham tayyor”, — dedi Putin bilan ishlagan va Kremldagi yuqori darajadagi suhbatlar mazmunini biladigan yuqori martabali rossiyalik manba.

Manbalarga ko‘ra, Putin “urushni ortda qoldirish” uchun frontdagi rus qo‘shinlarining hozirgi dinamikasidan foydalanishni afzal ko‘radi. Uning fikricha, urushda erishilgan muvaffaqiyatlar rus xalqiga g‘alabani “sotish” uchun yetarli bo‘ladi, dedi Reuters`ning ikki suhbatdoshi.

Putin frontdagi har qanday yangi oldinga siljish navbatdagi mobilizatsiya to‘lqinini talab qilishini tushunadi, u buni amalga oshirishni istamaydi, dedi uchta manba. Agentlik suhbatdoshlaridan biri Putinning aholi orasida mashhurligi darajasi 2022-yil sentabridagi birinchi mobilizatsiya to‘lqinidan so‘ng tushib ketganini ta’kidlamoqda.

Manbalardan biri agar Rossiya Zelenskiyni chetlab o‘tib, Vashington bilan kelishuvga erishmasa, Ukraina prezidenti hokimiyatda ekan, kelishuvga erishib bo‘lmaydi, deb taxmin qilgan. Biroq o‘tgan hafta Kiyevda nutq so‘zlagan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken jurnalistlarga Putin jiddiy muzokaralardan manfaatdor ekaniga ishonmasligini aytdi, deb yozmoqda Reuters.

Agentlikning barcha suhbatdoshlari Putinning kelishuvga “har qanday harbiy muvaffaqiyatlar"ni kiritish haqidagi “qat'iy talabi” muhokama qilinmasligiga ishonmoqda. “Putin biz g‘alaba qozonganimizni, NATO bizga hujum qilganini, ammo biz suverenitetimizni saqlab qolganimizni, Qrimga tomon quruqlikdagi yo‘lagimiz borligini aytadi”, — dedi ulardan biri.

Reuters agentligining ta’kidlashicha, mojaroning hozirgi front chizig‘i bo‘ylab to‘xtatilishi Rossiyani 2022-yil sentabrida rasman Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kiritilgan, biroq to‘liq nazorat o‘rnatilmagan to‘rtta Ukraina viloyatining muhim qismlari egasiga aylantiradi.

Putinning urushni tugatish zarurligi haqidagi fikrini mustahkamlovchi yana bir omil — u urush qancha uzoq davom etsa, shuncha ko‘p urushda toblangan veteranlar Rossiyaga qaytib kelishidan, ish va daromad imkoniyatlaridan norozi bo‘lib, jamiyatda keskinlik keltirib chiqarishi mumkinligidan xavotirda, deydi manbaлардан biri.

Shveysariyadagi sammit

Ukraina iyun oyida Shveysariyada bo‘lib o‘tadigan tinchlik sammitiga tayyorgarlik ko‘rmoqda, maqsad urushni qanday tugatish bo‘yicha xalqaro fikrni birlashtirish. Sammit Zelenskiy tashabbusi bilan tashkil etilgan. Rossiya tomoni unda ishtirok etmayapti.

Kiyev avvalroq Rossiyaning muzokaralar olib borishga tayyorligini urush uchun aybni Ukraina zimmasiga yuklashga urinish sifatida rad etgan edi. Ukraina rasmiylarining aytishicha, 2022-yilda Ukrainaga bostirib kirish rejalarini qayta-qayta rad etgan Putin har qanday kelishuv shartlarini bajarishiga ishonib bo‘lmaydi.

Rossiya ham, Ukraina ham boshqa tomon qayta qurollanish uchun har qanday sulhdan foydalanishi mumkinligidan qo‘rqadi, deya qayd etdi Reuters.