24-may kuni soat 08:00 atrofida Toshkent viloyati Toshkent tumanida 4 ta avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi.

Qayd etilishicha, Keles-Toshkent yo‘nalishida 31 yoshli Toyota Land Cruiser Prado haydovchisi R.R. boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan. Shu paytda qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan Cobalt, Damas va Spark transport vositalari bilan to‘qnashgan.

Oqibatda Toyota Prado ag‘darilib tushgan, haydovchi voqea joyida halok bo‘lgan. Tuman hokimligining qo‘shimcha qilishicha, Cobalt haydovchisi ham voqea joyida vafot etgan.

Qolgan haydovchilar tuman markaziy shifoxonasiga olib borilib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.