Yandex Go Surxondaryo viloyati Termiz shahrida ish boshladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga xabar berdi.

Safar narxi 4000 so‘mdan boshlanadi. Masalan, “Do‘stlik” istirohat bog‘idan Iceberg ko‘ngilochar markaziga borish taxminan 5000 so‘mga tushadi.

Foydalanuvchilar ilova orqali boradigan manzilni kiritishlari va tegishli tarifni tanlab, taksi buyurtma qilishlari mumkin. Ilovada avtomobilning yetib kelish vaqti, haydovchi va avtomobil rusumi haqidagi barcha ma’lumotlar ko‘rsatiladi. To‘lovni naqd pulda yoki ilovaga ulangan bank kartasi yordamida to‘lash mumkin.

Kompaniya o‘ziga xos texnologiyalardan, jumladan, xaritalar, navigatsiya va aqlli buyurtma tarqatish kabi tizimlardan foydalanadi.

“Yandex Go Termizda ishga tushirilishi mintaqa rivojlanishiga muhim hissa qo‘shadi, chunki bu yerda avval bu kabi onlayn xizmatlar mavjud emas edi. Zamonaviy texnologiyalar odamlarning hayotini qulaylashtiradi va shaharni biznes hamda turizm uchun jozibador qiladi. Bu, shuningdek, iqtisodiyotning o‘sishini qo‘llab-quvvatlaydi, investitsiyalarni jalb qiladi va yangi ish o‘rinlarini yaratadi”, — deydi Yandex Taxi`ning MDHdagi rivojlanish bo‘yicha direktori Kirill Svinsov.

Xizmat yil oxiriga qadar mamlakatning turli viloyatlaridagi shaharlarda yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Yandex Go O‘zbekistonda 2018-yilning aprel oyida ishga tushirilgan. Ushbu xizmat Termizdan tashqari Toshkent shahrida, Namangan, Andijon, Farg‘ona, Marg‘ilon, Qo‘qon, Samarqand, Buxoro, Nukus va Qarshida ham faoliyat yuritmoqda.