Xitoy Xalq ozodlik armiyasi (XXOA) Tayvan yaqinida flot, harbiy-havo va raketa kuchlarining qo‘shma mashg‘ulotlarini boshladi, deb xabar bermoqda “Sinxua” axborot agentligi.

Mashg‘ulotlar rasman 23-may kuni mahalliy vaqt bilan soat 7:45 da boshlangan va 24-maygacha davom etishi rejalashtirilgan. Ular Tayvan bo‘g‘ozida: Tayvanning shimoli, janubi va sharqida, shuningdek, Szinmen, Matszu, Usyu va Dun’in orollari yaqinida bo‘lib o‘tadi.

XXOA ma’lumotlariga ko‘ra, mashg‘ulotlar dengiz va havo patrullari, jangovar harakatlar paytida vaziyatni nazorat qilish va “haqiqiy jangovar qobiliyatlarni” sinab ko‘rish uchun aniq nishonga olishga qaratilgan.

XXOA vakilining ta’kidlashicha, ikki kunlik mashg‘ulotlar “Tayvan mustaqillik kuchlarining separatistik harakatlari uchun qattiq jazo hamda tashqi kuchlar aralashuvi va provokatsiyalaridan qattiq ogohlantirish” vazifasini o‘taydi.

Tayvan Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mashg‘ulotlarda Xitoy harbiy-dengiz kuchlarining 15 ta kemasi, 16 ta qirg‘oqni qo‘riqlash kemasi va 33 ta samolyot ishtirok etmoqda. Agentlik mashg‘ulotlarni qoralab, orol atrofidagi hududlarga kuchlarini yuborganini ma’lum qildi. “Harbiy mashg‘ulotlarning boshlanishi… nafaqat Tayvan bo‘g‘ozida tinchlik va barqarorlikka hissa qo‘shmaydi, balki (Xitoyning) militaristik mentalitetini ham ta’kidlaydi”, — dedi vazirlik.

BBC`ning ta’kidlashicha, mashg‘ulotlar Tayvanning yangi prezidenti Lay Sinde lavozimiga kirishganidan bir necha kun o‘tib boshlangan. 20-maydagi inauguratsiya marosimida Sinde Xitoyni orolga tahdid qilishni to‘xtatishga va unda demokratiya mavjudligini tan olishga chaqirdi. U, shuningdek, Xitoyning tahdidlari hech qachon Tayvanni qo‘rqitmasligini aytdi.

Xitoy bunga javoban “Tayvan mustaqilligi — boshi berk ko‘cha”, deb javob berdi.

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Si Szinpinning qo‘li ostida Xitoy Tayvanga diplomatik, iqtisodiy va harbiy bosimni oshirgan, orol esa AQSh bilan norasmiy aloqalarni mustahkamlagan.

Xitoy 2022-yil avgust oyida AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Taybeyga tashrifidan noroziligini namoyish qilish uchun Tayvan atrofida keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazgandi. Orolni o‘rab olish bo‘yicha shunga o‘xshash mashg‘ulotlar 2023-yilning aprelida ham o‘tkazilgan, deya aniqlik kiritdi CNN.