26−27-may kunlari Seulda Janubiy Koreya, Xitoy va Yaponiyaning to‘rt yildan ortiqroq vaqtdan beri birinchi uch tomonlama sammiti o‘tkazadi, deb xabar bermoqda Yonhap agentligi.

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol 26-may kuni Xitoy bosh vaziri Li Syan va Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida bilan alohida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi, so‘ngra 27-may kuni sammit bo‘lib o‘tadi.

Bu Osiyo davlatlarining 2019-yil dekabridan beri COVID-19 pandemiyasi keltirib chiqargan tanaffus va tarixiy kelishmovchiliklar tufayli Seul hamda Tokio o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashganidan keyingi birinchi uch tomonlama sammitdir, deb yozmoqda agentlik.

Janubiy Koreya rahbari ma’muriyatining ma’lum qilishicha, sammitda tomonlar savdo-iqtisodiyot, barqaror rivojlanish, sog‘liqni saqlash, fan-texnika, gumanitar almashinuv, shuningdek, tabiiy ofatlar oqibatlariga qarshi kurashish masalalarini muhokama qiladi.

“Sammit Janubiy Koreya, Yaponiya va Xitoy o‘rtasidagi uch tomonlama hamkorlik tizimini to‘liq tiklash va normallashtirish uchun burilish nuqtasi bo‘lib xizmat qiladi”, — dedi Koreya prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi birinchi o‘rinbosari Kim Txe Xyo.

Yonhap agentligiga ko‘ra, Janubiy Koreya va Yaponiya Xitoydan Shimoliy Koreyadan kelayotgan yadro va raketa tahdidini cheklashda qatnashishni so‘rashi mumkin, Pekin esa Seul, Tokio va Vashington o‘rtasidagi uch tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishdan xavotir bildirishi mumkin.