O‘zbekistonda Davlat sport akademiyasi tashkil etiladi. Maqsad — ayni paytda poytaxt va Yangi Toshkent oralig‘ida qurilayotgan va 2025-yilda yoshlar o‘rtasidagi yozgi Osiyo o‘yinlari o‘tkaziladigan Olimpiya shaharchasidan samarali foydalanish.

Payshanba kuni Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan sport ta’limini rivojlantirish va xalqaro musobaqalarni o‘tkazish rejalariga doir taqdimotda shular haqida so‘z bordi.

Akademiyada Jismoniy tarbiya va sport ilmiy-tadqiqot instituti hamda Mutaxassislar malakasini oshirish instituti tashkil etiladi. Shuningdek, akademiya tuzilmasida Sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi, Axborot-kutubxona markazi va O‘zbekiston tarixi va xorijiy tillarni o‘qitish markazi ochiladi.

2025/2026 o‘quv yilidan boshlab akademiyada 3 ta bakalavriat va 6 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash boshlanadi.

Akademiya bitiruvchilariga 6 yilliy trenerlik malaka sertifikati beriladi. Olimpiya va paralimpiya kollejlaridan tanlangan bitiruvchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi kursga qabul qilinadi.

Prezident akademiyadagi kafedralar faoliyatini va o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida tashkil etish, yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Kurash mahorat maktablari

Taqdimotda har bir viloyat markazi va Nukusda milliy sport turi bo‘lgan kurash bo‘yicha mahorat maktablari ochilishi haqida ham so‘z bordi.

Maktab 5−11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan tanlov natijalariga ko‘ra 140 nafar o‘quvchini o‘qishga qabul qiladi.

E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, jahonda kurash bilan 30 million kishi, O‘zbekistonda esa 30 ming kishi professional shug‘ullanadi, havaskorlar — bundan ham ko‘p.

davlat sport akademiyasi

Futzal bo‘yicha jahon chempionati

Bu yil FIFA qarori bilan futzal bo‘yicha jahon chempionati O‘zbekistonda o‘tkaziladi. Musobaqa 14-sentabrdan 6-oktabrga qadar Toshkent, Andijon va Buxoro shaharlarida bo‘lib o‘tadi.

Turnirda butun dunyodan 24 ta jamoa ishtirok etadi. Ishtirokchi mamlakatlardan nufuzli mehmonlar va 30 mingdan ortiq muxlis kelishi kutilmoqda.

Chempionatni yuqori saviyada o‘tkazish uchun bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida tashkiliy qo‘mita tuzish belgilandi.