Qirg‘iziston-O‘zbekiston avtomobil yig‘ish zavodi 28-maydan sinov rejimida ishlashga tayyor bo‘ladi. Bu haqda mamlakat iqtisodiyot va savdo vaziri Daniyar Amangeldiyev 24.kg axborot agentligiga ma’lum qildi.

Korxona Chuy viloyatining Sokuluk tumanida joylashgan. Zavodda Chevrolet, Daewoo va Isuzu avtomobillarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

2023-yilning yanvar oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga tashrifi chog‘ida avtomobil va tijorat texnikasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim imzolangandi.

Mart oyida esa Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Akilbek Japarovning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi va Qirg‘izistonning “DT Technik” MCHJ hamda “NUR” AJ o‘rtasida avtomobil va tijorat avtomobillarini ishlab chiqarishni tashkil etish (SDK) bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolangan.

“Zavod qurilishi „har ikki davlat uchun ham strategik muhim loyihadir“”, — dedi Akilbek Japarov marosimda.

Dastlabki bosqichda zavodning ishlab chiqarish quvvati yiliga 10 ming dona avtomobilni tashkil etadi, shuningdek, mingdan ortiq doimiy ish o‘rni yaratiladi, deyiladi xabarda.