Jahon meteorologiya tashkilotining (JMT) yangi hisobotида aytilishicha, Osiyo 2023-yilda ob-havo, iqlim va gidrologik xavf-xatarlar bilan bog‘liq ofatlarga eng ko‘p moyil mintaqa bo‘lgan.

“Hisobot natijalari xavotirlanarli. Mintaqadagi ko‘plab mamlakatlarda 2023-yil tarixdagi eng issiq yil bo‘ldi va u qurg‘oqchilik va jazirama to‘lqinlardan tortib suv toshqinlari va bo‘ronlargacha bo‘lgan ekstremal hodisalar to‘lqini bilan birga keldi. Iqlim o‘zgarishi jamiyatlar, iqtisodlar va, eng muhimi, odamlar hayoti va biz yashayotgan muhitga chuqur ta’sir ko‘rsatuvchi bunday hodisalarning chastotasi va intensivligini oshirdi”, — deb yozgan JMT bosh kotibi Selesta Saulo hisobot so‘zboshisida.

Harorat

JMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda Osiyoda yillik o‘rtacha sirt harorati rekord darajadagi ikkinchi o‘rinni egallagan, bu 1991−2020-yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 0,91 darajaga va 1961−1990-yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 1,87 darajaga yuqori.

Ayniqsa, G‘arbiy Sibirdan O‘rta Osiyogacha va Sharqiy Xitoydan Yaponiyagacha o‘rtacha yuqori harorat qayd etilgan. Yaponiya va Qozog‘istonda yil rekord darajada issiq bo‘lgan.

Hisobotda qayd etilishicha, Osiyoda yaqqol isish tendensiyasi 20-asrning ikkinchi yarmida yuzaga kelgan. Mintaqa global o‘rtacha ko‘rsatkichdan tezroq isimoqda va uning darajasi 1961−1990-yillarga nisbatan deyarli ikki baravar oshgan.

Yog‘ingarchilik

Yog‘ingarchilik — ichimlik va maishiy ehtiyojlar, qishloq xo‘jaligi, sanoat va gidroenergetikani suv bilan ta’minlash uchun zarur bo‘lgan asosiy iqlim parametri. Yomg‘irning o‘zgarishi ham qurg‘oqchilik va toshqinlarga olib keladi, deb tushuntiradi JMT.

2023-yilda Turon pasttekisligining aksariyat qismida (Turkmaniston, O‘zbekiston, Qozog‘iston), Hindukushda (Afg‘oniston, Pokiston), Himolay, Gang daryosi mintaqasida va Osiyoning boshqa hududlarida yog‘ingarchilik normadan past bo‘lgan.

Shuningdek, Xitoyning janubi-g‘arbiy qismida o‘tgan yil davomida deyarli har oyda yog‘ingarchilik me’yoridan kam bo‘lgan, bu esa qurg‘oqchilikka olib kelgan.

Muzliklar

Muzlik massasi mintaqaviy harorat, yog‘ingarchilik va sirt radiatsiyasining o‘zgarishiga sezgir hisoblanadi. Muzliklarning erishi, o‘z navbatida, dengiz sathiga, mintaqaviy suv aylanishiga va muzlik ko‘llarining portlashi kabi mahalliy xavflarning paydo bo‘lishiga ta’sir qiladi, deydi JMT.

Yuqori tog‘li Osiyo — bu Tibet platosida joylashgan hudud bo‘lib, u qutb mintaqalaridan tashqarida eng katta muz hajmini o‘z ichiga oladi, muzliklar taxminan 100 ming kvadrat kilometr maydonni egallaydi. Hisobotda aytilishicha, so‘nggi bir necha o‘nyillikda bu muzliklarning aksariyati tez sur’atlar bilan chekinmoqda.

Yuqori tog‘li Osiyo hududida kuzatilgan 22 ta muzlikdan 20 tasi massasini yo‘qotishda davom etgan. Vaziyat Sharqiy Himolayda rekord darajadagi yuqori harorat va quruq sharoitlar tufayli yanada og‘irlashgan. 2022−2023-yillarda Sharqiy Tyan-Shandagi Urumchi №1 muzligida 1959-yilda kuzatuvlar boshlanganidan buyon ikkinchi yirik salbiy massa balansi qayd etilgan.

Ekstremal hodisalar

Xalqaro favqulodda vaziyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi (EM-DAT) ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda Osiyoda qayd etilgan gidrometeorologik xavflarning 80 foizidan ortig‘ini suv toshqinlari va bo‘ronlar tashkil etgan, deyiladi hisobotda.

O‘tgan yil davomida Tinch okeanining shimoli va Janubiy Xitoy dengizining g‘arbiy qismida 17 ta tropik siklon paydo bo‘lgan. Bu o‘rtacha ko‘rsatkichdan past, biroq Xitoy, Yaponiya, Filippin va Koreya Respublikasi kabi mamlakatlarda kuchli ta’sirlar va rekord darajadagi yog‘ingarchilik kuzatildi, ta’kidlanadi hisobotda.

2023-yilda qayd etilgan hodisalarda o‘limning asosiy sababi toshqinlar bo‘lgan. Iyun, iyul va avgust oylarida Hindiston, Pokiston va Nepalda suv toshqinlari va bo‘ronlar 600 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan. Janubiy Koreyada kuchli musson yomg‘irlari va bo‘ronli ob-havo tufayli yuzaga kelgan suv toshqinlari va ko‘chkilar oqibatida kamida 40 kishi halok bo‘lgan.

Noyabr oyida kuchli yomg‘ir Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Ummon va Qatarda suv toshqinlariga sabab bo‘lgan. Ummonda suv toshqini oqibatida 19 kishi halok bo‘lgan.

O‘tgan yili Osiyoning ko‘plab hududlarida ham ekstremal harorat kuzatilgan. Yaponiya tarixidagi eng issiq yozni boshdan kechirgan. Xitoyda yozda havo haroratining keskin ko‘tarilishining 14 ta holati qayd etilgan, milliy meteostansiyalarning qariyb 70 foizi haroratni 40 darajadan oshib ketganini qayd etgan, 16 ta stansiya esa harorat rekordini yangilagan.

Hindistonda aprel va iyun oylarida kuchli jazirama 110 ga yaqin odamning o‘limiga sabab bo‘lgan. Qozog‘istonda 14 kishi o‘rmon yong‘inlari qurboni bo‘lgan.