Samarqand viloyati Narpay tumanida mast holda mashina boshqargan 70 yoshli fuqaro maktab o‘quvchisini urib yubordi, deya xabar bermoqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, 2-sinfda o‘quvchi qiz maktabdan uyga qaytayotgan bo‘lgan. Mahalla ko‘chalarining birida uni Nexia 2 mashinasida boshqaruvni yo‘qotgan haydovchi urib yuborgan. Oqibatda qiz jarohat olib, qo‘li singan hamda operatsiya qilingan.

“Qo‘liga sim qo‘yilgan. Qizim hozir yaxshi, simlarini endi oldiramiz. Haydovchilarga murojaat qilardimki, ichib yoki tez haydab birovning guldek, begunoh bolasiga bunday azob berib ketishmasin”, — dedi qizning onasi.

йтҳ, mast haydovchi

Qizning qo‘shimcha qilishicha, o‘sha paytda uning yonida o‘rtoqlari ham bo‘lgan. Surishtiruvda 70 yoshli erkak bir yil avval ham spirtli ichimlik ichib mashina boshqargani uchun haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilgani aniqlangan.

“O‘shanda shifoxonaga olib bordim, hammasiga yordam qildim. Men endi ikkinchi marta ichmayman, mashina ham haydamayman. Men qatori yoki kattalarga ham hech qanday spirtli ichimlik ichib rulda o‘tirishlarini tavsiya qilmayman. Hammadan — mahallalardan, boladan ham kechirim so‘rayman”, — dedi haydovchi.

йтҳ, mast haydovchi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.