Norvegiya Falastinni mustaqil davlat sifatida tan oldi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Yonas Gar Stere ma’lum qildi, deb yozdi mahalliy NRK nashri.

Irlandiya bosh vaziri Saymon Xarris va Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches ham Falastin davlatini tan olish bo‘yicha qarorni e’lon qildi. Norvegiya va Ispaniyaning qarori 28-maydan kuchga kiradi.

“O‘n minglab odamlar halok bo‘lgan va yaralangan urushning avj olgan vaqtida biz isroilliklar va falastinliklar uchun siyosiy yechim taklif qiladigan yagona muqobilni saqlab qolishimiz lozim: tinchlik va xavfsizlikda, yonma-yon yashovchi ikki davlat”, — dedi Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Stere.

Bu qarorlardan so‘ng Yevropa Ittifoqining Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olgan mamlakatlari soni 13 taga yetdi.

Agence France-Presse`ning yozishicha, Isroil Falastin mustaqilligini tan olish rejalari tufayli Norvegiya va Irlandiyadagi elchilarini chaqirib olishga qaror qilgan.

Ma’lumot uchun, G7 (Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya va AQSh) davlatlaridan hech biri Falastinni tan olmaydi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining 193 a’zosidan 140 dan ortig‘i tan oladi.