21-may kuni O‘zbekistonning umumiy qiymati qariyb 1,5 mlrd dollariga teng navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalari jahon moliya bozorlarida joylashtirildi, deya xabar berdi Iqtisodiyot va moliya vazirligi.

Mamlakat ilk bor 3 ta valyutada obligatsiyalar chiqargani ta’kidlangan. 17-may kuni AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya va BAA kabi davlatlardan 76 nafar investor bilan videokonferensiya hamda 20−21-may kunlari 40 nafar yirik investor bilan yakkama-yakka formatda uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan.

Uchrashuvlarda xalqaro investorlarga O‘zbekiston prezidenti rahbarligida “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida olib borilayotgan tarkibiy islohotlar va makroiqtisodiy holat yuzasidan batafsil ma’lumot berilgan.

“Xalqaro investorlar tomonidan dunyoda davom etayotgan murakkab vaziyatga qaramay, O‘zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlik saqlanayotgani, energiya tariflari, xususiylashtirish va boshqa tarkibiy islohotlarning amaliy jihatdan jadallashgani ijobiy baholandi”, — deyiladi xabarda.

Uchrashuvlardan so‘ng 21-may kuni 3 ta valyutada, jumladan, AQSh dollarida 7 yillik, yevroda “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ni moliyalashtirish uchun 3 yillik hamda O‘zbekiston milliy valyutasida suveren xalqaro obligatsiyalarini joylashtirish bo‘yicha buyurtmalar qabul qilinishi e’lon qilingan.

Kun davomida O‘zbekiston suveren xalqaro obligatsiyalarini sotib olish uchun jami 5,5 mlrd dollar miqdoridagi buyurtmalar kelib tushgan, jumladan:

  • AQSh dollaridagi (7 yillik) obligatsiyalarga — 3 mlrd dollar;
  • yevrodagi (3 yillik) obligatsiyalarga — 2 mlrd yevro;
  • so‘mdagi (3 yillik) obligatsiyalarga — 4 trln so‘m.

Qabul qilib olingan buyurtmalar asosida quyidagi miqdordagi obligatsiyalar joylashtirilgan:

  • 600 mln dollarlik 7 yillik obligatsiyalar bo‘yicha kupon stavkasi 6,9 foiz;
  • 600 mln yevrolik 3 yillik obligatsiyalar bo‘yicha 5,375 foiz;
  • 3 trln so‘mlik 3 yillik obligatsiyalar bo‘yicha 16,625 foiz.

Vazirlik ichki moliya bozorlarida chiqarilgan 3 yillik davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha foiz stavkasi 17,9 foizni tashkil etayotganini eslatib o‘tgan.

“Qayd etish lozimki, yevrodagi suveren xalqaro obligatsiyalar O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) moliyalashtirish uchun ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi BRM obligatsiyalari dasturi doirasida chiqarildi. Mazkur dastur „Mablag‘larni taqsimlash“ va „Loyihalarning O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga ta’siri“ bo‘yicha hisobotlarini tayyorlash va e’lon qilishni ham ko‘zda tutadi”, — deyiladi xabarda.

Bu xalqaro obligatsiyalardan tushgan mablag‘ Davlat budjeti taqchilligini qoplash va Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.