Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlardagi bog‘chada tarbiyachi bolani kaltaklagani aks etgan videolavhaga munosabat bildirdi.

Mazkur holat 18-may kuni Andijon shahridagi nodavlat ta’lim muassasasida sodir bo‘lgan. Videoyozuvdagi tasvirlarda xonadagi 5 yoshli bola boshqa bir bolani urgani ko‘rinadi. So‘ng tarbiyachi kelib, kaltak yegan bolaga o‘sha bolani urishini aytib, urdiradi. Keyin esa xodimning o‘zi bolaning yuziga tarsaki tushirib, xonadan siltab olib chiqib ketadi.

Bolalar ombudsmani holatni o‘rganganida tarbiyachidan kaltak yegan bolaning otasi 20-may kuni Andijon viloyati IIBga ayni holat bo‘yicha arz qilganini aniqladi.

Keltirilishicha, xozirda tarbiyachining harakatlari yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Andijon viloyati MMTB holatni nazoratga olgani, o‘rganish ishlari boshlanganini ma’lum qildi.