Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Haj ziyoratiga noqonuniy yuborishni va’da qilgan shaxslarni qo‘lga oldi. Bu haqda Telegram`dagi Xavfsizlik kanalida e’lon qilindi.

Unda keltirilishicha, Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan sayyohlik firmasining 2 nafar xodimi fuqaroning ota-onasi Saudiya Arabistoniga borishi uchun viza tayyorlab berish va ularni ziyoratga yuborish evaziga 18 ming dollar talab qilgan. Xodimlar 4,5 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Yunusobod tumanidagi sayyohlik firmasi rahbari esa “Haj 2024” mavsumida fuqaroni safarga yuborish evaziga 9,5 ming dollar talab qilib, 5,7 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushdi.

Shayxontohur tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs ham surxondaryolik 2 fuqaroni sayyohlik firmasi orqali Haj ziyoratiga yuborish evaziga 20 ming dollar so‘ragan. U pulning 10 ming dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Farg‘ona shahridagi sayyohlik firmasi ish yurituvchisi esa fuqaro va uning 2 nafar yosh bolasini 30 ming dollar evaziga Hajga yubormoqchi bo‘ldi. U xizmat evaziga 15 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Shningdek, viloyatning Yozyovon tumanida yashovchi shaxs ham Quva tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni va uning ota-onasini Haj amallarini bajarishlari uchun sayyohlik firmasi orqali Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 16 ming dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari ketmoqda.

DXX Saudiya Arabistoni tartibiga ko‘ra, chet elliklar uchun Haj ziyoratini ado etishda faqat, Haj vizasiga ega bo‘lish kerakligi, qolgan barcha turdagi vizalar — “Umra”, “turizm”, “biznes” va boshqalar bilan Haj ziyoratiga borish taqiqlanishini eslatdi.

Tartibni buzgan xorijliklar Saudiya Arabistonidan deport qilinib, ushbu mamlakatga 10 yil muddatga kirishi taqiqlanadi hamda 50 ming saudiya riyoli miqdorida jarimaga tortiladi.