Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida joylashgan 43-sonli manzil koloniyadagi mahkumni viloyatdagi boshqa koloniyaga o‘tkazishga yordam berishni va’da qilgan ikki shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 48 yoshli ikki shaxs poytaxtning Yashnobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1000 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Ular mahkumni Ohangaron yoki Olmaliqdagi koloniyalardan biriga o‘tkazib berishini aytgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “b” bandi (Bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan firibgarlik) va 28−211-moddasi 1-qismi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ular Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasiga tartibida ushlangan.

Ma’lumot uchun, 2023-yilning martida imzolangan qonun bilan O‘zbekistonda mahkumlarni manzil-koloniyadan umumiy tartibli koloniyaga, umumiy, qattiq yoki maxsus tartibli koloniyalardan — turmaga o‘tkazish sud tomonidan hal etiladi. Ilgari mazkur tartiblar intizomiy jazo sifatida Jazoni ijro etish muassasalari tomonidan qo‘llanilgan.