Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Toshkent tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida yoqilg‘i tashish mashinasini hujjatlarda “og‘irlashtirish” orqali 791 million so‘mlik bojxona imtiyozlarini o‘zlashtirishga urinish fosh qilindi, deya xabar qilmoqda Bojxona qo‘mitasi.

Qayd etilishicha, avtotransport vositalarining ruxsat etilgan massalariga ko‘ra, ikki o‘qli transport vositasiga tushuvchi og‘irlik 18 tonna qilib belgilangan. Ammo, ushbu holatdagi transport vositasi ikki o‘qli bo‘lsada, hujjatlarda uning yuk ko‘tarish qobiliyati to‘la vazni bilan hisoblaganda 20 tonna 640 kg deb ko‘rsatilgan.

Amaldagi tartiblarga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 7 yildan oshmagan, yuk bilan hisoblaganda to‘liq vazni 20 tonnadan oshadigan maxsus va yuk transport vositalari 2025-yil 1-yanvarga qadar bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan.

Ayni shu imtiyozdan foydalanish orqali mazkur transport vositasi egasi ham davlat budjetiga undirilishi lozim bo‘lgan 791 million so‘mlik bojxona to‘lovlarini tejab qolmoqchi bo‘lgan.

Bojxona ko‘rigi davomida transport vositasiga mazkur bojxona imtiyozlarini qo‘llab bo‘lmasligi aniqlandi va buni Xadicha Sulaymonova nomidagi respublika sud ekspertizasi markazi ekspertlari ham tasdiqlashdi.

Holatda bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 227-moddasida (Bojxona nazorati zonasi rejimining buzilishi) nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari bilan tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirildi hamda surishtiruv harakatlari boshlandi.