2024-yilning yanvar-aprel oylarida o‘tkazilgan reyd tadbirlarida O‘zbekistonda ichimlik va oqova suv tizimlariga 2600 ga yaqin noqonuniy ulanish holatlari aniqlandi. Bu haqda 16-may kuni Milliy matbuot markazida “O‘zsuvta’minot” AJ mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Ta’kidlanishicha, ichimlik suv ta’minoti tarmoqlari va oqova suv xizmatlaridan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish maqsadida tashkilotlar tomonidan muntazam ravishda reyd tadbirlari olib borilmoqda.

“Joriy yilning yanvar-aprel oylari davomida Bosh prokuratura hamda Suv inspeksiyasi mas’ullari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan reyd tadbirlarida ichimlik va oqova suv tizimlariga 2600 ga yaqin noqonuniy ulanish holatlari aniqlandi. Bunda eng yuqori ko‘rsatkichlar Toshkent shahri (572 ta), Jizzax (393 ta), Samarqand (321 ta) va Qashqadaryo (288 ta) viloyatlarida kuzatildi”, — dedi “O‘zsuvta’minot” AJ bo‘lim boshlig‘i Sultonxo‘ja Dadaboyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qonunbuzarliklar tufayli, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, “O‘zsuvta’minot” manfaatlariga 51 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.

“Suv ta’minoti va oqova suv tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanishga amaldagi qonunchilikda ma’muriy va jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan bo‘lib, qonunbuzarlarga belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilmoqda”, — dedi Dadaboyev.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik)da suv ta’minoti va oqova suv tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanganlik uchun jazo choralari qayd etilgan. Xususan, BHM (340 ming so‘m)ning 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgancha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi mavjud.