Surxondaryo viloyatining Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudi raisi yo‘l transport hodisasiga uchragani ma’lum bo‘ldi. Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati voqea tafsilotlarini ochiqladi.

Keltirilishicha, YTH oqibatida u bilan bitta avtomashinada bo‘lgan advokat halok bo‘lib, sudyaning o‘zi turli darajada tan jarohati olgan. Holat yuzasidan 9-mart kuni xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan, unda Sudyalar odobi kodeksi talablari buzilgani aniqlangan.

Tekshiruv xulosasini Surxondaryo viloyati sudlari sudyalar malaka hay’ati muhokama qilgan va tuman sudi raisining vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish bo‘yicha qaror chiqargan. Mazkur qarorga nisbatan berilgan shikoyatlar esa rad etilgani aytiladi.

Sudyalar oliy kengashi tarmoqlarda tergov ishlari tugamaganiga qaramay sud raisining ishdan ketgani barvaqt xulosaga kelish deya talqin qilingan xabarlarni rad etdi.

“Fojia sodir bo‘lgan paytda avtomashina boshqaruvida sudya (sud raisi) bo‘lganiga oid axborotlar ham yo‘q emas”, deya qo‘shimcha qildi Sudyalar oliy kengashi.

Keltirilishicha, ushbu chora intizomiy jazo xarakterida bo‘lib, tergov ishlariga daxli yo‘q. Shuningdek, og‘ir oqibatga olib kelgan YTHning aybdorini aniqlash tergov organi vakolatiga tegishli ekani qo‘shimcha qilingan.