Oliy Majlisi Senati davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi.

Parlament yuqori palatasining shanba kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida ta’kidlanishicha, bugungi kunda amalda davlat mulkidan samarali foydalanilmaslik va uni ijaraga berish tartibini buzish bilan bog‘liq qonunbuzarlik holatlari ko‘payib bormoqda.

2022-yilda 595 ta (38,2 ming kvadrat metr) va 2023-yilda 581 ta (129,8 ming kvadrat metr) holatda davlat mulkini ijaraga berish tartibi buzilgani aniqlangan. Natijada balans saqlovchilardan ijara to‘lovi davlat mulkidan foydalanilgan davr uchun uning ikki baravari miqdorida, ya’ni 1,8 milliard so‘m undirilgan.

Masalan, Sirdaryo viloyatidagi 6-sonli maktab ma’muriyati 181,5 kvadrat metr maydonni kimoshdi savdosisiz 4,3 mln so‘mga ijaraga olgan.

Yana bir holatda, fuqaro Nukus shahridagi 100 kvadrat metr maydonni ijaraga berish kimoshdi savdosida g‘olib deb topilgan, ammo balans egasi — Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha oliy sport mahorat maktabi tadbirkorga obyektdan foydalanishga ruxsat bermagan.

Senatorlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga davlat mulkini belgilangan tartibda ijara shartnomasi tuzmasdan ijaraga berish, ijaraga oluvchiga ijaraga berilgan davlat mulkini qabul qilib olishi, uning hududiga kirishi va foydalanishiga asossiz ravishda to‘sqinlik qilish yoki ijara shartnomasida ijaraga berilgan mulkning parametrlari va sonini kamaytirib ko‘rsatgan holda ijaraga berganlik uchun mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha (1,7 mln so‘mdan 3,4 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solish to‘g‘risidagi moddani kiritishni ma’qulladi.

Ushbu huquqbuzarlik bir yil ichida qayta sodir etilsa, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha (3,4 mln so‘mdan 5,1 mln so‘mgcha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.