Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan o‘zbekistonlik qiz vataniga qaytarildi, deya xabar berdi bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova.

Mart oyida Toshkent shahrida yashovchi V.D. (ayol) Rossiyaning Moskva viloyati Lyubersi shahridagi vasiylik organida bo‘lgan ikki yoshli nabirasi Z.N.ni qaytarishga yordam so‘rab, bola huquqlari bo‘yicha vakil idorasiga murojaat qilgan.

Uning onasi Z.A. bolani enagasiga qoldirib, olib ketish uchun qaytib kelmagan, shundan so‘ng enaga politsiyaga murojaat qilgan. Politsiya xodimlari bolani vasiylik organiga topshirib, qarovsiz bola sifatida ro‘yxatga olib, yangi ism va familiya qo‘ygan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Tashqi ishlar va Ichki ishlar vazirliklari tomonidan ko‘rilgan tezkor choralar natijasida 14-may kuni qizaloq Rossiyadan qaytarildi. Hozirda bola buvisi V.D. qaramog‘iga rasmiy ravishda topshirildi.

V.D. nevarasi bilan bog‘liq xalqaro darajadagi mazkur murakkab vaziyatni ijobiy hal qilinishida ishtirok etgan barcha mutasaddilarga o‘z chuqur minnatdorligini bildirdi, deyiladi xabarda.