23-aprel kuni Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri, hamdo‘stlik va taraqqiyot masalalari bo‘yicha davlat kotibi Devid Kemeron Markaziy Osiyo davlatlari va Mo‘g‘ulistonga tashrifi doirasida O‘zbekistonga keldi. U so‘nggi 27 yil ichida O‘zbekistonga tashrif buyurgan birinchi Britaniya tashqi ishlar vaziri bo‘ldi.

Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri tashrif oldidan “Gazeta.uz”dagi kolonkasida o‘z mamlakati bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishi lozim bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar — iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, ta’limni rivojlantirish va mustaqillikni mustahkamlashni sanab o‘tdi.

Bu masalalar Devid Kemeron va O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov o‘rtasidagi muzokaralarda muhokama qilindi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar keng qamrovli, xususan, terrorizmga qarshi kurash, mudofaa, iqlim va inson huquqlari bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi deklaratsiya hamda mintaqaviy va xalqaro bog‘liqlik hamda infratuzilma sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumini imzoladi.

Foto: Britaniya elchixonasiFoto: Britaniya elchixonasi

Imzolangan hujjatlarda nimalar nazarda tutilgan?

“Deklaratsiya savdo va investitsion oqimlarni oshirish, siyosiy, xavfsizlik va mudofaa sohasidagi hamkorlikni hamda iqlim, toza energiya, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, gender tengligi va dekarbonizatsiya rejalari kabi asosiy masalalar bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishni ko‘zda tutadi”, — deya xabar qildi Buyuk Britaniya elchixonasi matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga.

O‘zaro anglashuv memorandumi O‘zbekistonda barqaror infratuzilma loyihalarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash orqali iqtisodiy va sanoat hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.

Unda O‘zbekistondagi yangi tezyurar temiryo‘l loyihalariga va Buyuk Britaniya qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘lgan sohalarga, jumladan, Buyuk Britaniya eksportini moliyalashtirish ko‘magidan foydalanishga alohida e’tibor qaratilgan. Imzolashdan so‘ng Buyuk Britaniya va O‘zbekistonning asosiy hukumat va biznes vakillari bilan hamkorlikning keyingi batafsil rejalarini kelishish uchun qo‘shma ishchi guruh tuziladi.

Buyuk Britaniya va O‘zbekiston qo‘shma iqtisodiy komissiyasini tashkil etish taklifi ikki tomonlama savdo va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha umumiy majburiyatni ta’kidlaydi, deya qayd etdi elchixona. Komissiya iqtisodiy hamkorlik hamda Britaniya va O‘zbekiston bizneslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hukumatlararo muloqot uchun yangi platformaga aylanadi.

O‘tgan yili o‘zining 27 yillik yig‘ilishini o‘tkazgan mavjud O‘zbekiston-Britaniya Savdo va sanoat kengashi ham ikki davlat biznes vakillari uchun aloqa o‘rnatish imkoniyatlarini taqdim etishda davom etadi.

Devid Kemeron Buyuk Britaniya ko‘p tomonlama tashkilotlarga asosiy badallar hisobidan ajratiladigan mablag‘lardan tashqari, kelgusi uch yil ichida Markaziy Osiyoni rivojlantirish uchun ajratiladigan mablag‘ 50 mln funt sterlingga oshirilishini e’lon qildi.

U yashil investitsiyalarga yo‘naltirilgan kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish dasturi hamda toza energiya va suv xavfsizligiga e’tibor qaratgan holda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha maxsus dasturni o‘z ichiga olgan ta’lim va ingliz tili bo‘yicha yangi dastur boshlanganini, shu jumladan, Markaziy Osiyo uchun Chevening stipendiyalari mablag‘i ikki baravarga oshirilishini ma’lum qildi.

“Biz sizdan sheriklar o‘rtasida tanlov qilishingizni so‘ramayapmiz”

“Buyuk Britaniya O‘zbekistonning vaqt sinovidan o‘tgan, uzoq yillik va ishonchli hamkoridir. Bizning munosabatlarimiz o‘zaro hurmat va oshkoralik tamoyillari asosida qurilgan”, — dedi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov muzokaralar yakunida.

U Devid Kemeronning tashrifi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Foto: Britaniya elchixonasiFoto: Britaniya elchixonasi

Devid Kemeronning jurnalistlarga aytishicha, Buyuk Britaniya O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishni istaydi va qaysidir tomonlarni tanlashni so‘ramaydi.

“Markaziy Osiyo — dunyoning muhim mintaqasi. Mintaqada juda kuchli qo‘shnilaringiz bor, ular bilan hamkorlik qilasiz. Bu yerda shuni aytmoqchimanki, biz sizdan bu sheriklar va Buyuk Britaniya kabi davlat o‘rtasida tanlov qilishingizni so‘ramayapmiz…”, — dedi u.

“Agar siz biz bilan ta’lim, iqlim o‘zgarishi, biznes yoki savdo sohalarida hamkorlik qilishni istasangiz, tanlovingiz bo‘lishi kerak. Biz bu hamkorlikni o‘rnatish uchun shu yerda bo‘lishni xohlaymiz. Sizga tanlov beramiz va bu, menimcha, eng asosiysi”, — deya qo‘shimcha qildi vazir.

Kemeron Buyuk Britaniya va Markaziy Osiyo xuddi shunday muammolarga duch kelayotganini qayd etdi. “Biz qanday qilib ish o‘rinlarini yaratamiz va [mamlakatni] gullab-yashnatamiz? Mamlakatlarimizdagi odamlarning ishlash imkoniyati va hayotda o‘z ovozi bo‘lishini qanday ta’minlashimiz mumkin? Hamma gap ana shunda. Va shuning uchun men bugun shu yerdaman”, — deya ta’kidladi vazir.

Devid Kemeron “Gazeta.uz”ga bergan alohida intervyusida ommaviy axborot vositalari erkinligi muhimligini ta’kidladi: “Prezidentingiz, mamlakatingiz demokratiya tarafdori, ommaviy axborot vositalari erkinligi tarafdori ekanidan xabardorman”.

Uning qo‘shimcha qilishicha, “har bir davlat bu narsalarga o‘z nuqtai nazari bilan qarashi kerak”, ammo “demokratiya har doim bahs-munozara, muhokamalardan iborat”.

Toshkentda Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Senat raisi Tanzila Narbayeva va bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi. Ularda siyosiy-diplomatik muloqotini kengaytirish, shuningdek, xalqaro maydonda konstruktiv hamkorlikni davom ettirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar munosabatlarni mustahkamlash, parlament aloqalarini faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Foto: Senat matbuot xizmatiFoto: Senat matbuot xizmati

Foto: Britaniya elchixonasiFoto: Britaniya elchixonasi

Madaniy dastur

Tashrifning madaniy qismida Hazrati Imom majmuasiga sayohat va “Karavan” restoranida milliy taomlar bilan tanishuv o‘tkazildi.

Foto: Britaniya elchixonasiFoto: Britaniya elchixonasi

Foto: Britaniya elchixonasiFoto: Britaniya elchixonasi

Devid Kemeron osh tayyorlash jarayonida ishtirok etdi, shuningdek, u yerda oshpazga qarata “Meni ishga olasizlarmi?” deya hazil qildi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”

Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”

U Chevening dasturi bo‘yicha tahsil olgan Britaniya universitetlari bitiruvchilari bilan ham uchrashdi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”

Video