17-aprel kuni Toshkent viloyati Bekobod shahrida joylashgan “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati ishchisi o‘zini osib qo‘ydi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, soat 09:00 atrofida 53 yoshli K.Sh. ish joyi ya’ni, “O‘zmetkombinat”ga qarashli Navli prokat bo‘limining omborxonasida o‘zini-o‘zi osib joniga qasd qilgan. Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotnomasiga ko‘ra, uning o‘limiga bo‘yin a’zolari sirtmoq bilan qisilishi natijasida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya sabab bo‘lgani ko‘rsatilgan.

Holat yuzasidan viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi huzuridagi Davlat mehnat nazorat inspeksiyasiga mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi holatini o‘rganish bo‘yicha talabnoma yuborilgan. Hodisa joyiga shahar prokurori, shahar prokuraturasi tergovchisi va boshqa tergov-tezkor guruhi a’zolari chiqishgan.

Hozirda tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.