“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish boshlangani haqida xabar berilgan edi. Jinoyat ishi bo‘yicha sudlangan asosiy yetti figurant birinchi instansiya sudi hukmidan norozi bo‘lib, shikoyat arizalari kiritgan.

“Gazeta.uz” muxbirining xabar berishicha, 22-aprel kuni navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis avvalgi protsessda ishtirok etmagani sabab sud tergovi boshlanmagan hindistonlik sudlanuvchining advokati Davron Ahmadov tomonidan sudlov hay’atiga sud majlisi kotibi Davlat Olimovning noqonuniy harakatlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risida prokuraturaga xabar yuborishi so‘ralgan arizasini ko‘rib chiqishdan boshlandi.

Advokatning bildirishicha, u kotibni sud majlisiga videokonferensaloqa orqali ishtirok etishi haqida ogohlantirgan, belgilangan vaqtda “vka.sud.uz” platformasi orqali majlisga ulanmoqchi bo‘lganida platforma ishlamay qolgan va unga parol bormagan. Holat haqida sud majlisi kotibini ogohlantirganiga, muammoni bartaraf etishni so‘raganiga qaramay, kotib sud majlisida sudlov hay’atiga mavjud vaziyatni aytmasdan, “Ahmadov majlisga kelmadi”, degan.

Sudlov hay’ati maslahat qilib, arizani rad etdi. Advokat Ahmadov esa buning uchun sudlov hay’ati butun tarkibi va sud majlisi kotibiga nisbatan raddiya bildirdi. Sudlov hay’atidan kotibga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash haqida jinoyat sudi raisi ish beruvchiga xabar berishini so‘radi.

Naq 37 daqiqayu 18 soniya davom etgan maslahatdan chiqqan sudlov hay’ati advokatning navbatdagi arizasini ham qanoatlantirmay, jinoyat ishi mazkur tarkibda mazmunan ko‘rishni davom ettirilishi haqida ajrim chiqardi. Shundan so‘ng sudya Muzaffar Ahmedov “srochniy” ishi chiqib qolgani sababli sudni davom ettirolmasligi, sud tergovi 29-aprel kuni 10:30 da boshlanishini aytdi.

Apellyatsiya sudi boshlanganidan beri har safar turli sabablar bilan qoldirilayotgani sud zalidagi to‘rt nafar jabrlanuvchining qattiq e’tiroziga sabab bo‘ldi. Sudya, advokatlar va jabrlanuvchilar o‘rtasida bir necha daqiqalik bahsli munozaradan so‘ng sudlov hay’ati zalni tark etdi, jabrlanuvchilar esa jurnalistlarga sud majlisida ishtirok etishdan maqsadlari va nimadan norozi ekanliklarini so‘zlab berish niyatini bildirishdi.

Ular apellyatsiya sabab birinchi instansiya sudining kompensatsiyaga doir qarori ijrosi kechikaversa, nogiron bo‘lib qolgan, ammo endi dori bilan tirik farzandlarining hayotini saqlab qolish uchun kech qolishlaridan xavotirda. Shu sababdan ular yuqori turuvchi tashkilotlardan mazkur holat yuzasidan biror yechim topishini so‘radi.

“Bularning sudiga qarab o‘tiraversak, bolamiz kundan-kunga og‘irlashaversa, keyin bu sud bo‘lganiyu qaror qabul qilinganining kimga keragi bor? [Ayblanuvchilarning] jazolanishi menga umuman qiziq emas. Ertaga vaqt o‘tib ketgach, bizga qancha pul bersa ham foydasi bo‘lmaydi”, — deydi otalardan biri.

“Uyda bolamni [og‘ir] ahvolda ko‘rib, vijdonim qiynalganidan keldim… Bir yarim yildan beri zondda yotibdi, hali-beri turadigan emas… Kunora “sudoraga” beradi, har kuni bir marta o‘lim bilan olishadi. Kulib, gapirib qolsa, buyoqqa kelmasdim. Ota bo‘lib [boshqa] nima qilaman men… Biz bu yerga tilanchilik qilib kelmadik…

Bu yerda kim o‘tiribdi, qaysi biri aybdorligini ham [bilmayman]. Faqatgina tergov jarayonida aybdor deb topilgani uchun sud hay’atidan shaffoflikni, qonuniy chora ko‘rishini umid qilib kelganmiz… To‘lab bergan bir milliard puli bolamizni tuzatib beradi, degan kutilmamiz ham yo‘q. Hech bo‘lmasa kunlik muolajasiga ishlatamiz, sanoqligina qolgan tirik bolalarni asrab qolishimiz kerak, bo‘ynimizgacha qarzga botganmiz", — deydi boshqa jabrlanuvchi.

Ular boshlangan, ammo haligacha sud tergoviga o‘tolmayotgan apellyatsiya sudi ustidan Oliy sud, Bosh prokuratura nazorat o‘rnatishini, kerak bo‘lsa, sud zaliga kelib o‘tirishini so‘ramoqda.

Sud tafsilotlari

Sudya Muzaffar Ahmedov: Sud majlisini davom ettiramiz. Oldingi safar ishga kiritilgan vajlarni o‘qib eshittirgandik. Advokat Davron Ahmadov, siz bilan bog‘lana olmagandik. Qolganlarning vajlarini o‘qib eshittirgandik, lekin hali fikrlarni so‘ramagan edik. Shuning uchun sizning shikoyatingizni qaytadan o‘qib eshittiraman, [tanishtirilmagandingiz].

Advokat Davron Ahmadov: Sud majlisi boshlanishidan oldin ariza bor edi.

Sudya: Marhamat.

Advokat Davron Ahmadov: Hurmatli sudlov hay’ati, bu ariza bilan murojaat qilishimning sababi shundaki, o‘tgan safar, 15-aprel kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida [sudlanuvchi] Singh Ragvendra Pratapning advokati bo‘lib turib, menda sud protsessida ishtirok etishning imkoniyati bo‘lmadi.

Buning sababi sud tizimidagi videokonferensaloqa platformasi ishlamaganligi edi. Lekin bu holatda men haqimda sud majlisi kotibi tomonidan sudlov hay’atiga va raisiga soxta, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar berilishi natijasida protokolga noto‘g‘ri yozma ma’lumotlar ko‘rsatilib, sud majlisi kotibi tomonidan protokol soxtalashtirilgan.

“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha 5-aprel kuni apellyatsiya protsessi boshlandi. 15-aprel kuni bo‘lib o‘tgan protsessda men shaxsan videokonferensaloqa platformasi — “vka.sud.uz” orqali sudga qatnashish uchun 10:30 da bog‘landim. Lekin platforma ishlamadi va menga kod bermadi. Parol bermaganligi natijasida men sud majlisida qatnasholmadim.

Bundan oldin bo‘lgan, 5-apreldagi protsessda kotibga “Telefon raqamingizni bering, bizda tezkor holat bo‘lsa, bog‘lanish imkoniyati bo‘lsin”, deb aytgandim. Telefon raqam berilmagan, kimga telefon qilishni bilmaymiz. Telegram’da advokatlarning guruhi bor. Sud ishining tartibi haqida ma’lumot berish uchun u yerda kotib ham bo‘ladi. Men shu guruhga ham [platforma parol bermayotgani, ulanolmayotganim] haqida yozdim.

Biroz vaqt o‘tgach, kotib [aloqaga] chiqdi. Kotibga: “Kotib, mana sud majlisi boshlanishidan oldin men bog‘lanyapman, platforma ishlamayapti, menga parol bermayapti”, — dedim. Guruhda mening yozuvim turibdi, aynan 10:30 da yozganman. Platformadan parol olishga [va videokonferensaloqaga ulanishga] tayyor turganman. Lekin oradan biroz vaqt o‘tgandan keyin sud majlisi mening ishtirokimsiz davom etayotganini bilyapman.

Ommaviy axborot vositalari tomonidan berilgan stenogrammada esa “Advokat Davron Ahmadov sud majlisiga kelmadi”, deb yozilganini o‘qidim. Ahmadov qaysi asoslarga ko‘ra sud majlisiga kelmaganligini esa kotib aniqlamagan. Bu — birinchisi.

Ikkinchisi, men platforma ishlamayotganini, ulanolmayotganimni bildirsam ham sud majlisi bayonnomasiga sud majlisi kotibi Davlat Olimov tomonidan soxta, noto‘g‘ri ma’lumotlar kiritilgan. Bizga ma’lumki, Jinoyat-protsessual kodeksining 32-moddasida sud majlisi kotibi vazifalari aniq belgilab qo‘yilgan.

“Sud majlisi kotibi jinoyat ishini sud majlisida ko‘rish uchun tayyorlaydi; sud muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida protsess ishtirokchilarini xabardor qiladi; sudga chaqirilgan protsess ishtirokchilarining kelgan-kelmaganligini tekshiradi, hozir bo‘lmagan shaxslarning kelmaganligi sababini aniqlab, bu haqda sudga ma’lum qiladi; sud majlislari bayonnomasini yuritadi; raislik qiluvchining sud muhokamasini tayyorlash va o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa topshiriqlarini bajaradi”, deb ko‘rsatilgan.

Lekin [kotib] sud majlisida sudlov hay’ati va raislik etuvchiga “Advokat Davron Ahmadov sudga kelmadi”, deb ma’lumot bergan. Natijada men sud majlisida qatnasholmadim, o‘zimning protsessual huquqlarimdan foydalana olmadim. Bundan tashqari, mening himoyam ostidagi shaxs, Hindiston fuqarosi sud majlisida advokatsiz qatnashdi, uning protsessual huquqlari buzildi. Sudlov hay’ati tomonidan uning himoya huquqi ta’minlab berilmadi.

Hurmatli raislik etuvchi, hurmatli sudlov hay’ati, shu munosabat bilan yuqoridagilarga asosan sud majlisi bayonnomasini soxtalashtirgan sud majlisi kotibi Davlat Olimovning noqonuniy harakatlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risida prokuraturaga xabar yuborishingizni so‘rayman.

Jabrlanuvchilardan biri: Ruxsat bering, hurmatli sudya. O‘tgan safar biz keldik, o‘tgan safar sud bo‘lgani yo‘g‘a?.. (sudya jabrlanuvchining gapini bo‘ladi — tahr.).

Sudya: To‘xtab turing, sizga [gapirish uchun] so‘z beramiz, o‘tiring. [Advokat Davron Ahmadov], siz [kotib] aynan nimani soxtalashtiryapti deyapsiz?

Advokat Davron Ahmadov: Hurmatli raislik etuvchi, “Sud majlisiga Davron Ahmadov kelmadi” degan ma’lumot soxtalashtirilyapti. Videokonferensaloqa orqali sud majlisida qatnashish ham sud majlisiga kelgan [deb] hisoblanadi. O‘sha kuni videokonferensaloqa platformasi ishlamaganligi, sistema menga parol bermaganligi uchun men videokonferensaloqa orqali ishtirok etolmadim. Nega men kelmagan hisoblanaman?

Kotibga texnik muammoni hal qilinglar deb xabar qildim. Lekin u texnik muammo sabab Davron Ahmadov sud majlisiga qatnasholmayapti, sababi videokonferensaloqa platformasi parol bermayapti deyishning o‘rniga “Sud majlisiga kelmadi”, deb ma’lumot bergan.

Men esa bu haqda [ommaviy axborot vositasida chiqqan] stenogrammadan o‘qidim. Buni sudlov hay’ati ta’kidlagan, “Ha, sud majlisida Davron Ahmadov kelmadi, ishtirokini so‘raymiz”, degan. Bu soxtalashtiruv bo‘lmay, nima bo‘lishi mumkin? Men [kotib bilan] shaxsan gaplashganman.

O‘sha sistemani ko‘tarib ko‘rish kerak. [Sud protsessi] bo‘lgan kuni sistema ishlamadi, parol bermadi, parol bermasa, sistemaga kirib bo‘lmaydi. Buni sudlov hay’ati juda yaxshi biladi. Natijada mening himoyam ostidagi shaxsning huquqlari buzilyapti.

Sudya: Tushunarli. Marhamat, o‘rtoq prokuror.

Prokuror Muzaffar Komilov: Asossiz deb hisoblayman, qanoatlantirmasdan qoldirishingizni so‘rayman. Sud tergovi o‘tkazilmagan. [Shuning uchun], himoya huquqi buzildi deb hisoblolmaymiz. Ayblov bo‘yicha [hukm] va vajlar o‘qib eshittirildi, bo‘ldi. Shu sababli qanoatlantirmay qoldirishingizni so‘rayman.

Sudya: Marhamat, advokatlar.

Advokat Husanov: Iltimosnomani rad qilishingizni so‘rayman. Sababi soxta degani — bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, degani. Shaxs kelmagan. Himoya huquqining buzilmaganligi [esa] boshqa masala. Shuning uchun bu jinoyat ishi qo‘zg‘atishga asos hisoblanmaydi.

Advokat Nabiyev: Haqiqatdan o‘sha kuni videokonferensaloqa platformasi [yoki ishlamaganligi] to‘g‘risida ma’lumot yo‘q, shuning uchun sudga havola qilaman.

Yana uch nafar advokat iltimosnomani sudga havola qilgan bo‘lsa, to‘rt nafar advokat rad qilishni so‘radi.

Sudya: Marhamat, sudlanuvchilarimiz.

Sudlanuvchilarning barchasi sudga havola qildi.

Sudya: Marhamat, jabrlanuvchilarning qonuniy vakillari.

Jabrlanuvchilardan biri: O‘tgan safar [advokat] kelmay qoldi. Misol uchun, kelmay qolsa, [kelmay qolishini] oldindan biladi-ku. Biz ham [sudning] dushanba kun [bo‘lishini] oldindan bilamiz-ku. Hamma, shuncha ota-ona ishini tashlab kelyapti-ku. [Sudlanuvchini] 9 oydan beri himoya qilyapti, nimaga vaqtida kelmaydi?

Undan oldingi safar hindistonlik ayblanuvchiga tarjimon topilmay qoldi. Hadeb cho‘zib kelaverib, xuddi sudyani ahmoq qilib qo‘ygandek bo‘lyapti. Mana bu yerda advokatlar bilan telefonda gaplashib o‘tirdi, “Borolmayapman, ishim chiqib qoldi”, [dedi]. Hozir endi bu yoqda boshqacha [gapiryapti].

Advokatlardan biri: Hurmatli raislik etuvchi, [mening himoyam ostidagi shaxs boshqa], lekin advokatga nisbatan jabrlanuvchi tomonidan bunaqa fikr bildirilishi noqonuniy-da, [holatga] sud baho beradi-ku. [Jabrlanuvchiga holatni] to‘g‘ri tushuntirishingizni so‘rayman.

O‘sha jabrlanuvchi: Rad etishingizni so‘rayman. Chunki kelmaganini o‘zi tan olyapti.

Boshqa jabrlanuvchi: Sudga havola.

Advokat Davron Ahmadov: Hurmatli raislik etuvchi, tartibga chaqirishingizni so‘rayman. Bu odam jabrlanuvchimi, kim — bilmayman. Shaxsiga aniqlik kiritmay turib, fikr bildiryapti. Rad qilish, qanoatlantirish masalasini so‘rashi mumkin.

Lekin sud hukmi chiqqan, bu yerda jabrlanuvchilarning qatnashishi ham shart emas. Nimaga qatnashayotganligi biz uchun tushunarsiz. So‘rovi bo‘ladigan bo‘lsa, marhamat kelsin, so‘rovi bo‘lmaydigan bo‘lsa, huquqi. Hech kim bularni chaqirgani, majburlagani, o‘tirishini so‘ragani yo‘q. Sud majlisiga xohlasa kelsin, xohlamasa, kelmasin. So‘rovi bo‘lganda sud chaqiradi.

Bugungi kunda biror advokat yoki prokuror tomonidan jabrlanuvchilarni sud majlisiga so‘roq qilish bo‘yicha iltimosnoma tushgani yo‘q. Biz nega bularning fikrini so‘rayapmiz? Sud majlisi tartibini buzyapti. Lekin sudlov hay’ati uni tartibga chaqirmayapti. Advokatning protsessual faoliyatiga to‘sqinlik qilyapti, “Advokat ahmoq qilyapti”, deyapti. Qaysi telefonda gaplashib, “Borolmayman”, deganimni eshitgan ekan? Nega yolg‘on fikr bildiryapti?

Jabrlanuvchilaridan biri: Ruxsat eting, hurmatli sudya. Jabrlanuvchining otasiman.

Sudya: Familiyangiz?

Jabrlanuvchi: Abdullayev Anvar.

Sudya: Qonuniy vakilimisiz?

Jabrlanuvchi: Ha, jabrlanuvchining otasiman.

Sudya: Marhamat.

Jabrlanuvchi: Advokatimiz aytyapti, biz qatnashishimiz mumkin emas ekan. Ish o‘zi nima haqida ketyapti? Bolamiz kasalligi uchun ochilganmi, yo… (sudya jabrlanuvchining gapini bo‘ladi — tahr.).

Sudya: Uni sud hal qiladi.

Jabrlanuvchi: Bo‘lmasa, rad eting.

Sudya: Maslahatga kiramiz.

Sudlov hay’ati 4 daqiqayu 56 soniyadan so‘ng maslahatdan chiqdi.

Sudya: Apellyatsiya instansiyasi Advokat Davron Ahmadov tomonidan keltirilgan iltimosnomani muhokama qilib, uni qanoatlantirmasdan qoldirdi. Birinchidan, haqiqatdan advokat Davron Ahmadov o‘tgan sud majlisiga kelmadi. Ikkinchidan, ulanish haqida kotib, shu yerda ma’ruza qilib, “Videkonferensaloqadan ulanarkanlar”, dedi.

Lekin videokonferensaloqadan ulashning imoni bo‘lmadi. “Xo‘p, videokonferensaloqadan ulashning imkoni bo‘lmasa, unda Toshkentdami?”, deb so‘rdik, “Toshkentda”, deyishdi. “Unda kelaqolsin”, deb telefon qilindi. Mana shu yerda advokat ham telefon qildi, tushib bo‘lmadi, birinchidan.

Endi, “Mening himoyam ostidagi shaxsning huquqi buzilgan”, degan vajingiz [bo‘yicha]. Biz siz kelmaganligingiz, boshqa himoyachi bo‘lmaganligi sabab faqatgina shikoyatning vajlarini o‘qib eshittirish bilan cheklandik. Hattoki hech kimning fikrlarini ham eshitmadik. Tushunarli bo‘ldimi? Shuning uchun biz [arizangizni] qanoatlantirmasdan qoldirdik. Oldingi safar yo‘q edingiz. Tarjimonimizning shaxsiga oid ma’lumotlar bo‘yicha savollar[ingiz] yo‘qmi?

Advokat Davron Ahmadov: Yo‘q. Ikkinchi arizam bor edi.

Sudya: Marhamat.

Advokat Davron Ahmadov: Hurmatli sudlov hay’ati, sudlov hay’ati butun tarkibiga va kotibga nisbatan raddiya bildiraman.

Sudya: Asos? Asos berish kerak-da.

Advokat Davron Ahmadov: Hurmatli sudlov hay’ati, birinchidan, hozir o‘tgan sud protsessida bo‘lgan holat yuzasidan iltimosnoma kiritdim. Sud hay’ati sud protsessiga kelmadi deb baholadi. [Mabodo] chet elda bo‘lgan vaqtimda men qanday kelishim mumkin?

Ikkinchi holat, videokonferensaloqadan qatnashishim haqida ma’lum qilganman. Bu hammaga ma’lum. Bu narsa isbot talab qilmaydi. Bu haqda kotib bilan gaplashganman. Sistema ishlamaganligi uchun sudlov hay’ati advokat kelmadi deb baho bergan. Mening himoyam ostidagi shaxs advokat bilan ta’minlanmay, protsessual huquqlari buzilgan.

Bundan tashqari, bu narsa [dastlabki] tergov davrida ham davom etgan. Tarjimon tomonidan tarjima qilinmagan, [himoyam ostidagi shaxsga] o‘z ona tilida ko‘rsatma berish imkoniyati bo‘lmagan. Sud protsessida [ham] yana davom etyapti. Himoya huquqi buzilayotgani uchun bu sudlov tarkibiga va kotibga ishonmayman. Boisi sud protokolini soxtalashtirgan holatda “Advokat kelmadi”, deyilgan.

Hozir sudlov hay’ati tomonidan “Sizga daxldor bo‘lmagan boshqa sudlanuvchilarning arizasi o‘qib eshittirildi”, deyilgan joyiga [ham e’tirozim bor]. Qanday qilib ularning daxli bo‘lmasligi mumkin? Bu bitta jinoyat ishi.

Va bu [sudlanuvchilarning] hammasi jinoyat ishida bir guruh bo‘lib o‘tyapti. Bular hukmda bir-birini to‘ldiryapti. Ya’ni, agar bittasi jinoyat qilmaganda boshqasi jinoyat sodir qilmaydi. Qanday qilib, bittasining arizasi boshqasiga daxl qilmasligi mumkin? Shuning uchun hurmatli… (sudya advokatning gapini bo‘ladi — tahr).

Sudya: Hozir, bir daqiqa. Prokuror qani?

Sudlov hay’ati maslahatga kirib ketganida davlat ayblovchisi tashqariga chiqib ketgandi. Sudlov hay’ati maslahatdan chiqqanda prokuror sud zalida emas edi, ammo buni payqamagan sudya maslahat ajrimini o‘qib eshittirdi. Advokat navbatdagi arizasini o‘qib eshittirishni yakunlay deb qolganda sudya zalda prokuror yo‘qligini sezib qoldi.

Sud zalidan: Prokuror chiqib ketgandi.

Ko‘p o‘tmay prokuror kirib keldi.

Advokat Davron Ahmadov: Qo‘shimcha ham bor edi. Sud majlisi tarkibi va kotibiga raddiya bildirish to‘g‘risida, shuningdek, sud majlisi kotibi Davlat Olimovga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash haqida jinoyat sudi raisi ish beruvchiga xabar berishingizni so‘rayman.

Sudya: Marhamat, advokatlar, fikrlar.

Advokatlarning ikki nafari iltimosnomani rad qilishni so‘radi, olti nafari sudga havola qildi. Yetti nafar sudlanuvchilarning barchasi esa sudga havola qildi.

Sudya: Marhamat, jabrlanuvchilarning qonuniy vakillari.

Sud zalidagi jami to‘rt jabrlanuvchilarning barchasi rad etishni so‘radi.

Sudya: Tushunarli. Sudlov hay’ati maslahatga kiradi.

Sudlov hay’ati 37 daqiqayu 18 soniyadan so‘ng maslahatdan chiqdi. Oradagi tanaffuslar bilan yetti oy davom etgan “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi va hali boshlanganiga ko‘p bo‘lmagan apellyapsiya sudida sudlov hay’atining bunchalik uzoq vaqt maslahatga kirish ikkinchi marotaba bo‘lmoqda.

Birinchi marta 2-fevraldagi sudda sudlanuvchi Shoyusup Shodmonov tergovda o‘zi va sheriklariga ruhiy va jismoniy tazyiqlar bo‘lgani haqida kiritgan iltimosnomasi bo‘yicha maslahatga kirgan sudlov hay’ati 57 daqiqa o‘tib maslahatdan chiqqandi.

Sudya: Apellyatsiya instansiyasi ajrim qiladi. Demak, advokat Ahmadov tomonidan sud tarkibi va sud majlisi kotibiga nisbatan keltirilgan raddiya asossiz bo‘lganligi sababli qanoatlantirilmasdan qoldirilsin. Jinoyat ishi mazkur tarkibda mazmunan ko‘rilishi davom ettirilsin.

Sababini tushuntirib beraman. Jinoyat-protsessual kodeksining 76-moddasida jinoyat protsessida qaysi holatlarda monelik qilishi haqida keltirib o‘tilgan. Uchinchi qismi bor, ya’ni sudyaning xolisligi yoki beg‘arazligiga shubha tug‘dirgan holat bo‘lganda [deyilgan]. Bizda hali shubha tug‘diradigan holat ham bo‘lmadi. Chunki sud tergovining o‘zini boshlamadik. Shuning uchun qanoatlantirmasdan qoldirdik.

Ariza bo‘yicha ikkinchi masala, sud majlisida kotiblik qilayotgan Davlat Olimovga intizomiy [jazo] masalasini ko‘rish uchun raisga munosabat bildirish haqidagi arizani ham biz qanoatlantirmasdan qoldirdik. Chunki uning harakatida biror bir intizomiy darajaga tortadigan noqonuniy xatti-harakatlar bo‘lmadi. Tushunarlimi?

Hurmatli sud ishtirokchilari, protsessning bir haftada faqat bir kun, dushanbada davom etayotgani kamlik qilyapti. Juma kuni ham qo‘yadigan bo‘lsak, haftasiga ikki kun bo‘lsa, nima deysizlar?

Sud zalidan: Uch kunga [bo‘lsa] ham mayli.

Sudya: Uch kunga imkoniyatimiz yo‘qda. Bizda boshqa “delo"lar ham bor.

Advokatlardan biri: Tushlikkachami?

Sudya: Tushlikkacha.

Advokat Davron Ahmadov: Tushlikkachami? Bizda boshqa protsesslar ham bor-da.

Sudya: Yo‘q, tushlikkacha. Ikki kunga qo‘ysak bo‘ladimi? Juma kunida hammaning vaqt bormi?

Tarjimon juma kuni imkoni yo‘qligi, o‘zining asosiy ishi, universitetda darsi borligini aytdi.

Jabrlanuvchilardan biri: Chorshanbaga o‘zgartirsak, bo‘lmaydimi? Dushanba, chorshanba qilib.

Advokatlardan biri: Yo‘q, chorshanbaga o‘zgartirsak, bo‘lmaydi, bizning vaqtimiz yo‘q.

Boshqa advokat: Endi qachon belgilanishini jabrlanuvchilar bilan kelishmaymiz-ku.

Jabrlanuvchi: Ruxsat bering, hurmatli sudya.

Sudya: Hozir bir daqiqa.

Sudya va tarjimon bilan vaqt kelishish bo‘yicha muloqot davom etdi.

Sudya: Bitta narsada, bizda ham muddat degan narsa bor. Hozir men davom ettirolmayman, “srochniy” bitta joyga chaqirishyapti, shunga shunaqa bo‘lib qoldi-da hozir.

Sudlov hay’ati keyingi sud 29-aprel, dushanba kuni bo‘lishi, undan keyingi sudlar esa haftasiga ikki kun, dushanba va juma kunlari davom etishini bildirdi.

Jabrlanuvchi: [Gapirishimi uchun menga] so‘z berishingizni so‘rayman, jabrlanuvchining otasiman.

Sudya: Aha, nima demoqchimisiz?

Jabrlanuvchi: Gapim bor edi, agar ruxsat bersangiz.

Sudya: Hali boshlanmadi-ku, og‘ayni.

Jabrlanuvchi: Hozir tugaydi, vaqtim yo‘q deyapsiz-ku, shunga aytyapman-da.

Sudya: Hali sud tergovini boshlamadik. Buning tartib-qoidasi bor. Shikoyat bo‘yicha bularning fikrlarini eshitamiz, sizlarni ham eshitamiz. O‘sha paytda [gapirishga] so‘z beriladi.

Jabrlanuvchi: Tushunyapman. Hozir sizning gapingiz bo‘yicha [fikr bildirmoqchi edim], “Shoshilyapman, bir joyga ketyapman”, deyapsiz.

Sudya: Ha. Hozir, bugun qoldirib turamiz.

Jabrlanuvchi: Bitta advokatning noaniq masalasi bilan shuncha vaqt ketdi, kun yarim bo‘ldi… (advokat jabrlanuvchining gapini bo‘ladi — tahr.).

Advokat Davron Ahmadov: Hurmatli sudya… (sudya advokatning gapini bo‘ladi — tahr.).

Shu vaziyatda zalda jabrlanuvchilar, advokatlar va sudya o‘rtasida munozara boshlanib ketdi. Hamma bir vaqtda bir-birini eshitmay gapirgani uchun kim nima deyotganiga ham tushunib bo‘lmay qoldi.

Sudya: Endi, bitta narsa… (jabrlanuvchilardan biri va advokat Davron Ahmadov bir paytda gapirib ketadi — tahr.).

Jabrlanuvchi: Endi, bitta narsa, biz hali [bu advokatning gapiga] qo‘shimcha qo‘shganimiz yo‘q. Hurmatida turibmiz… (sudya jabrlanuvchining gapini bo‘ladi — tahr.).

Sudya: Bitta narsa, advokat o‘zining pozitsiyasidan kelib chiqib turib, noqonuniy harakat qilayotgani yo‘q.

Jabrlanuvchi: Bizga gapirishga ruxsat bermayapti-ku, biz u odamni eshityapmiz-ku.

Sudya: Men sizga tushuntiryapman, sud tergovini boshlasak, fikringizni ham eshitamiz, biz hammani eshitamiz. Hali sud tergovini boshlamadim, og‘ayni, to‘g‘ri tushuning.

Jabrlanuvchi: Bugun ulguramizmi? Biz gapirishimiz kerak.

Sudya: Yo‘q, bugun protsessni qoldirib turamiz.

Jabrlanuvchi: Bir marta gapiraman. Uzr, hammaning hurmatida turib, gapiraman. Hozir mana shuncha odam yig‘ilyapti, jabrlanuvchilar to‘rtta. Hozir kelganlardan ikki nafarimizning bolamiz yotibdi-da. Bitta joyda yotibdi, bir yarim yil bo‘lyapti. Endi, Alloh rozi bo‘lsin, nechtasining, mana bu sherigimiz bolasi [allaqachon vafot etgan]. [Bu sud] qachongacha davom etadi, qachon ijrosi amalga oshadi?

Muhtaram sudya, biz kelsak, hurmatli advokat “Sizlarsiz ham o‘tadi”, deyapti. O‘zi bu sud jarayoni nima maqsadda bo‘lyapti? Bizning bolalarimiz kasal bo‘lgani uchun bo‘lyaptimi yoki masxarabozlik uchun bo‘lyaptimi? Kechirasizlar.

Sudya: Bular fikrini bildiryapti.

Jabrlanuvchi: Men ham fikrimni bildiryapman, nimaga qo‘shilyapti? Men gapirsam, og‘zimni yopyapsizlar-da. Mening bolam bitta joyda yotibdi. Kim javob beradi?

Sudya: Iltimos, iltimos. Ismingiz nima?

Jabrlanuvchi: Anvar ismim, muhtaram sudya.

Sudya: Anvarjon, qo‘ying, bir-birimizni anaqa qilmaylik… (jabrlanuvchi yana gapira ketdi, bir paytda sudya ham gapirgani uchun ikkisining ham nutqi eshitilmadi — tahr.).

Sizni eshitamiz, hammalaringizning hamma fikringizni eshitamiz. Tushuntira oldimmi? Hech kim qolib ketmaydi. Kerak bo‘lsa, hammani chaqiraman.

Jabrlanuvchi: Vaqt o‘tyapti.

Boshqa jabrlanuvchi: Hozir sud har hafta cho‘zilib-cho‘zilib kelyapti-ku, bolalarimizning muolajasi bor. [Kompensatsiya] undiriladigan bo‘lsa, undiriladimi yo yo‘qmi, aniq qilib berishi kerak. Chunki 26-fevralda qarori chiqdi-da, ikki oy o‘tdi.

Sudya: Yo‘q, hali hukm kuchga kirmagan. Apellyatsiyadan keyin qonuniy kuchga kiradi.

Jabrlanuvchi: Xo‘p, undan keyin ham ikki oy o‘tdi, hali tergov boshlanmadi-da.

Boshqa jabrlanuvchi: Bolam kunora “sudoraga” beryapti, har kuni bir marta o‘lim bilan olishyapti.

Sudya: Endi, bitta narsa, bitta narsa…

Jabrlanuvchilardan biri: Bu yerda bittasi vaqtim bo‘lmadi desa, ikkinchisi, boshqa narsa desa, shunaqa qilib qoldiraversak, [bolalarimiz] qanaqa ahvolda yotadi? O‘tgan safar ruschada tiniq gaplashgan bo‘lsa, 9 oy o‘sha inson gaplashdi-ku, o‘sha sudlarda tarjimonsiz ham rus tilida javob qaytarib o‘tirdi.

Sudya: Endi, og‘ayni, protsessual tartib-qoida borda. Bu qoidaga men ham rioya qilishim kerak. Tilni yaxshi bilmaydimi, tarjimon ishtirok etishi shart.

Jabrlanuvchilardan biri: Xo‘p, bizning qarshiligimiz yo‘q. Lekin 9 oy davomida tarjimonsiz ham tushunib, gapirib turgan odam oxiriga kelganda unaqa qilishi kerak emas-da. Insof ham kerak-da… (advokat jabrlanuvchining gapini bo‘ladi — tahr.).

Boshqa jabrlanuvchi: Bo‘ldi, biz gapirganda gapirmay turing. Siznikini bo‘lmayapmiz-ku. Hurmatli sudya, qachongacha davom etadi?

Sudya: Sud tergovini 29-aprelda 10:30 da o‘tkazamiz, tushunarlimi?

Sudlov hay’ati sud zalini tark eta boshladi.

Zaldagi jabrlanuchilar: Jurnalistlar bormi? Intervyu beraylik.

Hamma sud zalidan chiqqandan so‘ng jabrlanuvchilar jurnalistlarga sud majlisida ishtirok etishdan maqsadi, nega apellyatsiya sudidagi holatdan noroziligini so‘zlab berdi. Quyida jabrlanuvchilarning gaplari to‘liq holatda keltiriladi.

Jabrlanuvchilar murojaati

Birinchi jabrlanuvchi

Men Nodirbek Alijonovning otasi Anvar Abdullayevman. Farg‘ona viloyatidan keldim. Apellyatsiya sudida ikkinchi marta qatnashishim. O‘zim davlat ishida ishlaganligim sababli ayrim majlislariga [kelolmadim]. Sudning [hukmi] ijrosiga to‘liq ishongan holatda o‘sha yerda turib… (gapini tugallamaydi — tahr.). Avvalo Allohga ishonamiz. Bular hukmni chiqaraveradi, kimning aybdorligini baribir Alloh biladi.

Uyda bolamni [og‘ir] ahvolda ko‘rib, vijdonim qiynalganidan keldim. Bular allaqachon hamma qarg‘ishni olib bo‘lgan. Bu yerda kim o‘tiribdi, qaysi biri aybdorligini ham [bilmayman], bularni oldin tanimaganman, ko‘rmaganman. Faqatgina tergov jarayonida aybdor deb topilgani uchun sud hay’atidan shaffoflikni, qonuniy chora ko‘rishini umid qilib kelganmiz. Farzandimizning [holati uchun] ayblanuvchilarga nisbatan qonuniy chora ko‘rsin.

Bugun apellyatsiyaning ikkinchi jarayoniga qatnashdik. Bilishimizcha,. (gapini tugallamaydi — tahr.). Oldingilarida ham xabarlashib turardik, sheriklardan, jabrlanuvchilarning ota-onalaridan.

[Sizlarga intervyu berishni xohlashimizdan] maqsad — sud cho‘zilyapti. Bilishimizcha, sud o‘yin bo‘lyapti. Tepadagi nazorat qiluvchi organlar kelib, sud jarayonini tekshirsin. Kerak bo‘lsa, Oliy sud vakillari, boshqalar kuzatuvchi bo‘lib o‘tirsin.

Bitta advokatni deb, bitta tarjimonni deb [necha safardan beri qoldirilyapti]. Bir yilu besh oy vaqt o‘tyapti. Allohga shukr, nasib qilgan ekan, bizning Farg‘ona viloyat hokimimiz vijdonli, Alloh rozi bo‘lsin, qo‘llab-quvvatladi. Boshqa bir odam nima bo‘lyapti, kuning qanday o‘tyapti, qiynalmayapsanmi, deb so‘ragani yo‘q, oshna-og‘aynigarchilik, ishxona, Xudoga shukr, yordam beryapti. Hammasiga ming rahmat.

Lekin bu aybdor shaxslar… (gapini tugallamaydi — tahr.). Bugun sud jarayoniga keldik. Nima emish, advokatning gapi eshitilyapti, lekin biz fuqaroning gapi [eshitilmayapti]. O‘zi bu sud bizning bolalarimiz kasalligi uchun bo‘lyaptimi? Nima emish, bu bu yerga qatnashishimiz shart emas ekan.

Sudya uning (advokatni nazarda tutyapti — tahr.) gapini bemalol eshitib turibdi. Biz gapirsak, bizga ruxsat bermaydi. Ovozimizni… (gapini tugallamaydi — tahr.). Sud cho‘zilyapti. Oliy suddan, Bosh prokuraturadan ijroni nazoratga olish uchun kelishsin.

Bugun sudyaning vaqti yo‘q ekan. Shuning uchun qoldirildi. Bolalarning qanchasi vafot etgan. To‘rt-besh nafar, sanoqli bola omon qolgan. Alloh umrini berib, oldimizdaligiga shukr qilamiz. Bu yerga hech kim tilanchilik qilib kelgani yo‘q. Xudo rizqini, o‘zimizga kuch-quvvatni beryapti.

Shunchaki biz demokratik davlatda yashayapmizmi, qonun bilan ijrosini ta’minlab berishini so‘raymiz. Oxirigacha boramiz, kuchimiz yetganicha. Sababini qilamiz, Alloh beradi. Bulardan biz sariq chaqa so‘ragani kelganimiz yo‘q. O‘zbekiston davlati, mustaqil davlatda yashayapmiz, prezidentimizga ishonamiz, misol uchun.

Hozir bir milliard puli bilan bolam turib ketadi degan [kutilmamiz] yo‘q. Shifoni Alloh beradi. Muolajasiga sarflanadi. Biz andisha qilib, mayli, mayli deb keldik. Aytyapman-ku, men aniq bilmayman, bu yerda kim olib kirgan, [lekin] tergov organi, davlat organi tekshirib shularni aybdor deb topgan. Shularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bizga [kompensatsiya puli] kunlik muolajasiga kerak. Aytyapman-ku, Xudo yetkazyapti. Ertalab bolamning tong ottirishiga hech kim, ularning bir milliard puli [ham] kafolat bo‘lolmaydi. Misol uchun, 10 milliard bersa ham ertalabgacha bolamning tuzalib ketishiga, operatsiya qilib yaxshi bo‘lishiga [kafolat yo‘q]. Avvalo shifoni Xudo beradi.

Bu yerda “izdivatsa” bo‘lyaptimi, masxarabozlikmi, nohaqlik bo‘layotgani uchun bizga alam qilyapti. [Apellyatsiya]si bo‘lsa bo‘lsin. Bo‘lmasa yaqqol qarorni kuchga kiritsin. Biz qo‘limizdan kelganicha bolamiz uchun harakat qilyapmiz. Yuqori turuvchi organlarga chiqamiz, qilib bersin.

Bizning harakat qilishimizning sababi… (gapini tugallamaydi — tahr.). Aytyapman-ku, ularning arzimas puli bolamni turg‘izib qo‘ymaydi. Hozir kunlik xarajatimni ham o‘zim bilaman. Bu yerda hech bir ota-ona bolasiga ketayotgan xarajatlarni birovga reklama qilish uchun chiqmaydi. Lekin qaysidir bir dorisiga, muolajasiga yordam qilar. Bu noinsoflar birortasi borib xabar olmayapti-ku.

Men kerak bo‘lsa, birovlarga yalinyapman. Hozir har qanday ishga tayyorman. Meni ham oyligim to‘liq yetmaydi. Allohga shukr, davlat ishida ishlayman, oylik berib turibdi. Lekin bu narsa yetmaydi. Kunlik xarajatlari, boshqasi bor. Zondda yotibdi, hali-beri o‘tirgani yo‘q, boshqa qilgani yo‘q. Kulib, gapirib qolsa, men buyoqqa kelmasdim. Xudoga shukr deyman, hozir ham Xudoga shukr deyman.

Qonuniy davlatmi? Uyda o‘tirib, vijdonim qiynalganidan kelyapman. Ota bo‘lib nima qilaman men? Hech bo‘lmasa, qonuniy vakil bo‘lib nimadir qilishim kerakmi?

Ota-onalar bu sud zaliga ojizlik bilan yoki samimiylik bilan ishonib kelyapti. Shaffoflik kutyapti hamma narsadan, suddan, boshqadan. Hatto birortamiz advokat olganimiz yo‘q. Advokat olishga qurbimiz yetadi. Lekin bu narsa aniq-ku. Hammasi boshidan beri nima qilgan bo‘lsa, tan olib kelyapti-ku. Nimaga shuning ijrosini ta’minlab bermayapti?

Bizning advokatimiz faqat jurnalistlar bo‘lib qolyapti. Hammalaringga ming rahmat. Sizlar bo‘lmasalaring, balki sud zalida [nima bo‘lardi?]. Biz bilmaymiz, sud zalida hali… (gapini tugallamaydi — tahr.).

Nohaqlik degan so‘zni ishlatmaymiz, mayli. Lekin hali tugagani yo‘q-da. Tugamaganidan keyin gumon qilishga haqqimiz bor. Balki shu yerda tugab ketar. Shunday yopilib ketishi mumkin. Jurnalistlar bor ekan, oynai jahonga chiqyapti, butun xalq ko‘ryapti, eshityapti. Shunga nisbatan bularning vijdoni qiynalgan bo‘lishi mumkin.

Ikkinchi jabrlanuvchi:

Men Feruzbek Nuraddinov, farzandim Alibek O‘ktamovning qonuniy vakili bo‘lib qatnashyapman. Farzandim “Dok-1 Maks” siropidan ichib, zaharlangan, shu kunda og‘ir ahvolda. Nogiron bo‘lib qolgan, yurolmaydi, harakatlari yo‘q.

Zaharlangandan hozirgi vaqtgacha bir yarim yil o‘tdi. Sud boshlanganiga ham 9 oy bo‘ldi. Birinchi instansiya sudining qarori 26-fevralda chiqqan. O‘sha paytda jabrlanuvchilarga belgilangan summani ajratib bergandi. Shu bilan apellyatsiyaga berilgan, apellyatsiya sudi bo‘lyapti.

Birinchi qaror chiqqandan keyin ham hisoblab ko‘rsak, ikki oy bo‘ldi. Ikki oyni ichida uchinchi marta sud bo‘ldi. Birinchisida hindistonlik ayblanuvchiga tarjimon kelmay qoldi, ikkinchisida advokat xizmat safarida bo‘lib qolgan ekan, o‘sha bilan qoldi, bugun sudyaning ishi chiqib qolgan ekan — yana qoldi.

Ikki oydan beri hali hech qanaqa sud boshlangani yo‘q. Bizga aybdorlardan undiriladigan [kompensatsiya miqdori] dori, muolajalarimiz ajratiladigan summa ertaroq undirib bersa, farzandimizning muolajasini qilsak. Buning apellyatsiyasi davom etaversin, [ishimiz yo‘q]. Shunchaki, ertaga vaqt o‘tib ketgach bizga qancha pul bersa ham foydasi yo‘q. Hozir farzandimizning muolajasi bor, reabilitatsiyasi, boshqasi, ukol-dorisi bor.

Hozir farzandim ertalab to‘qqizdan kechki to‘qqizgacha har soatda ukol olyapti. Buning sarf-xarajatlarini yetkazib bo‘lmaydi. Qo‘llab-quvvatlab turganlar bor — ishxonamizdagi boshliqlarimiz, aka-ukalarimiz yordam qilib turibdi, lekin qachongacha birovdan qarz ko‘taramiz, yordam so‘raymiz? Bir marta, ikki marta yordam bergan bilan unga ham sal vijdon kerak-da, yuz kerak. Yuziga qanday qaraymiz?

Agar kompensatsiyaning undirib berilish chorasi bo‘lsa, ertaroq undirib beraverishsin. Undan keyin bu apellyatsiya sudini qachongacha davom etsa, etaversin. Bizga [bu ahamiyatli emas]. Biz bu yerga kelib, qatnashishdan maqsadimiz ham shu: hech bo‘lmasa, o‘sha [kompensatsiya puli] bolamizning oyoqqa turishi, kunlik muolajamiz uchun [ko‘mak bo‘lar] deb harakat qilyapmiz. Tirik bolalarni asrab qolish kerak.

Bularning sudiga qarab o‘tiraversak, bola kundan-kunga og‘irlashaversa, keyin bu sud bo‘lganining, qaror qabul qilinganining nima keragi bor. Keyin [ayblanuvchilarning] jazolanishi ham menga umuman qiziq emas.

Menga allaqachon… (gapini tugallamaydi — tahr.). Bu yerda aybi bormi, yo‘qmi, men bilmayman. Buni avvalo Xudo biladi. Lekin, mana, advokat hatto bizni gapirtirmayapti. “Bular kelmasa ham bo‘ladi”, deyapti. Bu yerda sudning asosiy maqsadi — jabrlanganlar uchun ko‘rib chiqish uchun bo‘lyapti-ku. Lekin bu yerda advokat: “Xohlasa kelsin, xohlamasa kelmasin”, deyapti.

Biz bu yerga ishimizni tashlab kelyapmiz, bekorchilikdan kelib o‘tirganimiz yo‘q. Bolamizning muolajasi, boshqa narsamizni ayolimizga tashlab, “Qarab turasan”, deb, ishimizdan ruxsat so‘rab kelyapmiz. Ishxonam ham hadeb, kunda ruxsat beravermaydi-ku.

O‘shaning chorasini ko‘rib, yuqori turuvchi organlar kelib qatnashsami, iloji bo‘lsa, kompensatsiya masalasini undirishni ko‘rib beraversin. Hozir qancha ota-ona bo‘ynigacha qarzga botib ketgan.

Oldingi sud qarori chiqdi, kimlardandir oldi-berdimiz bor, berishimiz kerak. To‘g‘ri, ular so‘rolmayapti, lekin berishimiz kerak-da, bo‘ynimizda turgan qarz u. Hozir bu yoqda bola-chaqamizning yashashi, kasal farzandimizning muolajasi, qarz bor, qaysi biriga yetkazishni bilmayapmiz.