2024-yilning 26-fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudida sudya Muso Yusupov raisligida dori vositasi bilan bog‘liq jinoyat ishi (“Dok-1 Maks” ishi)ni ko‘rib chiqishning birinchi instansiya jarayoni tugab, 23 ayblanuvchiga sud hukmi e’lon qilingan edi.

Hukmdan norozi bo‘lgan yetti sudlanuvchi sudga apellyatsiya shikoyatini kiritgan. 5-aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudida sudya Muzaffar Ahmedov raisiligida apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish jarayoni boshlangan edi. “Gazeta.uz” muxbirining xabar berishicha, 15-aprel kuni apellyatsiya shikoyati bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘ldi.

Sudlanuvchilardan birining advokati sudga kelmaganligi sababli sudlov hay’ati muhokama qismiga o‘tmadi. Faqat ish bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmi, apellyatsiya shikoyatlarining mazmuni va arizalar o‘qib eshittirildi.

Ta’kidlash lozimki, 5-aprel kuni boshlangan apellyatsiya sudida hindistonlik sudlanuvchi uchun tarjimon ko‘ngildagidek tarjima qilolmagani bois sud majlisi qoldirilgan. 15-aprel kuni bo‘lgan ikkinchi majlisda esa hindistonlik sudlanuvchining advokati kelmadi, shu bois muhokama qismiga o‘tilmadi, bu holat esa majlisni kuzatayotgan jabrlanuvchilarning e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Apellyatsiya shikoyati kiritgan sudlanuvchilar

  • Singh Ragvendra Pratap — “Quramax Medical” MCHJ direktori lavozimida ishlagan,
  • Sardor Kariyev — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori va uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori lavozimlarida ishlagan,
  • Amirxon Azimov — “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan,
  • Nodirbek Musayev — “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori o‘rinbosari, Farmakopeya qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimlarida ishlagan,
  • Shoyusup Shodmonov — “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi vitse-boshlig‘i lavozimida ishlagan,
  • Sherzod Abdug‘aniyev — “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ direktori o‘rinbosari lavozimida ishlagan,
  • Islombek Mirzayoqubov — “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ Sinov markazi rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Sud tafsilotlari

Sudya: Sud majlisini davom ettiramiz. Singh Ragvendra Pratapning advokati Davron Ahmadov kelmagan ekan. Qolgan hamma advokatlar shu yerda. Agar e’tirozlar bo‘lmasa, hozir kimga nima jazo tayinlanganligi hamda shikoyat-vajlarini o‘qib eshittirsak. Shuncha odam kelgan, bu [galgi sud majlisini] ham bitta advokat kelmadi, deb qoldirishimiz [to‘g‘ri bo‘lmaydi]. Keyingi safar u [advokat]dan vajlarni qo‘llab-quvvatlashi haqida so‘rasak bo‘ladi.

Advokatlardan biri: Hurmatli raislik qiluvchi, [bu] to‘g‘ri deb o‘ylayman, vaqt tejash maqsadida [shunday qilish kerak].

Sudya: Shunday, bir haftada bir marta bo‘lyapti-da. Qolganlarda ham e’tirozlar yo‘qmi? (jimlik — tahr.). Ommaviy axborot vositalaridan kim kelgan? Kelgan, deb aytishdi.

Ta’kidlash lozimki, “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha apellyatsiya sudining boshlanishi haqida jamoatchilikka xabar berilmagan. OAV dastlabki apellyatsiya sudida ishtirok etmagan. 9-aprel kuni apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish boshlangani haqida “Daryo” nashri o‘z manbasidan xabar topgach, Toshkent shahar sudi matbuot xizmati bilan bog‘langan va shahar sudi matbuot kotibi apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish boshlanganini tasdiqlab, keyingi sud 15-aprelda bo‘lib o‘tishi haqida ma’lumot bergan.

Jurnalistlar: “Sevimli” telekanali, “Gazeta.uz”, “Daryo” internet-nashrlari.

Sudya: Bitta narsa, faqat mening ruxsatim bilan sud zalida ishtirok etasizlar. Oldingi safarlarda ogohlantirgandim, sudlanuvchilarni video, rasmga olishga yo‘l qo‘yilmaydi. Chunki bularda hukm hali kuchga kirmagan. Agar rasm, videoga olib chiqarish holatlari bo‘lsa, aybsizlik prezumpsiyasi bo‘yicha munosabat bildiraman. Men OAV xodimlari uchun faqat ishtirok etish, yoritib borishga ruxsat berdim.

Shundan so‘ng tarjimon shaxsiga aniqlik kiritildi. U noto‘g‘ri tarjima qilganlik uchun jinoiy javobgarlik bilan ogohlantirilib, qasam-imzoga qo‘l qo‘ydi. Tarjimon o‘zining huquqlari bilan tanish ekanini ta’kidladi.

Sudya: Ish bo‘yicha yangi advokatlar qo‘shilgan ekan, Xodjayeva, Imomov. Demak, sizlarga sud tarkibini e’lon qilaman. Raislik etuvchi sudya Muzaffar Ahmedov bo‘laman, tayanch sudyalar Dilmurod Valiyev, Faxriddin Xalilov, kotib Davlat Olimov ishtirokida. Prokuror Muzaffar Komilov bu safar kelolmadi, ularning o‘rinlariga Toshkent shahar prokuraturasidan bo‘lim prokurori Ulug‘bek Muhsinov ishtirok etadi. Sud tarkibiga raddiyalar, e’tirozlar yo‘qmi? (jimlik — tahr.). Tushunarli.

Oldingi safargi majlisda shaxslarni aniqlab, hammaning huquqlarini tushuntirib, sud tergovini boshlagan edik. Tarjimonimiz tarjima qilib berolmaganligi sababli majlis boshqa kunga qoldirilgandi.

Sudya apellyatsiya shikoyati kiritgan yetti nafar sudlanuvchilarga birinchi instansiya sudida e’lon qilingan hukmni o‘qib eshittirdi.

Sudlanuvchi Singh Ragvendra Pratap va advokati Davron Ahmadov tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyati

Advokat Ahmadov apellyatsiya shikoyatida sud hukmidan noroziligi, hukm noqonuniy va asossiz bo‘lgani, himoyasi ostidagi sudlanuvchi Singh Ragvendra Pratapning aybini isbotlovchi biror bir obyektiv dalillarsiz hukm chiqarilib, unga nisbatan 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangani, sud sudlanuvchi Singh Ragvendra Pratapning huquqlari qo‘pol buzilganlik holatiga e’tibor bermagani, ish yuzasidan zarar summalari noto‘g‘ri hisoblangani, sudlanuvchi Singh Ragvendra Pratap tomonidan davlat va jamiyatga yetkazilgan zararning haqiqiy summasi va miqdori aniqlanmagani, uning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud emasligi, Singh Ragvendra Pratapning ayblovida qasd, hech qanday maqsad va motiv bo‘lmagani, chunki u jinoyat sodir qilmagani, “Dok-1 Maks” dori vositasi tarkibida aniqlangan etilenglikol moddasining aniqlanishi, “Dok-1 Maks” va bolalar o‘limi o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish mavjudligi tergov organining ayblov xulosasida ham, sud tergovi davomida ham tasdig‘ini topmaganligini, sud protsessida davlat sud ekspertlari Xolmirzayev, Sultonova va boshqa barcha ekspertlar bila turib yolg‘on ko‘rsatuv bergani, ish yuzasidan [olib borilgan] tadqiqot natijasiga ko‘ra, bolalar o‘limi va siroplardan topilgan etilenglikol moddasi o‘rtasida umuman sababiy bog‘lanish yo‘qligi va boshqa vajlarni [keltirib] sud hukmini bekor qilish, Singh Ragvendra Pratapga nisbatan oqlov hukmi chiqarishni so‘ragan.

Sudlanuvchi Sardor Kariyev va uning advokati Rahmatov tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyati

Advokat ular sud hukmidan noroziligi, himoyasi ostidagi sudlanuvchi Kariyevga nisbatan ayblov hukmi chiqarilishida qonun talablari va Oliy sud Plenumi qarorlari tushuntirishlariga rioya qilinmagani, Kariyevni oqlovchi dalillar to‘liq tekshirilmagani, ishdagi holatlarga to‘g‘ri huquqiy baho berilmagani, sudlanuvchi va guvohlarning bir-biriga qarama-qarshi va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ko‘rsatuvlariga asoslanib hukm chiqarilgani, na dastlabki, na sud tergovida Kariyevni “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siropi dori vositalari tarkibida propilenglikol o‘rniga etilen yoxud dietilenglikol kabi yot moddalar bo‘lganligi, go‘yoki bu haqida bilgan “Quramax Medical” MCHJ direktori Singh bilan til biriktirganligi haqida dalillar aniqlanmagani, himoyasi ostidagi sudlanuvchi Kariyevni Jinoyat kodeksining 186−3-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlari hamda 209-modda 2-qismi “a” bandida ko‘rsatilgan jinoyatlarni qasddan sodir etganligini tasdiqlovchi dalillar yetarli bo‘lmagani sabab birinchi instansiya hukmini asossiz hisoblab, sud hukmini bekor qilishni va Kariyevning ishtirokida ushbu apellyatsiya instansiyasida ishi ko‘rib chiqilishini so‘ragan.

Sudlanuvchi Amirxon Azimov va uning advokati Husanov tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyati

Unda Advokat Husanov himoyasi ostidagi Azimov aybini tan olmagani, ayblov to‘liqligicha taxminlarga asoslangani, dastlabki tergov to‘liq olib borilmagani, Azimovning aybini inkor etuvchi va uning vajlari o‘rganilmagani, ayblov hukmi taxminlarga asoslangan bo‘lishi mumkin emasligi, ish yuzasidan pora predmeti yo‘qligi, sud tomonidan Azimovga nisbatan jazo tayinlashda uning sodir etilgan jinoyatlarda aloqasi yo‘qligi, uni muqaddam sudlanmagani, oilaviy ahvoli, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari borligi, oilada yagona boquvchi ekanligi inobatga olinmasdan asossiz ravishda uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanganligini ko‘rsatib, Azimovga nisbatan chiqarilgan hukmni bekor qilib, uning harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli uni aybsiz deb topib, reabilitatsiya qilishni so‘ragan.

Sudlanuvchi Sherzod Abdug‘aniyev tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyati

U shikoyatida sud hukmidan noroziligi, dastlabki tergov va sud tergovi davomida tekshiruv uchun olingan dori vositalaridan qancha miqdorda ortib qolingani, ularning aslida kimga tegishli ekani, yetkazilgan zarar miqdoriga aniqlik kiritilmagani, moddiy qimmatliklar egalarining da’vosi bor yoki yo‘qligi o‘rganilmagani, uning holatida jiddiy ziyon yetkazilganlik holati umuman tasdiqlanmagani va boshqa vajlarni keltirib, apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish va sud hukmining unga oid qismini bekor qilib, uni Jinoyat-protsessual kodeksining 83-modda 2-bandiga asosan oqlashni so‘ragan.

Sudlanuvchi Shoyusup Shodmonov va uning advokati Mengliqulov tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyati

Shikoyatda Advokat Mengliqulov Shodmonovning ushbu jinoyatdagi aybi aniqlashtirilishi, aybli harakatlari dalillar bilan tasdiqlanishi aniq ko‘rsatilishi lozimligi, ish yuzasidan qarama-qarshiliklar bartaraf qilinmagani, jinoyat ishining ko‘rilishida Shodmonovning aybli ijtimoiy xavfli qilmish sodir qilgani o‘z tasdig‘ini topmagani, sud ish bo‘yicha to‘plangan dalillarga sud majlisida tekshirilgan va sud majlisi bayonnomasida o‘z aksini topgan dalillarga asoslanmasdan Shodmonovning aybi o‘z tasdig‘ini topmagani, sud tayinlangan inspeksion tekshiruvni bekor qilish Davlat markazi ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan Shodmonovning vakolatiga kiritilmaganiga e’tibor qaratmagani va boshqa vajlarni bayon qilib Jinoyat kodeksi, Oliy sud Plenum qarorlari, protsessual qonun normalari, insonparvarlik va odillik prinsiplari talablaridan kelib chiqib, sud hukmining Shodmonovga oid qismini bekor qilib, uni Jinoyat-protsessual kodeksi 83-moddasining 1-qismi, 3-bandiga asosan oqlashni va sud zalidan ozod qilishni so‘ragan.

Sudlanuvchi Nodirbek Musayev tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyati

Unda Musayev sud hukmi asossiz va adolatsiz chiqarilgani, ish yuzasidan hech qanday dalillar yo‘qligi, unga qo‘yilgan ayblovdagi moddalar sanksiyasida eng og‘ir jazo 15 yil deb ko‘rsatilgani, ammo unga nisbatan 16 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi noto‘g‘ri tayinlangan deb hisoblashini va boshqa vajlarni bayon qilib, unga nisbatan uning aybi bo‘lmaganligi sababli oqlov hukmi chiqarishni so‘ragan.

Sudlanuvchi Islombek Mirzayoqubov tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyati

U shikoyatda sud tergovi davomida unga qo‘yilgan ayblov o‘z isbotini topmagani, ish yuzasidan hech qanday dalillar yo‘qligi, davlat va jamoat manfaatlariga hech qanday zarar yetkazilmagani, u dastlabki tergov va sud tergovi jarayonida haqiqatni yashirmasdan ko‘rsatma bergani, uning harakatlarida Jinoyat kodeksning 205-modda 2-qismi “a” bandi 209-modda 2-qismi “a” bandi bilan noto‘g‘ri malakalanganini ko‘rsatib, uning harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lmagani, davlat va jamoat manfaatlariga zarar yetmaganligi holatini inobatga olib, unga nisbatan oqlov hukmi chiqarishni so‘ragan.

Sudya: Bundan tashqari bir qancha arizalar kelib tushgan. Toshkent shahri sudining raisi qabuliga Sardor Kariyevning onalari Munira Jo‘rayevna Kariyeva tomonidan ariza berilgan ekan. Ular o‘g‘li Kariyevga nisbatan og‘ir jazo tayinlanganini ko‘rsatib, birinchi instansiya sudida o‘g‘li Kariyevga nisbatan jazo tayinlash qismini bekor qilib, jabrlanuvchilarga to‘lashi kerak bo‘lgan ma’naviy zarar pulini uch yil ichida bo‘lib-bo‘lib to‘lash uchun muddat berib, unga nisbatan ozodlikdan mahrum bo‘lmagan jazo tayinlab berishni so‘ragan.

Muhokamani advokat [Ahmadov] kelgandan keyin qilamizmi unda? (jimlik — tahr.).

Advokatlardan biri: Hurmatli sud, Ahmadov bilan Telegram’dan ulandim. Keyinga qoldirishdi, deb aytaveraymi?

Sudya: Bitta narsa — Telegram bu Telegram-da. Videokonferensaloqa tartibi bo‘lsa, muammo yo‘q edi. Telegram Jinoyat protsessual-kodeksida nazarda tutilmagan-da. Ertaga shu ham muammo bo‘lishi mumkin. Shuning uchun sud majlisini 22-aprelga qoldiramiz. Faqat sizlardan iltimos — hamma soat 10:30 dan kech qolmay kelsin. Keyingi safar muhokamaga o‘tib, iltimosnomalar, boshqalar bo‘lsa, ko‘rib chiqaveramiz.

Sudlov hay’ati turib ketayotganda zaldagi jabrlanuvchilar ularni so‘roqqa tutdi.

Jabrlanuvchilardan biri: Biz jabrlanuvchilar shunday kelib ketaveramizmi?

Boshqa jabrlanuvchi: Nimaga u advokat sudning hurmatini qilmasdan sudga kelmadi.

Sudya: Shuning uchun keyingi safar ogohlantiramiz.

Jabrlanuvchi: O‘tgan safar ham shunaqa bo‘lgan.

Yana boshqa jabrlanuvchi: Biz shuncha joydan kelib-ketavermaymiz-ku! Uning advokatini almashtirish kerakmi, chora ko‘ringlar. O‘tgan safar ham shu muammo bo‘ldi. Uzoq viloyatlardan kelganlar bor.

Sudya: Sizlar Namangandan kelyapsizlarmi? Agar ovora bo‘layotgan bo‘lsangiz, Namangan viloyat sudiga borsangiz, videokonferensaloqaga ulab qo‘yaveramiz.

Jabrlanuvchilardan biri: Hurmatli sudya, o‘tgan safar tarjimonni muammo qilishdi, bu safar advokati kelmagan, oldingi safarlardagi sudlarda ruscha gapirayotgandi, hech qanaqa tarjimon kerak bo‘lmayotgandi-ku.

Sudya: Bitta narsa, chet el fuqarosi… (jabrlanuvchi sudyaning gapini bo‘ladi — tahr.).

Jabrlanuvchi: [Bunaqa qoldirishdan] maqsad nima? Faqat cho‘zib-cho‘zib, “udalit” qilib yuborishmi yoki boshqa narsami? To‘g‘risi, allaqachon yetib keldi-da.

Sudya: Keyingi protsessda nima e’tirozingiz bo‘lsa, ayting, eshitamiz.

Jabrlanuvchi: Hozir hindistonlikning advokati Telegram’dan chiqibdi-ku.

Sudya: Akajon (qo‘lidagi qalin Jinoyat-protsessual kodeksini ko‘rsatib — tahr.), mana bu qonun bo‘yicha Telegram nazarda tutilmagan, faqat videokonferensaloqa deyilgan. Men Telegram’dan jarayonga ulolmayman.

Shu bilan dastlab sudlov hay’ati, so‘ng sud zaliga yig‘ilganlar zalni tark eta boshladi. Ular orasida Surxondaryo, Namangan, Jizzax viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahridan to‘rt jabrlanuvchi ham bor edi. Jabrlanuvchilar jurnalistlar bilan suhbatda har bir sud majlisida qatnashish niyatida ekanliklarini, viloyatlardan kelib qatnash kamida 500 ming so‘mga tushayotganini ma’lum qildi va jarayon turli sabablar bilan kechiktirilayotganidan noroziligini bildirdi.