2-fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tgan edi. Unda Quramax Medical MCHJning sobiq direktori, sudlanayotgan S.R.P.ga dastlabki tergovda tarjimonlik qilganlar guvoh sifatida ko‘rsatma berdi. Yana bir sudlanuvchi, Farmagentlik huzuridagi Davlat markazi ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi vitse-boshlig‘i lavozimida ishlagan Sh. Sh. tergov davomida o‘ziga va unga qarshi ko‘rsatma berish uchun boshqa sudlanuvchilarga nisbatan jismoniy va ruhiy bosimlar o‘tkazilgani haqida gapirdi.

“Gazeta.uz” 2023-yilning 10-noyabridan boshlab “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sud jarayonlarini imkon qadar to‘liq yoritayotgan edi. 2024-yil yanvar oyidagi sudlar soni ko‘p va hajm jihatdan katta bo‘lgani bois, ularni matnlashtirish ishlari hali davom etmoqda. Matnlashtirish jarayoni navbatdagi sud majlislari tafsilotlari nashr etilishining kechikishiga sabab bo‘lmasligi uchun fevraldagi dastlabki sud majlisi tafsilotlarini bayon qilinadi.

Dastlab sudya yordamchisi tomonidan sud tarkibini o‘qib eshittirildi.

Sud majlisidagi sudlanuvchilarning yaqinlari safida Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili, konsul o‘rinbosari Diraj Soni (Shri Dheraj Kumar Soni) ham bor edi. Sudlanayotgan Quramax Medical MCHJ direktori, hindistonlik S.R.P.ning advokatiga ko‘ra, konsul o‘rinbosari S.R.P.ning tergovda bosimga uchraganligi to‘g‘risida 29-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan sudda bergan ko‘rsatmasidan so‘ng undan xabar olgani kelgan.

Sudya: Muhtaram jarayon ishtirokchilari, sudlanuvchilarimizning ayrim advokatlari ishtirok etmayapti. Lekin himoya huquqi buzilmagan, boshqa advokatlar sudda ishtirok etyapti. Sudlanuvchilarimiz e’tiborida bir nechta advokatlar bor. Sudni davom ettirishga sudlanuvchilarimizdan e’tirozlar yo‘qmi?

Sud zalidan: Yo‘q.

Sudya: Advokatlarimizdan e’tirozlar yo‘qmi?

Sud zalidan: Yo‘q.

O‘zbek-ingliz, ingliz-o‘zbek tili tarjimoni ko‘rsatmasi

Sudya: Sud majlisini davom ettiramiz, muhtaram protsess ishtirokchilari. Biz oldingi sud jarayonida sudlanuvchimiz S.R.P.ning tazyiq o‘tkazilganlik, tan jarohati olganlik haqidagi ko‘rsatuvlaridan kelib chiqib, sog‘liq holati yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlagan edik. Ekspertiza xulosasi keldi, jinoyat ishiga manfaatdor shaxslar ish hujjatlari bilan tanishib, ekspertiza xulosasini o‘rganishlari mumkin. Qisqacha o‘qib eshittiramiz.

Sud tomonidan tayinlangan ajrim yuzasidan 2024-yil 30-yanvarda sud-tibbiy ekspertizasi o‘rganishi boshlanib, 2024-yil 31-yanvarda tugallangan. Unga ko‘ra, S.R.P.ning tibbiy ko‘rigi yuzasidan [keltirilgan] savollar inobatga olingan holda quyidagi to‘xtamga keldik. Tibbiy ko‘rik vaqtida S.R.P.ning tanasida biror jarohatlar topilmagan.

Shu bilan birgalikda tarjima qilish bilan bog‘liq jarayonda qonun talablari buzilganligi haqidagi murojaatga asosan sud tashabbusi bilan aynan dastlabki tergov jarayonida sudlanuvchimizga tarjimon bo‘lib ishtirok etgan tarjimonni bugun [sudga] qatnashish, shaxsiga aniqlik kiritishga taklif etdik. Marhamat, Normatov.

(Guvohlar sud zalidan tashqarida turadi. Sudya yordamchisi tarjimonni chaqirib keldi — tahr.)

Sudya: Assalomu alaykum. Marhamat, o‘zingizni tanishtiring, ism-sharifingiz.

Guvoh: Ismim Normatov Haydar Zafar o‘g‘li.

Sudya: Qachon, qayerda tug‘ilgansiz?

Guvoh: 2001-yil 14-yanvarda, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida tug‘ilganman.

Sudya: Millatingiz?

Guvoh: O‘zbek.

Sudya: Ma’lumotingiz?

Guvoh: Oliy.

Sudya: Bugungi kunda qayerda ishlaysiz?

Guvoh: Jahon tillari universitetining bakalavr bosqichini bitirganman. Hozirda Vebster universitetida magistraturada o‘qiyman.

Sudya: Faqat o‘qiysizmi yoki ishlaysiz hammi?

Guvoh: Ishlayman.

Sudya: Qayerda ishlaysiz?

Guvoh: O‘quv markazida o‘qituvchilik qilaman.

Sudya: Tushunarli. Qaysi o‘quv markazida o‘qituvchi lavozimida ishlaysiz?

Guvoh: “Everest” o‘quv markazida.

Sudya: Oilangiz bormi, uylanganmisiz?

Guvoh: Yo‘q.

Sudya: Bo‘ydoq. Tushunarli. Yashash manzilingiz?

Guvoh: Sharof Rashidov tumani, (uy manzilini ham aytadi — tahr.).

Sudya: Muqaddam sudlanganmisiz?

Guvoh: Yo‘q.

Sudya: Narkologik, psixologik dispanserda turasizmi?

Guvoh: Yo‘q.

Sudya: Sudlanuvchilarimizni taniysizmi?

Guvoh: S.R.P.ni.

Sudya: Qarindoshchilik?

Guvoh: Yo‘q.

Sudya: Adovat?

Guvoh: Yo‘q.

Sudya: Marhamat, protsess ishtirokchilari, [bu] tarjimon bo‘lib qatnashgan guvohimiz. Advokatlarimizda, prokurorimizda shaxsiga oid savollar bormi?

Advokat Davron Ahmadov (sudlanayotgan Quramax Medical kompaniyasi direktorining himoyachisi — tahr.): Bakalavrni qaysi universitetda o‘qigansiz?

Guvoh: Jahon tillari universiteti, ingliz tili filologiyasi va tillarni o‘qitish fakultetini bitirganman.

Advokat Davron Ahmadov: O‘qituvchi bo‘lib chiqqansiz, to‘g‘rimi?

Guvoh: Ham o‘qituvchi, ham tarjimonlikka.

Advokat Davron Ahmadov: To‘g‘ri javob beryapsizmi?

Guvoh: Ha, filologiya va tillarni o‘qitish.

Advokat Davron Ahmadov: Filologiya va tillarni o‘qitish, to‘g‘rimi?

Guvoh: Shunday.

Sudya: Marhamat, yana kimda savollar bor? (jimlik — tahr.). Bitirgan yilingiz?

Guvoh: Bakalavr bosqichini 2023-yil bitirdim, shu yilning o‘zida magistraturaga kirdim.

Sudya: Birinchi kurs talabasisiz?

Guvoh: Bir yil davom etadi.

Advokat Davron Ahmadov: Savolim bor edi.

Sudya: Marhamat.

Advokat Davron Ahmadov: Qachon tugatdingiz bakalavrni?

Sudya: 2023-yil, hozir aytdi.

Guvoh: 2023-yil.

Advokat Davron Ahmadov: Kunini ayting, diplom olgan kuningizni ayting, yozilgan.

Sudya: Hech bo‘lmasa oyi, agar kunini eslolmasangiz.

Guvoh: Iyul oyida.

Advokat Davron Ahmadov: Savol yo‘q.

Sudya: Shaxsiga oid boshqa savollar yo‘qmi? (jimlik — tahr.) Unda Normatov, sizni ish bo‘yicha so‘rashdan oldin Jinoyat kodeksining 238−240-moddalari bilan tanishtirib, ogohlantirib o‘tamiz. Sudda yolg‘on ko‘rsatma bermaslik lozim. Agar shunaqa holatlar aniqlansa, qonunda jinoiy javobgarlik mavjud (guvoh qasam-imzoga qo‘l qo‘yadi — tahr.).

Sizni so‘rashdan oldin huquq va majburiyatlaringizni tushuntirib o‘tamiz. Sudda ishtirok etayotgan vaqtda advokat xizmatidan foydalanishingiz mumkin. Ish bo‘yicha olib borilmagan tilga tushunmasangiz, tarjimon xizmatidan foydalanishingiz mumkin. Sudga ko‘rsatuvlaringizni yozma taqdim etish hamda protsess ishtirokchilarining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lsangiz, shikoyat keltirish huquqlariga egasiz. Majburiyatlar: sud chaqirganda sudda hozir bo‘lish, o‘rnatilgan tartibga rioya etish shart. Tushunarlimi?

Guvoh: Ha.

Sudya: Nima uchun chaqirilganingizni tushuntiramiz. Siz tergov jarayonida tarjimon bo‘lib qatnashganmisiz?

Guvoh: Xuddi shunday.

Sudya: Qachon, kimga, qancha vaqt tarjimon bo‘lib qatnashdingiz?

Guvoh: O‘tgan yili, 2023-yilda adashmasam, yanvar oyining oxiridan boshlangan edi. O‘sha oraliqda boshlangan vaqtda nima vazifa bersa, o‘shani tarjima qilib turganman.

Sudya: Tushunarli. Qaysi davrgacha?

Guvoh: Adashmasam, mart oyigacha borganman. Keyin oxirgi marta yoz, iyun oyida qatnashganman.

Sudya: Tushunarli. Tergov jarayoniga qatnashgansiz, [IELTS sertifikatingiz] ham bor ekan, qo‘shilgan. Ko‘rsatuvlarni qaysi tildan tarjima qilib bergansiz?

Guvoh: Ingliz tilidan o‘zbek tiliga.

Sudya: Faqat ingliz tilida qatnashgansiz, rus tilidan qatnashmagansiz?

Guvoh: Yo‘q, rus tilidan qatnashmaganman.

Sudya: Tarjima jarayonini to‘liq, batafsil yoritganmisiz?

Guvoh: Inspektor o‘zbek tilida nima savol bersa, o‘shani tarjima qilib berganman.

Sudya: Sizga sudlanuvchi o‘sha vaqtda “Men tushunmadim, o‘sha narsani tushuntirib bering”, deb e’tiroz bildirganmi? Yoki tarjima qilib bergan fikrlaringizdan qoniqmagan payti bo‘lganmi?

Guvoh: Yo‘q, “Nima savolingiz bo‘lsa, so‘rang”, deganman. “Hammasi joyida”, degan, tushungan va o‘zbek tiliga tarjima qilib berganman.

Sudya: Tushunarli. Siz tarjimon bo‘lib tergov jarayonida ishtirok etgansiz-a?

Guvoh: Ha.

Sudya: O‘sha vaqt davomida organ xodimlari tomidan noqonuniy harakatlar amalga oshirilganini ko‘rganmisiz?

Guvoh: Yo‘q.

Sudya: Tazyiq o‘tkazish, baqir-chaqir yoki urish.

Guvoh: Yo‘q. Yo‘q, shunday oddiy suhbat bo‘lardi.

Sudya: Unga guvoh bo‘lmagansiz?

Guvoh: Yo‘q.

Sudya: Sizning o‘zingizga bosimlar o‘tkazilganmi?

Guvoh: Yo‘q.

Sudya: Majburlash holatlari bo‘lganmi? Shunga qo‘l qo‘ying degan narsalar.

Guvoh: Yo‘q.

Sudya: Bo‘lmaganmi unaqa narsalar?

Guvoh: Yo‘q.

Sudya: Bo‘lmagan, tushunarli. Xalq maslahatchilari savollar bormi? (jimlik — tahr.). Muhtaram prokurorimizda savollar bormi?

Prokuror: Savolim bor. Siz S.R.P.ga o‘sha taqdim qilingan hujjatlarni tarjima qilmasdan “Shu hujjatlarga qo‘l qo‘ying”, [deb] aytganmisiz? Tarjima qilmasdan turib, hujjatlarga qo‘l qo‘yish haqida.

Guvoh: Yo‘q, hammasini o‘qib tanishib chiqardi, unday bo‘lmagan.

Prokuror: Tarjima qilgandan keyin qayeriga qo‘l qo‘yishi, imzo qilishini ko‘rsatgansiz?

Guvoh: Ha.

Sudya: Tushundingiz-a? Tergov qilmasdan yoki tarjima qilmasdan, hujjatlarni tushuntirmasdan [turib], “Tushunganligingiz haqida qo‘l qo‘yib bering”, deb murojaat qilganmisiz?

Guvoh: Yo‘q. Hammasini 100 foiz… (gapini tugallamaydi — tahr.)… “Tushunmagan joyingizni so‘rang”, deganman, so‘ragan. Tushunmagan bo‘lsa, tushuntirib berganman. Unaqa narsa bo‘lmagan. Nimani so‘ragan bo‘lsa, o‘sha narsaning o‘zini tarjima qilib berganman. Oxiri[da] qo‘l qo‘ygan.

Sudya: Marhamat, advokatlarimizda savollar bo‘lsa.

Advokat Davron Ahmadov: Men hozir so‘rov bayonnomasini topdim. Bu so‘rov bayonnomasi 2022-yil 27-dekabrda qil[in]gan ekan, to‘g‘rimi?

Guvoh: 22-dekabrda?

Advokat Davron Ahmadov: 2022-yil 27-dekabrda. Nurmatov S. siz bo‘lasizmi?

Guvoh: Yo‘q, men Normatov Haydarman.

(Aslida sud zalidan tashqarida turgan bo‘lsa-da, bir guvoh o‘zining ismini eshitiboq zalga kirib keldi va “Nurmatov S. menman”, dedi — tahr.).

Sudya: Siz chiqib turing, hozir chaqiramiz.

Advokat Davron Ahmadov: Normatov Haydarmisiz?

Guvoh: Aha.

Advokat Davron Ahmadov: Siz tarjima qilganingizda qaysi advokat qatnashgan?

Guvoh: Advokatning ismini bilmayman. Ismini bilmayman. Menimcha, siz bor edingiz, to‘g‘rimi?

Advokat Davron Ahmadov: Men bor edimmi?

Guvoh: Bor edingiz shekilli o‘shanda? Advokatlarning ismini bilmayman.

Advokat Davron Ahmadov: Siz bilan tergovda qachon uchrashganmiz? Nechanchi yil?

Guvoh: O‘tirgan paytimizda bo‘lgansiz-ku.

Advokat Davron Ahmadov: Yozdami, kuzdami? Institutni bitirishingizdan oldinmi yoki keyinmi?

Guvoh: Universitetimni bitirishimdan oldin. Nima payti, sud, e, tergov paytida.

Advokat Davron Ahmadov: Tergov tugagandan keyin, ayb qarori chiqqandan keyin yana tanishtirishda qatnashganmiz, shundaymi?

Guvoh: Ha, o‘sha payti.

Advokat Davron Ahmadov: O‘sha paytda mening oldimda loaqal bitta so‘z tarjima qildingizmi?

Guvoh: Ha.

Advokat Davron Ahmadov: Hozir qasam ichdingiz?

Guvoh: Ha, tarjima qildim.

Advokat Davron Ahmadov: Qaysi so‘zni tarjima qildingiz?

Guvoh: Hamma, ingliz tilidan nima so‘ragan bo‘lsa [o‘shani].

Advokat Davron Ahmadov: Nima so‘zni tarjima qildingiz, eslay olasizmi?

Guvoh: Eslay olaman. Hech qanday shikoyatim yo‘q, I have not… (advokat guvohning gapini bo‘ladi — tahr.).

Advokat Davron Ahmadov: Shikoyat emas, qanaqa shikoyat haqida gap ketyapti? Shikoyat oxirida aytiladi, hammasi tugagandan keyin, “Bo‘ldi, mening shikoyatim yo‘q tergovdan, tarjimondan, advokatdan”, deyish mumkin. U shikoyatdan oldin besh soatlik so‘roq bo‘ladi, bir kunlik so‘roq bo‘ladi. Shuni so‘rayapman. Shu so‘roq davomida qanaqa savollar, loaqal bittasini tarjima qildingiz-u, qaysi savolga qanaqa javob berdi? Shuni ayting, bo‘ldi.

Guvoh: Oddiy. Savollarni so‘ragan payti “Tushundingizmi?” dedi, “Tushundim”, dedi.

Advokat Davron Ahmadov: Oldingizda men o‘tirgandim-a?

Guvoh: Oxirgi yakunlanish paytida bor edingiz.

Advokat Davron Ahmadov: Xo‘p, yakunlanish paytida nimani tarjima qilib berdingiz? S.R.P.ga 8 varaq qaror [tarjima] qildingizmi, so‘rov bayonnomasini tarjima qildingizmi, nimani tarjima qilib berdingiz?

Guvoh: Oxirida imzo qo‘yayotgan paytida shikoyatlarni o‘qib chiqdi, hammasi tushuntirilgan. Undan keyin… (advokat guvohning gapini bo‘ladi — tahr.)

Advokat Davron Ahmadov: O‘zi o‘qib chiqdimi?

Guvoh: Kim?

Advokat Davron Ahmadov: S.R.P. o‘zi o‘qib chiqdimi?

Guvoh: “Tanishing”, dedi.

Advokat Davron Ahmadov: S.R.P.ga?

Guvoh: “Tanishing”, deb berilgan. Undan keyin menga “Tushunmagan joyimni tarjima qilib ber”, [dedi]. Undan keyin “Hech qanday shikoyatim yo‘q”, degan paytda tarjima qilib berganman.

Advokat Davron Ahmadov: S.R.P.ga tergovchi “Tanishib chiq”, deb berdi. U tanishib chiqdi, to‘g‘rimi?

Guvoh: Ha. “Qandaydir tushunmagan joyingiz bo‘lsa, so‘rang”, dedi. “Tushuntirib beraman”, [dedim]. “Hammasi tushunarli”, dedi. Bo‘ldi.

Advokat Davron Ahmadov: Demak, o‘zi o‘qib chiqib, hujjatlar bilan tanishib chiqdi. Sizdan “Savol bormi, yo‘qmi”, deb so‘radi. “Yo‘q”, dedingiz, shu bilan tugadi, shunaqa bo‘ldimi?

Guvoh: O‘shanday bo‘lgan. Nimadir savoli bo‘lsa, javob so‘ragan, bo‘ldi.

Advokat Davron Ahmadov: Demak, S.R.P. o‘zbek tilida o‘zi o‘qib tushunib olgan, to‘g‘rimi?

Guvoh: O‘zbek tilida o‘qib olgani yo‘q. Berilgan narsani aytib, “Tushunmagan joyingiz bo‘lsa, so‘rang”, deganman. Inglizchalab tushuntirganman.

Advokat Davron Ahmadov: Tushunmagan joyini so‘rashi uchun u tushunishi kerak-da. Shuni so‘rayapman. “Hujjatni berdi, tanishdi”, deb aytyapsiz. Tanishib chiqibdi, keyin siz aytibsiz, “Tushunmagan joying bo‘lsa, so‘ra, tushuntiraman”, debsiz. Keyin “E’tirozim yo‘q, tushundim hammasini”, debdi, shu bilan so‘roq tugabdi, protsessual harakat tugabdi, siz ham qo‘l qo‘yibsiz, men ham qo‘l qo‘yibman, chiqib ketibman. Shunga so‘rayapman. Chunki siz nimani tarjima qilib berdingiz desam, “O‘zi tushungan ekan, tarjima qilmadim”, degandek ma’lumot beryapsiz-da. Shunga qiziqyapman. Haqiqatdan tarjima qildingizmi, qilmadingizmi?

Guvoh: O‘sha paytida inspektorlar so‘ragan payti o‘zbek tilidan ingliz tiliga, ingliz tilidan o‘zbek tiliga og‘zaki tarjima qilganman.

Advokat Davron Ahmadov: Nimani tarjima qilgansiz? Men ham o‘sha yerda edim-da.

Guvoh: Undan oldingi paytlarda, borgan paytlarim so‘ralgan… (advokat guvohning gapini bo‘ladi — tahr.)

Advokat Davron Ahmadov: Men bo‘lmagan paytda, boshqa advokatlarda bo‘lganda, to‘g‘rimi?

Guvoh: Ha.

Advokat Davron Ahmadov: Lekin mening oldimda tarjima qilganingiz yo‘g‘-a? Yoki qildingizmi?

Guvoh: U payt sizning oldingizda “Tushunmagan joyingizni so‘rang”, deyilgan. O‘sha rus tilida.

Advokat Davron Ahmadov: “Tushunmagan joyingiz bo‘lsa, so‘rang”, deyilgan, to‘g‘rimi?

Guvoh: Ha, hammasi joyida bo‘lgan, to‘g‘ri.

Advokat Davron Ahmadov: Hurmatli raislik qiluvchi, boshqa savolim yo‘q.

Sudya: Savollar bormi? Marhamat.

Advokat Mengliqulov: Siz S.R.P. bilan o‘zingiz gaplashdingizmi?

Guvoh: Ha.

Advokat Mengliqulov: Qaysi tilda gaplashdingiz?

Guvoh: Ingliz tilida.

Advokat Mengliqulov: O‘zi undan “Qaysi tillarda muloqot qilishni bilasan?”, deb so‘radingizmi?

Guvoh: Ha.

Advokat Mengliqulov: Aynan?

Guvoh: “Ingliz tili, rus tilini bilaman”, dedi.

Advokat Mengliqulov: Keyin buning ko‘rsatuvlari kompyuterda yozib olinganida ham qatnashganmisiz?

Guvoh: Yozib olingan payt ko‘rmaganman, bor edim.

Advokat Mengliqulov: “Ko‘rmaganman, lekin bor edim”. Nima deganingiz u?

Guvoh: Yozib olingan payti yonida bo‘lganman.

Advokat Mengliqulov: Bundan oldingi savolimni qaytaraman. Aynan sizga qaysi tilda ko‘rsatuv berishini bildirgan?

Guvoh: Ingliz tilida.

Sudya: Bor, bor, jinoyat ishida turibdi. O‘sha payt boshqa advokat — Najmiddinov qatnashgan.

Advokat Mengliqulov: Mana, hozir “O‘zi o‘qib ko‘rdi”, deb aytyapsiz-da. O‘zi o‘qib ko‘rgan hujjat qaysi tilda yozilgandi?

Guvoh: U o‘qigan hujjatining nimasini bilmayman, tanishib chiqiladi.

Advokat Mengliqulov: Yo‘q, hozir o‘zingiz “S.R.P. o‘zi o‘qib chiqdi, tushunmadi, keyin mendan so‘radi”, dedingiz.

Guvoh: Advokati bilan gaplashgan. Advokati bilan gaplashgan payti rus tilida tushuntirdi.

Advokat Mengliqulov: Men sizga yana qaytaraman, siz “Hujjatni o‘zi o‘qib chiqdi”, dedingiz. “Tushunmagan joyingni mendan so‘ra”, deb aytdi[m] dedingiz. Men sizdan yana so‘rayapman, o‘sha yozilgan hujjat qaysi tilda edi?

Guvoh: O‘zbek tilida.

Advokat Mengliqulov: Shu o‘zbek tilidagi hujjatni o‘zi o‘qidimi?

Guvoh: Advokati tushuntirib bergan, o‘shanga qarab rus tili… (advokat guvohning gapini bo‘ladi — tahr.).

Advokat Mengliqulov: Boshqa savolim yo‘q.

Advokat Davron Ahmadov: Ruxsat bersangiz.

Sudya: Marhamat.

Guvoh: Hujjatlar o‘zbek tilida-da.

Advokat Davron Ahmadov: S.R.P. o‘qib chiqdi?

Guvoh: Yo‘q, “S.R.P. o‘qib chiqdi”, demadim, advokati o‘qigan payti unga tushuntirib… (advokat guvohning gapini bo‘ladi — tahr.).

Advokat Davron Ahmadov: “Uni advokati tushuntirdi”, deyapsiz?

Guvoh: Yo‘q, o‘sha berilgan narsani ko‘rib nima qiladi-ku.

Advokat Davron Ahmadov: Men ingliz tilini bilaman.

Guvoh: Aha, menam bilaman.

Advokat Davron Ahmadov: Mening oldimda og‘iz ochganingiz, birorta so‘zni tarjima qilganingiz yo‘q.

Guvoh: Rus tilida gaplashgan.

Advokat Davron Ahmadov: Siz rus tilida gaplashdingizmi?

Guvoh: Yo‘q, ular rus tilida muloqot qilgan. Men “Ingliz tilidan nimadir savolingiz bo‘lsa, so‘rang”, deganman.

Advokat Davron Ahmadov: Demak, tarjima qilmagansiz, advokat ingliz tilida gaplashgan bo‘lyapti?

Guvoh: Yo‘q, rus tilida ham, ingliz tilida ham gaplashgan.

Advokat Davron Ahmadov: Najmiddinov ingliz tilini bilmaydi, to‘g‘ri gapiravering.

Guvoh: Najmiddinov kimligini tanimayman.

Advokat Davron Ahmadov: Mendan oldingi o‘sha advokati edi.

Guvoh: Men ingliz tilida, rus tilida advokati bo‘lgan, advokatini tanimayman.

Advokat Davron Ahmadov: Tushunmadim. Hozir “O‘qidi, advokat tushuntirdi”, deyapsiz. Birinchi “S.R.P. o‘qidi”, dedingiz, “Savollari bormi?”, deganda, “Savolim yo‘q”, deb aytdi dedingiz, keyin gapingizni o‘zgartirdingiz, “Advokat o‘qib berdi”, dedingiz. Advokat o‘qib berdi, siz qarab turdingiz, keyin “Savol bormi?”, degandan keyin, “Savolim yo‘q, tushundim”, degandan keyin, tugadi. Shunaqa bo‘ldimi?

Guvoh: Shunday bo‘lgan-da. Mendan nima so‘rasa, o‘shanga javob berganman.

Advokat Davron Ahmadov: Sizdan so‘rasa, javob bergansiz?

Guvoh: Aha, nima bo‘lsa.

Advokat Davron Ahmadov: O‘sha 4−5 soatlik so‘roq davrida har bitta tergovchining savolini tarjima qilganmisiz?

Guvoh: Nima savol bersa, ingliz tilida tarjima qilib berib turganman.

Advokat Davron Ahmadov: Kimning savolini?

Guvoh: Tergovchilar nima deb savol bersa, o‘shaning savolini, ingliz tilida [yetkazib turganman]. Savol so‘ragan payt tarjima qilib.

Advokat Davron Ahmadov: Yuzlashtirib olsak bo‘ladimi?

Sudya: Marhamat.

(Sudlanuvchi S.R.P. va uning himoyachisi muloqoti rus tilida bo‘ldi. O‘zbekchadagi tarjimasi keltiriladi — tahr.).

Advokat Davron Ahmadov: Janob S.R.P., siz uni taniysizmi?

Sudlanuvchi S.R.P.: Ha, ha.

Advokat Davron Ahmadov: U birinchi kundanoq tarjimonmidi?

Sudlanuvchi S.R.P.: Yo‘q.

Advokat Davron Ahmadov: Kechroq edi, shundaymi?

Sudlanuvchi S.R.P.: Ha, bu yanvar oyining oxiri yoki fevral oyining boshida edi.

Advokat Davron Ahmadov: Qarang, siz so‘roq qilingan paytingizda u ishtirok etganmidi?

Sudlanuvchi S.R.P.: Yo‘q. U hech qachon so‘roq paytida qatnashmagan. U faqat hujjatlar tayyor bo‘lganda, imzolash vaqti keldi.

Advokat Davron Ahmadov: Hujjatlar tayyor bo‘lganda, ular hujjatlarni chop etishdimi?

Sudlanuvchi S.R.P.: Hujjatlarni chop etishdi.

Advokat Davron Ahmadov: Ha. [O‘shanda] keldi?

Sudlanuvchi S.R.P.: Ha-ha.

Advokat Davron Ahmadov: Kelganida tarjima qildimi, yo‘qmi?

Sudlanuvchi S.R.P.: Xo‘sh, ba’zi narsalar, lekin u to‘liq tarjima qilmadi. Shunchaki men savol berganimda javob berdi, “Yoz”, dedi, “Odamni o‘ldirdim”, shunga o‘xshash [gaplarni].

Advokat Davron Ahmadov: U [shunday dedimi?]

Sudlanuvchi S.R.P.: Ha.

Advokat Davron Ahmadov: U “Odam o‘ldirdim deb yoz”, dedi, yozdingizmi?

Sudlanuvchi S.R.P.: Ha.

Advokat Davron Ahmadov: Sizning so‘rog‘ingiz paytida qatnashganmi?

Sudlanuvchi S.R.P.: Qatnashmadi.

Sudya: [Guvoh], sizga tushunarli bo‘ldimi? Nima deysiz, “Hujjatlarni deyarli yaxshi tarjima qilmagan”, [deyapti] va imzo qo‘yishdagi holatlarni gapiryapti. Shuni tasdiqlaysizmi?

Guvoh: Hozir… (gapirishdan to‘xtab qoladi — tahr.)

Sudya: Ruschani tushunasizmi?

Guvoh: Yo‘q.

Sudya: Hozir gapini tushundingizmi?

Guvoh: Yo‘q, 100 foiz tushunmadim.

Advokat Davron Ahmadov: Ruxsat berasizmi?

Sudya: Marhamat.

(Advokat Davron Ahmadov himoyasidagi S.R.P.dan rus tilida aytgan gapini ingliz tilida ham aytishini so‘radi. Sudlanuvchining ingliz tilidagi gapining o‘zbek tilidagi tarjimasi keltiriladi — tahr.)

Sudlanuvchi S.R.P.: U so‘roq vaqtida hech qachon bo‘lmagan. U imzolashga tayyor bitta qog‘oz [bor payti kelgandi]. Men juda ko‘p savol berdim, u esa faqat “Siz 65 bolani o‘ldirgansiz, siz imzolashingiz kerak”, dedi.

Advokat Davron Ahmadov: Rahmat. Hozir tushundingizmi?

Guvoh: Qayerga imzo qo‘yish, tushunmagan joylari bo‘lsa, so‘rash, o‘shanga imzo qo‘yganman, dedi.

Sudya: Sizga savol — tergovchi savolni rus tilida qo‘yganmi, ingliz tilida qo‘yganmi?

Guvoh: Tergovchimi? Mendan o‘zbek… (sudya guvohning gapini bo‘ladi — tahr.)

Sudya: Yo‘q, tergovchi so‘rayapti, siz turibsiz, tergovchi tomonidan qo‘yilgan savol rus tilidami, o‘zbek tilidami?

Guvoh: Rus tilida berishgan-da.

Sudya: Rus tilida to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘ziga berdimi yoki siz orqali berdimi?

Guvoh: O‘ziga berishgan.

Sudya: Rus tilida javob berdimi?

Guvoh: Ha.

Sudya: O‘sha paytda sizga “Tarjimon kerak bo‘ldi, tushunmovchilik bo‘ldi, tarjima qil”, degan joyi bo‘ldimi?

Guvoh: Yo‘q, 100 foiz tushunib boravergan. “Agar ingliz tilida muammo bo‘lsa”, degan.

Sudya: Demak, savol-javob rus tilida bo‘ldi. Tushunmovchilik bo‘lsa, aynan o‘sha jarayonni siz ingliz tilidan o‘zbek tiliga, o‘zbek tilidan ingliz tiliga tarjima qilgansiz?

Guvoh: Ha, o‘sha, muammo bo‘lgan joyida.

Sudya: Tushunarli. Mana, “Advokati ishtirok etdi”, dedingiz. Imzo qo‘yish jarayonida nimaga qo‘l qo‘yayotganini kim tushuntirdi? Advokatmi, sizmi?

Guvoh: Advokat ham tushuntirgan. Mendan nimaligini so‘rasa, men ham tushuntirishga harakat qilganman.

Sudya: Demak, ish qanaqa hujjatligini advokat rus tilida [tushuntirgan], shunaqa qabul qilsak bo‘ladimi?

Guvoh: Advokati (gapini tugallamaydi — tahr.). Shunday bo‘ladi, advokati tushuntirgan, o‘sha bo‘yicha imzo qo‘ygan.

Sudya: Tushunarli. Savollar bormi?

Advokat Davron Ahmadov: Men qatnashganimda S.R.P.ga nimani tushuntirdim? Hozir “Tushuntirdi”, deyapsiz-da. Men shu yerda o‘tiribman, men siz bilan birga bo‘lgandim. Siz tarjima qilishingiz, tushuntirib berishingiz kerak edi.

Guvoh: Suhbati rus tilida bo‘lgan.

Advokat Davron Ahmadov: U rus tilida maishiy tilni biladi, boshqa narsani bilmaydi. Bu yerda hammasi yuridik tilda yozilgan.

Guvoh: Suhbatni rus tilida amalga oshirdinglar.

Advokat Davron Ahmadov: Ha. Siz mening oldimda nimani tarjima qilib berdingiz?

Guvoh: Hech narsani. Nimadir so‘ragan bo‘lsa. Mana qarang, nimadir so‘ragan bo‘lsa, qilib bergan, oxirida hech qanday shikoyatim yo‘q degan narsada.

Advokat Davron Ahmadov: Biz kirdik, o‘tirdik, oldimizga bir tonna hujjat qo‘ydik. Siz qaysi birini tarjima qilib berdingiz? Men unga tarjima qilganim yo‘q. Men gaplashib o‘tirdim, “Yaxshimisan, sog‘lig‘ing yaxshimi, tinch o‘tiribsanmi, qorning to‘qmi, usting butmi?”, deb so‘raganman. Men hech narsani tarjima qilmadim, men tarjimon ham emasman, undan hol-ahvol so‘ragandim, men u vazifani bajarmayman, chunki tarjimon bor.

Sudya: Mayli, fikringizni sudga bildirasiz. Advokatimiz Ahmadov ishtirok etayotgan paytda sizga tergovchi tomonidan shunaqa savol-javoblar bo‘ldimi? Ayta olasizmi shuni? Bo‘lgan-bo‘lmaganini?

Guvoh: Unday bo‘lmagan.

Sudya: Tushunmadingiz. Advokatimiz Ahmadov “Men o‘sha joyda ishtirok etganman”, dedi. Sizni tarjima qilmaganligingizni aytyapti. Savol qo‘yyapman — Ahmadov ishtirok etgan paytda savol-javob, tergov harakati bo‘ldimi-bo‘lmadimi?

Guvoh: Tergov harakati bo‘lgan, rus tilida bo‘lgan.

Sudya: Rus tilida bo‘lgan, sizga hojat bo‘lmaganmi?

Guvoh: Shunday… (bir necha marta takrorlaydi — tahr.).

Advokat Davron Ahmadov: Savolim bor edi.

Sudya: Marhamat.

Advokat Davron Ahmadov: Siz rus tilini bilasizmi?

Guvoh: Yo‘q.

Advokat Davron Ahmadov: Bilmaysiz-a?

Guvoh: Yo‘q, ingliz tilini [bilaman].

Advokat Davron Ahmadov: Rus tilini bilmaysiz?

Guvoh: Yo‘q.

Advokat Davron Ahmadov: So‘rovda kim nima deb gaplashganini qanday bildingiz?

Guvoh: Muloqot bo‘ladi-ku, muloqot bo‘lgan paytida.

Advokat Davron Ahmadov: Siz rus tilini tushunmasangiz nima bo‘ldi, nima qo‘ydi, to‘g‘ri savol-javob bo‘ldimi, to‘g‘ri tarjima bo‘ldimi bilmas ekansiz-da. Rus tilini bilmas ekansiz-ku.

Guvoh: Menga “Ingliz tilidan nima muammo bo‘lsa, so‘ranglar”, deganman, bo‘ldi, shu bilan javob berganman.

Advokat Davron Ahmadov: Rus tilini bilmaysiz?

Guvoh: Yo‘q.

Advokat Davron Ahmadov: Keyin o‘sha vaqtda 4-kurs talabasi bo‘lgansiz, institutni bitirmagan bo‘lgansiz?

Guvoh: Yo‘q.

Sudya: Savolingiz yo‘qmi boshqa?

Advokat Davron Ahmadov: Savolim yo‘q, iltimosnomam bor edi.

Sudya: Marhamat.

(Sudlanuvchi S.R.P. va guvoh o‘rtasidagi muloqot ingliz tilida davom etdi. O‘zbek tilidagi tarjimasi keltiriladi — tahr.).

Sudlanuvchi S.R.P.: Siz yanvardagi so‘roqda qatnashganmidingiz?

Guvoh: Takrorlay olasizmi?

S.R.P.: Siz yanvardagi so‘roqda qatnashganmidingiz?

Sudya: Sizlar qaysi tilda gaplashganlaringizni biz ham bilishimiz kerak-ku.

(Advokatlar sud tarjimoni ham borligi, shu tarjima qilishini so‘radi — tahr.).

Advokat Davon Ahmadov: S.R.P. bunga savol beryapti, [guvoh] ruschani bilmaydi-ku, shuning uchun uchun inglizcha savol beryapti-da. “Yanvarda „zapros“ vaqtida men bilan qatnashganmisan?”, deyapti.

Sudya: Sizga shunaqa savol berdimi?

Guvoh: (Biroz to‘xtalib — tahr.) shunday (Sud zalidagilar kuldi — tahr.).

Sudya: Bo‘ldi, kulmaymiz.

Sudlanuvchi S.R.P.: Yanvarning boshidan qatnashganmisiz, oxiridanmi?

Guvoh: Ha, yanvarda.

Sudlanuvchi S.R.P.: Boshlanishidanmi, oxiridanmi?

Guvoh: Oxirida.

Advokat Davron Ahmadov: Men tarjima qilaman.

Sudya: Yo‘q, to‘xtang, advokatimiz tarjima qilsa, bo‘lmaydi-da. Sizga nima deb savol berdi?

Guvoh: “Yanvar oyida qatnashganmisan?”, dedi.

Sudya: Xo‘p, javob bering, qatnashganmisiz? O‘zbek tilida ham javob bering, ingliz tilida ham javob bering.

(Guvoh va S.R.P.ning ingliz tilidagi muloqoti yana davom etdi. O‘zbek tilidagi tarjimasi keltiriladi — tahr.)

Guvoh: Ha, albatta. Men yanvar oxirida qatnashganman.

Sudlanuvchi S.R.P.: Taxminan yanvarning boshlanishidanmi yoki yanvar boshlaridami?

Guvoh: Ha, yanvar oyida.

Sudlanuvchi S.R.P.: Siz bo‘lganmisiz?

Guvoh: Ha

Sudlanuvchi S.R.P.: Siz bo‘lganmisiz?

Guvoh: Yanvarda bo‘lganman.

Sudlanuvchi S.R.P.: Yanvarning oxirida?

Guvoh: Oxirida.

Sudlanuvchi S.R.P.: Men yanvarning boshidami deb so‘rayapman.

Guvoh: Boshlanishidan emas.

Sudya: Sizga nima savol qo‘yyapti?

Guvoh: “Yanvarning boshlanishidan qatnashganmisiz?”, deyapti.

Sudya: Xo‘p, keyin javobingiz qanday bo‘lyapti?

Guvoh: Yanvarning oxirida qatnashganman.

Sudya: Keyin yana qanaqa savol berdi?

Guvoh: Bo‘ldi, shu.

Sudya: Savol “Yanvarning qaysi vaqtidan qatnashdingiz?”, javob esa “Yanvarning oxiridan qatnashdim”, shunaqami?

Guvoh: Ha.

Sudya: Yana savolingiz bormi?

Sudlanuvchi S.R.P.: Men “So‘roq yanvarning boshida bo‘lganmi?” deb so‘radim, u esa “Yanvarning oxirida”, deb javob berdi.

(Rus tilidagi nutqining o‘zbek tilidagi tarjimasi keltirildi — tahr.).

Sudya: Boshqa savollar yo‘qmi? (Jimlik — tahr.). Savollar yo‘q. O‘tirib turing, ketib qolmang.

Advokat Davron Ahmadov: Hurmatli raislik etuvchi, bu shaxs [tergovda] men bilan birga qatnashgan. Biror marta tarjima qilmagan. Bir to‘p hujjat berilgan, birortasini tarjima qilmay, o‘tirib, qo‘l qo‘yib chiqib ketgan. Ikkinchi masala bo‘yicha “Yanvar oyida men tergovda qatnashdim, bir nimalarni tarjima qilgandim”, degandek bo‘lyapti. [O‘sha paytdagi] advokatimiz bor, chaqirishimiz mumkin, o‘sha paytda qatnashgan, u ham haqiqatdan tergov davrida faqat qo‘l qo‘yib chiqib ketganligini tasdiqlashi mumkin. “Zapros” vaqtida, tergovchi savol-javobi vaqtida [tarjimon] qatnashmagan. Shuning uchun o‘zining himoya qilgan holati bo‘yicha sudga chaqirsak.

Sudya: Iltimosnomangizda [advokatni] chaqirishni so‘raysizmi, shundaymi?

Advokat Davron Ahmadov: Agar Toshkentda bo‘lsa, kelishi mumkin, lekin e’tiroz bildirmagan.

Sudya: Marhamat, hurmatli prokurorimiz fikringiz.

Prokuror: Bu holatga sudning o‘zi baho berish imkoniyati bor.

Sudya: Tushunarli. Xalq manfaatiga taalluqli bo‘lgan advokatlarimiz, marhamat. S.R.P. bilan bog‘liq qo‘shimcha ayblanayotgan shaxslar bor. Marhamat, A.A., No.M.ning advokatlari, e’tiroz yo‘qmi?

Sud zalidan: Yo‘q.

Sudya: To‘liq qo‘llab-quvvatlaysizlarmi?

Sud zalidan: Sudga havola.

Sudya: Hech kimga e’tiroz yo‘qmi? Advokatlarimiz?

Sud zalidan: Yo‘q.

(Sudya zaldagi barcha advokatlarning familiyasi bilan murojaat qilib yana so‘rab chiqdi. Ular sudga havola qilishlari yoki e’tirozlari yo‘qligini bildirishdi. Sudlanuvchilar ham shunday: sudga havola qilishdi yoki e’tirozlari yo‘qligini bildirishdi — tahr.).

Tilxat ehtiyot chorasi bilan ozodlikda yurgan sudlanuvchilar: OAV xodimlari bizni s’yomka qilmasin.

Sudya: Olyapsizlarmi?

Operatorlar: Yo‘q.

Sudlanuvchilar: Bizga qaratib qo‘yilgan, yoqiq turibdi.

Sudya: Bo‘ldi, tartibga rioya qilamiz. E’tirozlaring bo‘lsa, sudga bildirasizlar. Men so‘radim, “Olmayapmiz”, dedi. Agar sudning ruxsatisiz oladigan bo‘lsa, ogohlantirish bo‘lsa, munosabat bildirish bo‘yicha fikr bildirish mumkin. Olish mumkin emas.

Sudlanuvchilardan biri: Internetlarga chiqib yotibmiz, chiroyli bo‘lib.

Sudya: Muhtaram protsess ishtirokchilari, advokatlarimiz tomonidan keltirilgan iltimosnoma qanoatlantirilmasdan qoldirildi. Biz ish holatiga sudda so‘roq qilib aniqlik kiritdik. Jinoyat ishi hujjatlarida tarjimon qatnashgan jarayonidagi so‘roq bilan bog‘liq hujjatlar ish hujjatlariga [tikilgan]. Ish hujjatlari doirasida sud advokatlar muzokara davomida bildirgan fikrlardan baho berishi mumkin deb hisobladik.

Advokat Davron Ahmadov: Tushunarli, rahmat.

Hind tili tarjimoni ko‘rsatmasi

Sudya: Marhamat, keyingi tarjimonimiz (sud zali tashqarisidan navbatdagi guvoh chaqirildi — tahr.). Marhamat, o‘zingizni tanishtiring.

Guvoh: Nurmatov Sirojiddin Sultonmurodovich.

Sudya: Qachon, qayerda tug‘ilgansiz?

Guvoh: 1977-yil Toshkent shahrida tug‘ilganman.

Sudya: Millatingiz?

Guvoh: O‘zbek.

Sudya: Ma’lumotingiz?

Guvoh: Oliy

Sudya: Egallab turgan lavozim?

Guvoh: Dotsent.

Sudya: Qayerda?

Guvoh: Toshkent davlat sharqshunoslik [universiteti] dotsenti, filologiya fanlari nomzodi.

Sudya: Oilangiz bormi?

Guvoh: Bor.

Sudya: Nechta farzandingiz [bor]?

Guvoh: Ikkita farzandim bor.

Sudya: Manzil?

Guvoh: Chilonzor tumani (uy manzilini ham aytdi — tahr.).

Sudya: Muqaddam sudlanganmisiz?

Guvoh: Yo‘q.

Sudya: Narkologik, psixologik dispanserda ro‘yxatda turasizmi?

Guvoh: Yo‘q.

Sudya: Sudlanuvchilarimizni taniysizmi?

Guvoh: Hindistonlik fuqaroni taniyman.

Sudya: Oldindan tanirdingizmi yoki tergov jarayonida tanidingizmi?

Guvoh: Tergov jarayonida tanidim.

Sudya: Marhamat, shaxsiga oid savollar bo‘lsa, muhtaram prokurorimizda?

Prokuror: Savol yo‘q.

Sudya: Shaxsiga oid savollar, advokatimizda, marhamat.

Advokat Davron Ahmadov: Ma’lumotingiz haqida. Qayerda, qachon o‘qigansiz?

Guvoh: 1999-yil Toshkent davlat sharqshunoslik instituti bakalavrini, 2004-yil aspiranturani tugatganman. Bakalavrni Sharq tillari filologiyasi yo‘nalishining hindiy tili va adabiyoti bo‘yicha tugatganmiz.

Advokat Davron Ahmadov: Sharqiy tillarga ingliz tili kiradimi-yo‘qmi?

Guvoh: Yo‘q, kirmaydi.

Advokat Davron Ahmadov: Bo‘ldi, boshqa savolim yo‘q.

Sudya: Tushunarli, yana savollar bormi? (jimlik — tahr.).

(Sudya guvohga yolg‘on ko‘rsatma uchun javobgarlik borligini bildirdi, u qasam-imzoga qo‘l qo‘ydi. Sudya guvohning huquq va majburiyatlarini tushuntirib o‘tdi — tahr.).

Sudya: Marhamat, biz ko‘rdik, jinoyat ishi bo‘yicha tergovchining 2022-yil 27-dekabrdagi qarori bor. Ya’ni, birinchi jild, 194-tomon. Siz tarjimon sifatida jalb qilinyapsiz. Savol — tergov jarayonida qaysi hujjatlarning [tarjimasida bo‘ldingiz], qaysi tergov jarayonida tarjimon sifatida qatnashdingiz va qaysi davrgacha qatnashdingiz?

Guvoh: Dastlabki masala bo‘yicha tergov jarayoni boshlanganda meni hindiy tili mutaxassisi sifatida jalb qilishgan edi. Birinchi safar Yunusobodda tarjimonlik qilishga to‘g‘ri keldi. Lekin ochig‘ini aytganda, bu kishi rus tilini yaxshi bilganliklari uchun suhbat jarayoni rus tilida bo‘lgan. Keyin oxirida bularga protokol bayonnoma shakli kelgan. Ham rus tilida, ba’zi joylarida hindiy tilida tushuntirilgan.

Keyingisida, albatta, advokat bilan uchrashuv bo‘ldi. Unda deyarli rus tilida suhbat davom etdi. Keyin ko‘proq o‘zimning sessiyalarim, talabalarim bilan band bo‘lganim uchun, bular ingliz tilini ham, rus tilini ham yaxshi bilganliklari sabab ko‘proq band bo‘lishim, borolmasligim mumkinligini aytdim. Keyingilarida men ishtirok etganim yo‘q.

Sudya: Demak, dekabr oyidagi tergov jarayonida ishtirok etgansiz, shunaqami?

Guvoh: Ha, dastlabkisida.

Sudya: Yanvarda ham ishtirok etdingizmi, yo‘qmi?

Guvoh: Ikki marta.

Sudya: Savol-javoblar, tergovchi bilan sudlanuvchining o‘rtasidagi suhbatlar qaysi tilda bo‘ldi?

Guvoh: Asosan rus tilida bo‘ldi.

Sudya: O‘shanda tarjimon qatnashdimi, yo‘qmi?

Guvoh: Ikkinchisida advokatning o‘zlari tarjima qilganlar, birinchisidayam rus tilida bo‘ldi. Ba’zi joylarida hindiyda tushuntirishga to‘g‘ri keldi. Lekin agar 10 foiz hindiy tilida bo‘lgan bo‘lsa, qolgan 90 foizi rus tilida edi.

Sudya: Tushunarli. Rus tilida tarjimon kerak bo‘ldimi, yo‘qmi?

Guvoh: Yo‘q, tergovchi yoki advokat bilan o‘zlari gaplashdilar.

Sudya: Nurmatov, sizga savol, tergov jarayonida noqonuniy xatti-harakatlar bo‘ldimi? Siz tazyiq, bosim o‘tkazish, tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq, kuch ishlatish [holatlarining] guvohi bo‘ldingizmi?

Guvoh: Masalan, kim tomonidan tazyiq?

Sudya: Tergov organi tomonidan sudlanuvchiga tazyiq.

Guvoh: Yo‘q, men ko‘rmadim, tazyiq bo‘lmadi.

Sudya: Noqonuniy xatti-harakatlar siz tomoningizda amalga oshirilganmi? Hujjatlarga qo‘l qo‘yishga majburlash.

Guvoh: Yo‘q, majburlash bo‘lgani yo‘q. O‘zlari ham tushundilar, qayta-qayta rus tilida ham aytilgan.

Sudya: Marhamat, prokurorimiz savol bormi?

(Advokat Davron Ahmadov himoyasidagi sudlanuvchi S.R.P.ning yoniga o‘tib suhbatlashishni boshladi — tahr.)

Sudya: Davron aka, bunaqa paytda bitta narsani qabul qiling, sud boshlanishidan oldin sudlanuvchi advokati bilan gaplashishi mumkin, sud so‘rog‘i boshlangan paytda bunaqa ruxsat berilmaydi.

Advokat Davron Ahmadov: Tushunarli, qaytarilmaydi.

Sudya: Marhamat, prokurorimiz savollaringiz bormi?

Prokuror: Yo‘q.

Sudya: Marhamat, Davron aka, savolingiz bormi?

Advokat Davron Ahmadov: Sizning diplom ishingiz qanaqa bo‘lgan?

Guvoh: Diplom ishimning nimasi — mavzusimi?

Advokat Davron Ahmadov: Ha. Tarjimonlikka aloqasi bormi-yo‘qmi, shuni so‘rab qo‘yay degandim.

Guvoh: Aytyapman-ku, bizning mutaxassisligimiz hindiy tili va adabiyoti o‘qituvchisi.

Advokat Davron Ahmadov: Ilmiy ishingiz-chi?

Guvoh: Ilmiy ishimni 2005-yil, “Hindiy va cingal tillarida sonning morfologik xususiyatlari” mavzusida yoqlaganman. Men hindiy tilida edim. Bular rus va ingliz tilini yaxshi bilganlari uchun biz ikki marta ishlaganmiz.

Advokat Davron Ahmadov: Jami ikki marta borgansiz-a? Birinchisi, 27-dekabrda borgan ekansiz.

Guvoh: Orada Yunusobodga ham [bordim]. Bular [S.R.P.] rus tilini yaxshi biladi deyilgan. Hozir [advokatning] familiyalari esimda yo‘q, hali bular [Davron Ahmadov] kelmovdilar. “Kelganingizga rahmat”, deyishdi, men unga qatnashmadim.

Yunusobod tuman sudida ham bir yig‘ilish bo‘ldi. Unda men qatnashmadim, keldim, sud jarayoni hali boshlanmagan edi. “Kelganingizga rahmat”, deyishdi. Men ularga ham hindiy tili bo‘yicha mutaxassisligimni aytdim. Keyin qatnashmadim, ikkitasida qatnashdim. Ya’ni, Yunusoboddagi tergov jarayonida.

Advokat Davron Ahmadov: Yunusobodda men bor edim.

Guvoh: Ha, o‘shanda men sizni ko‘rgandim, uchradim, ketdim. Chunki kerak bo‘lmaysiz deyishdi, chiqib ketdim.

Advokat Davron Ahmadov: O‘sha sudda ham til qoidasi buzilgan-da, tarjimon berilmagan. Mayli, bu boshqa masala. Qarang, mister S.R.P. o‘zbek tilini bilarmidi, bilmasmidi, xabaringiz yo‘qmidi?

Guvoh: Uni bilmadimu, lekin rus tilida judayam yaxshi gapirayotgandilar. O‘zbek tilini men eshitmadim, bilish, bilmasliklarini ham bilmayman.

Advokat Davron Ahmadov: Sizni hind tilidan tarjimon sifatida deb olib kelishdimi?

Guvoh: Ha, hind tilidan.

Advokat Davron Ahmadov: 27-[dekabr] kuni nega hind tilidan tarjima qilmadingiz? Mana, protokol imzolangan ekan, 27-dekabr kuni gumon qilinuvchi S.R.P., tarjimon S.Nurmatov, tergovchi [Yoqubov] tomonidan xatti-harakatlar amalga olib borilgan. Gumon qilinuvchi tariqasida dastlabki so‘roq bo‘lgan, adashmasam. U yerda ikki varaqlik so‘rov bayonnomasi qilingan. Va o‘sha yerda siz nega hind tilidan tarjima qilib bermadingiz?

Guvoh: Chunki u yerda rus tilida suhbat bo‘ldi-da.

Advokat Davron Ahmadov: Suhbat bo‘ldi? [Suhbat kerak bo‘lsa], xitoy tilida bo‘lmaydimi, lekin hujjati o‘zbek tilida. Endi bu o‘zbek tilini bilmaydi-da. Mayli, 8 ta tilda gaplashsin, qo‘l qo‘ygan hujjatda protokolda nima yozilganini bilmaydi-da. U rus tilida bir kun[lab] gaplashishi mumkin, lekin agar hujjat ham rus tilida bo‘lganda edi, yordam uchun gohida hindcha kerak, deb tushunsak bo‘lardi. Lekin u yerda yozilgan mana bu o‘zbek tilidagi so‘rov bayonnomasini nega tarjima qilib bermadingiz?

Guvoh: To‘g‘ri, u yerda tarjima qilindi. Hamma rus tilidagi suhbatlar aytganingizdek o‘zbek tilida protokollashtirilgan, keyin men ularga tarjima qildim. Qisqacha shaklda qayerda tug‘ilgani, nima masala ko‘tarilyapti, viloyatlarda nechta nobud bo‘lgan farzandlar, nima yozilgan bo‘lsa, hammasi aytilgan. Umuman hindiyda gapirma degan joyi yo‘q.

Advokat Davron Ahmadov: Yo‘q, hindiyda gapirilgandir, lekin so‘rov bayonnomasini hech kim tarjima qilib bermagan.

Guvoh: Qilib berdim-ku, mana o‘sha kuni ishtirok etganlardan so‘rashinglar mumkin.

Advokat Davron Ahmadov: So‘rab olsak bo‘ladimi, yuzlashtirib.

Sudya: Marhamat.

(Advokat va sudlanuvchi rus tilida muloqot qilgan. Tarjimasi keltirilyapti — tahr.).

Advokat Davron Ahmadov: Janob, S.R.P., qarang, shoshmasdan [javob bering]. 27-[dekabr] kuni bolalar [o‘limi] bo‘yicha rus tilida so‘roq protokoli bo‘lgan. Janob tarjimon bolalar [o‘limi] bo‘yicha rus tilida tuzilgan so‘roq bayonnomasini to‘liq hind tiliga tarjima qilganini aytyapti. Bu haqiqatmi yoki yo‘qmi?

Sudlanuvchi S.R.P.: Yo‘q, bunday emas. U ham sizga o‘xshab kechiktirildi. Bir hamkasbim bilan [shunday] xulosa qildim. Bir saytdan qandaydir 186-modda tushuntirilgan.

Advokat Davron Ahmadov: Qaysi modda bilan hibsga olinganingizni tushuntirdi, to‘g‘rimi?

Sudlanuvchi S.R.P.: Uzr, takrorlang.

Advokat Davron Ahmadov: Ya’ni, qaysi modda bilan, nima bilan qamalganingizni tushuntirib berdi.

Sudlanuvchi S.R.P.: Ha.

Advokat Davron Ahmadov: Lekin u so‘roq protokolini tarjima qilmadi.

Sudlanuvchi S.R.P.: Yo‘q.

Guvoh: Men bu kishiga hindcha gapirsam bo‘ladimi?

Sudya: Yo‘q-yo‘q, o‘zbek tilida fikringizni bildiravering. Gapiga tushundingizmi?

Guvoh: Ha, tushundim. Tarjima qilganman, bular hammasiga boshlarini qimirlatib, “Tushundim-tushundim”, deb turganlar. Boshidan oxirigacha rus tilida tushunganliklari uchun mana bu masalalar “Dok-1 Maks” va hokazo, u qaysi moddalar, hammasini tushunganlar, keyin qo‘l qo‘yganlar. Qayta-qayta ko‘rilgan.

Sudya: Tushunarli. Yana savollar bormi?

Guvoh: Videokamera [bor], shundan ko‘rish mumkin.

Sudya: Savollar bormi?

Advokat Davron Ahmadov: Ikkinchi marta, yanvarda kelganingizda nima bo‘ldi?

Guvoh: Men yanvarda umuman tarjima qilmadim. Chunki suhbat boshidan-oxirigacha rus tilida bo‘ldi, advokatlari ham bor edi. Ya’ni advokat tergovchimizning savollarini bularga rus tilida tushuntirdilar, shu tariqa davom etgan.

Advokat Davron Ahmadov: Advokat kim edi?

Guvoh: Familiyalari esimda yo‘q.

Advokat Davron Ahmadov: Erkak kishimidi?

Guvoh: Erkak kishi.

Advokat Davron Ahmadov: To‘lachadan kelgan-a?

Guvoh: Ha.

Advokat Davron Ahmadov: U advokat buyoqqa tarjima qildi?

Guvoh: Rus tilida?

Advokat Davron Ahmadov: U advokat ruschani yaxshi bilmaydi (kuladi — tahr.).

Guvoh: Endi bilmadim.

Advokat Davron Ahmadov: Demak, hind tiliga ehtiyoj bo‘lmadi, siz ikkinchi marta tarjima qilmadingiz?

Guvoh: Yo‘q, ikkinchisidagi butun suhbat jarayoni rus tilida bo‘ldi. Keyin darslarimga xalaqit bergani uchun men boshqa qatnashganim yo‘q.

Advokat Davron Ahmadov: Tushunarli, savolim yo‘q.

Sudya: Kimda savol bor? (jimlik — tahr.). Hech kimda savol yo‘q. Xo‘p, rahmat.

Guvoh: Sog‘ bo‘linglar.

Advokat Davron Ahmadov: Hurmatli raislik etuvchi, hozir tarjimonimiz aytib o‘tdilar. Ya’ni ikkinchi marta yanvar oyida borilganda… (sudya advokatning gapini bo‘ladi — tahr.).

Sudya: [Nurmatov, Normatov], ikkalovingiz ham ketishingiz mumkin.

Advokat Davron Ahmadov: [Ya’ni ikkinchi marta yanvar oyida borilganda] tarjimon ikki marta [ham] tarjima qilmaganini aytib o‘tdilar, advokat tarjima qilgan deyaptilar. Men bilaman, o‘sha vaqtdagi advokat rus tilida tarjima qilib berish qobiliyatiga ega emas, ingliz tilini umuman bilmaydi. Hozir bundan ko‘rinib turibdiki, S.R.P. nima bo‘lganini umuman tushunmagan, o‘zining ona tilida va o‘zi erkin tilda suhbatlashish va hujjatlardan foydalanish huquqidan mahrum qilingan.

Sudya: Tushunarli. Muzokarada fikringizni bildirasiz, ma’lumot uchun qabul qildik.

Advokat Davron Ahmadov: Rahmat.

Sudya: Taraflarimizdan boshqa iltimoslarimiz bormi? Marhamat.

Advokat Husanov: A.A.ning manfaatlaridanman. Biz advokatlik so‘rovi yuborgandik/olgandik. Hammamizning xabarimiz bor, xavfsizlik xodimlari tomonidan, 2022-yil 25-mayda 12 ta korxonaning dorisi Davlat markazi tomonidan GMP inspeksiyasiga tushgan. Biz shu ma’noda [izoh so‘ragandikki], shu kungacha nechtasi inspeksiyadan o‘tdi, nechtasi o‘tmadi? [Ma’lum qilinganiga ko‘ra], 2022-yil e’lon qilingandan, 2023-yil noyabr oyiga qadar 4 ta dori o‘tgan. Bu bizga nima beradi? Haqiqatdan ham shu “Kuraraks” dorisi inspeksiyaga tushganda Davlat markazi uni o‘tkazmaslik ehtimoli juda [katta] bo‘lgan. Shuning uchun ish hujjatlariga qo‘shishni so‘rayman.

Sudya: Tushunarli, jinoyat ishi hujjatlariga qo‘sh[il]di. Tomonlarimizdan boshqa iltimosnomalar [bormi?]

Sudlanuvchi A.A.: Shu javob xatiga qo‘shimcha ham qilmoqchi edim. Hurmatli raislik etuvchi, shu javob xatida 12 ta korxonadan 4 ta korxona GMP sertifikati olgan bo‘lsa, qolgan 8 ta dori vositasi inspeksiyaga tushgan korxonalarni 2022-yil 25-maydan 2023-yil noyabr oyiga qadar guvohnomasi bor dori vositalari kirib kelgan ma’lumot ham bor.

Sudya: To‘xtatilmagan demoqchisiz-da?

Sudlanuvchi A.A.: Ya’ni to‘xtatilmagan. Xuddi shu “Marion”ga o‘xshagan guvohnomasi bor, kirib kelgan, lekin inspeksiya bir yarim yildan beri hali o‘tkazilmagan, turib turgan korxonalar bor. Bu aynan 25-mayda tushgan.

Sudya: Tushunarli. Boshqa iltimosnomalarimiz bormi? Marhamat, Sh. Sh.

Sudlanuvchi Sh. Sh. ko‘rsatmasi

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Assalomu alaykum, hurmatli raislik etuvchi, hurmatli prokuror, hay’at a’zolari. Men sudning boshida, o‘zi [atigi] uchta iltimosnoma kiritganman. Birinchisi, “Tarireks” bo‘yicha. “Agar olgan bo‘lsam, iltimos, menga ayting”, dedim. Tergov davomida “Sudda bilib olasan [deyishdi]”, sud davomida “Ma’ruzada (muzokara demoqchi shekilli — tahr.) bilib olasan”, deb aytilyapti-da. 210-modda bo‘yicha haliyam tushunmayapman — pulni kimga beribman, nima qilibman? Mayli, unga emas (Jinoyat kodeksining 210-moddasi pora olish haqida — tahr.).

Men bitta narsani aytmoqchiman — menga qarshi berilgan hamma ko‘rsatmalar bosim ostida berilgan. Faqatgina S.R.P.dan emas, bu yerda bir xil erkaklar o‘tiribdi, oldida [ko‘rsatma] mendan aynan menga nisbatan tazyiq [uchun] olinganini bilib turibdi. Shunchaki oilasidan, xotinidan, farzandlaridan [qo‘rqadi]. Biz ham erkakmiz-ku, uyoqda hammaning xotini bor, singlisi bor, to‘g‘rimi? “Xotiningni olib kelib tiqib qo‘yaman, sha’niga tekkizaman”, degan gaplardan keyin ko‘rsatmalarini majbur bo‘lib bergan.

Sudya: Bu ko‘rsatuvlar [to‘g‘ri keldi]. Siz aynan… (sudlanuvchi sudyaning gapini bo‘ladi — tahr.).

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Bu tazyiq menga ham bo‘lgan. Sizlarga juda [kelgan bo‘lsa], mening ham qulog‘imning o‘ng tomoni hozir uncha yaxshi eshitmayapti. Bu Davlat markazidan keyin tergovga kelgandan keyin bir marta emas, bir necha bor bo‘lgandan keyin bo‘lgan. Buni mana bu yerda uchta kishi ham oldida o‘ziga qarshi ko‘rsatma berishi bo‘yicha menga nisbatan shunaqa jismoniy va ma’naviy tazyiqlar bo‘lganini ko‘rgan.

Men bu narsani aytmoqchi esmasdim. Shunchaki sizlar to‘g‘ri tushuninglar, bu yerda bir kishi yolg‘on gapirishi mumkin, ikki kishi yolg‘on gapirishi mumkin, lekin hamma o‘tiribdi-da. Hech qaysi sudda himoya qilayotgan advokatlar, men hech kimni bu yerda aybdor demayapman.

Lekin hamma o‘ziga [gap navbati] kelganda, ko‘rsatmalar berganda ko‘rib turibsizlar, 186-moddadan qo‘rqib, farzandidan yoki turmush o‘rtog‘idan qo‘rqib [gapirgan]. Masalan, oddiy Aziz Fayzamatovich ham 4-avgustdagi 21-ekspertlar kengashida “Bu o‘tmaydi, bunaqa bo‘lmaydi bu”, degandan keyin 186-modda bilan o‘zining o‘g‘li [o‘tirganligidan] keyin nimagadir ko‘rsatmani o‘zgartiryapti. O‘ziyam 186-modda bilan o‘tirganligi uchun o‘zgartirib turibdi, men bunga hayronman.

(Jinoyat kodeksining 186-moddasi “Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish” haqida — tahr.).

Lekin, hurmatli raislik etuvchi, bitta iltimosim, adolat yoki haqiqat bo‘lishi uchun. Hozir meni tekshirtirsak, qulog‘imning bittasi pardasi yirtilgan bo‘lib chiqadi yoki eshitmaydigan bo‘lib chiqaman. Hozir hech kimga e’tirozim yo‘q. Bular hammasi, masalan, kimdir singlisidan, kimdir xotinidan, kimdir 186-moddadan qo‘rqib, bo‘yiniga olgan. Lekin hech qaysisi 33 ming, 45 ming dollar oldim degan yozuv, ko‘rsatma bergani yo‘q. Sababini aytaman, chunki unaqa narsa bo‘lgani yo‘q. Hammamiz erkakmiz, hammamiz insonmiz.

Lekin 6 oydan beri sud davomida menga “Mana bu menga berdi, mana bu menga taklif berdi, mana bu menga iltimos qildi”, deb gapirgani yo‘q. Tashqarida qatnaydigan ayrim [sudlanuvchilar] ham mening qanaqa ahvoldaligimni ko‘rib turdi. To‘g‘ri, bularni tushunaman. O‘zlarining hayotidan qo‘rqadi, ishidan qo‘rqadi. Lekin “Sh.Sh. Gitlerni o‘ldirdi”, desa, Sh. Sh. Gitlerni o‘ldirgan bo‘lmaydi-ku. Faqat ko‘rsatma bilan o‘tiradigan zamonlar o‘tib ketdi-ku.

Sudya: Tushunarli.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Mening endi iltimos qilganim, kechirasiz, gapingizni bo‘ldim, hurmatli raislik etuvchi. Men bir kishiga ko‘rsatma berishim kerak edi. Men olmagan odamimga ko‘rsatma berolmayman. Kimga ko‘rsatma berishim kerakligini hamma bilib turibdi.

Sud zalidan kimdir: Kimga?

Sudlanuvchi Sh. Sh.: To‘g‘rimi, Sardor aka (Farmagentlikning sobiq rahbari, sudlanayotgan Sardor Kariyevga qaradi — tahr.). Siz “Uch kun o‘tirganman”, dedingiz, men 17 kun o‘tirdim. Siz mening gapimdan xafa bo‘lmang, lekin sizga tuhmat qilganim yo‘q. Men siz bilan gaplashmaganman ham, men sizga iltimos ham qilmaganman, men sizga biror ishda iltimos qilib xonangizga ham kirmaganman. Siz menga mana bu yerda “Sh.Sh. tuhmat qildi”, [dedingiz]. A.A.ga ham, No.M.ga ham men hech qachon pulga ham iltimos ham qilmaganman. Menga bu narsani aytolmaysiz ham.

(Sh.Sh. sud zalidagi qamoq mikrofonining oldiga borib turgan holda Sardor Kariyevga qarab gapirgan bo‘lsa, Sardor Kariyev o‘rindiqda o‘tirgan holda uning har bir gapiga boshini imlab, tasdiqlagan holatda turdi — tahr.).

Nima uchun menga “[Mana bunday] bo‘ldi”, deyapti? Chunki men sizdan muttaham emasdim. Shuning uchun men siz bilan ochiqcha gaplashganman, ochiqcha bo‘lgan. So‘raganlaringizda ham, majlisda ham, Sh. Sh. nima bo‘lgan deganingizda “normalniy” gapirganimda, sababi men ochiqcha so‘raganim, men sizdan muttaham bo‘lmaganman. Siz ham mendan muttaham bo‘lmagansiz.

Mana bu yerda 6 oydan beri sirkdek o‘tyapti, “Qunduz boboning ertaklari”. 33 ming dollar olgan ekanman, lekin 33 ming dollar olgan odamim, kimga berganimni bilmayman. Bergan odam “otkaz” qilib ketyapti.

Sudya: Sh. Sh., bitta narsani qabul qiling.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Iltimos.

Sudya: Bitta narsani. Ayblov o‘qib eshittirildi… (sudlanuvchi sudyaning gapini bo‘ladi — tahr.).

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Menga shunchaki… (sudya sudlanuvchining gapini bo‘ladi — tahr.).

Sudya: Eshiting avval. Ayblov o‘qib eshittirildi, hozir sizga “Mana bunaqa bo‘ldi”, deb sud ham tushuntirish bermaydi, boshqayam tushuntirish bermaydi, vakolati yo‘q. Sud qarorini, nima fikrga kelganini ish bo‘yicha, yakun bo‘yicha qaror qilgan hujjatda ko‘rsatadi.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Yaxshi.

Sudya: Siz oldindan menga isbotlab beringlar [deyapsiz]. Sizga oldindan tomonlar fikrini bildirishga tomonlar yo‘l qo‘ymaydi-da.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Menga berilgan ko‘rsatmalarni bekor qilishingizni va iloji bo‘lsa, mana bu yerda “Ekspertlar kengashi 12 marta to‘xtatish mumkin”, deganini asoslab berolmagani uchun uni ham bekor qilishingizni iltimos qilaman.

Sudya: Bo‘ldi, sud sizning fikringizni inobatga oldi. Iltimosnomaning mazmuni nimadan iborat bo‘ladi?

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Mengayam tazyiq bo‘lgan, mengayam jismoniy… (gapini tugallamaydi — tahr.). Ham qulog‘im, hozir ham gapirsangiz, o‘ng qulog‘im bilan uncha yaxshi eshitmayman. Menga berilgan hamma ko‘rsatmalar o‘zimning oldimda va mendan tashqari ham bosim bilan olingan. O‘zidan, hayotidan qo‘rqib… (sudya sudlanuvchining gapini bo‘ladi — tahr.)

Sudya: Qaysi ko‘rsatuvingiz bosim ostida berilgan?

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Hammasi. Men emas, menga qarshi berilgan, deyapman. Men undan oldingi iltimosnomamda Mengliqulov Salim akadan tashqari hech qaysi ko‘rsatmamni tan olmayman, deb yozib iltimos qilib berganman.

(Mengliqulov sudlanuvchi Sh. Sh.ning himoyachisi — tahr.)

Sudya: Tushundik uni, uni qabul qildik. Siz hozir… (sudlanuvchi sudyaning gapini bo‘ladi — tahr.)

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Menga berilgan ko‘rsatuvlar… (sudya sudlanuvchining gapini bo‘ladi — tahr.)

Sudya: Bitta narsani hal qilib olaylik, hozir tushunarsiz bo‘lyapti-da. Mana, “Bosim bo‘lyapti”, deyapsiz, sizni tergov jarayonida 210-modda bo‘yicha ham ariza iqrorini bildirgansiz.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Iqror bo‘lmaganman.

Sudya: Iqror bo‘lmagansiz, xo‘p. Sizga nisbatan ko‘rsatuv olishda kimga tazyiq bo‘ldi, ayting.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Menga nisbatan olish bo‘yicha A.A., No.M., o‘zimga va tadbirkor Ro‘zioxunov bilan J.E.ga bo‘lgan. Men o‘zim ko‘rgan, eshitgan gaplarimni gapiryapman. Men birov ko‘rgan yoki bitta xonaga o‘tirgan… (sudya sudlanuvchining gapini bo‘ladi — tahr.).

Sudya: Tushunarli. A.A… (sudlanuvchi sudyaning gapini bo‘ladi — tahr.)

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Buni oddiy qilish mumkin, agar bular qo‘rqib “otkaz” qilsa, XXI asrdamiz, hamma yerda videokamera bor, o‘shalarni ko‘tarib ko‘rishingiz mumkin.

Sudya: Tushunarli. A.A., Sh. Sh.ga nisbatan ko‘rsatuv olish bo‘yicha sizga tazyiq bo‘ldimi?

Sudlanuvchi A.A.: Hurmatli raislik etuvchi, agar ruxsat bersangiz, savolingizga javob bermayman, javob bermaslik huquqidan foydalanaman.

(Qamoqda turgan Sh. Sh. tik turgan holatda boshini silkitib kulib qo‘ydi — tahr.).

Qo‘shimcha qilib aytmoqchiman, men sud tergovi davomida ko‘rsatma berdim va o‘shani tasdiqlayman.

Sudya: Men sizga [oldingi sudlardan birida] savol berganimda “Tazyiq o‘tkazilmagan”, degandingiz. O‘tkazilganmi, yo‘qmi?

Sudlanuvchi A.A.: Tergov paytidamas, tergov paytida o‘tkazilmagan. Lekin men ko‘rsatmalarimni… (sudya sudlanuvchining gapini bo‘ladi — tahr.).

Sudya: Tushundim.

Sudlanuvchi A.A.: Dastlabki tergovning emas, sud tergovining ishini tasdiqlayman.

Sudya: Tushunarli. Mana, tazyiq haqida so‘raldi, tazyiq bo‘lmaganmi?

(Sudlanuvchi A.A. ovoz chiqarib gapirmadi, ammo “yo‘q” ma’nosida boshini qimirlatib qo‘ydi — tahr.).

Sudya: Rahmat, o‘tiring.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Savol bersam maylimi, oldingizda?

Sudya: Marhamat.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: A.A., oddiy, rostan ayting, besh mahal namozdasiz-a? Siz “Vales” dori vositasi, keyin yana qaysidir dori vositasidan mendan yoki No.M. pul olib yoki pul berib, shunaqa gap bo‘lganmi?

Sudlanuvchi A.A.: Yo‘q, bo‘lmagan.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Endi savolim, sizga mana shu narsalarni yozishga, hozir ko‘rsatmangizdan voz kechyapsiz, kim majburladi?

(Sudlanuvchi A.A. gapirmadi — tahr.).

Sudya: Bo‘ldi, “Tazyiq bo‘lmadi”, degan javobni berdi.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Bo‘lgan, hurmatli raislik etuvchi. Buning isboti kameralardagi “zapis”dan.

Sudya: No.M., sizga tazyiq bo‘lganmi?

(Sudlanuvchi No.M. ham biror og‘iz so‘z aytmay, boshini “yo‘q” tarzida qimirlatib javob berdi — tahr.).

Sudya: Bo‘lmagan-a? Rahmat, o‘tiring. Boshqalarda savollar yo‘qmi iltimosnoma bo‘yicha? Marhamat.

Advokat Mengliqulov: Ruxsat bersangiz, Sh. Sh.ga savolim bor edi.

Sudya: Marhamat.

Advokat: Sh. Sh., hozir “Menga bosim o‘tkazildi, o‘ng qulog‘im eshitmaydi, pardasi yirtilgan”, dedingiz. Bu qachon sodir bo‘lgan?

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Boshida kelganimizda tergovxonaga kirsam, No.M. bor edi. “Kimga bergansan pulni?”, deb so‘radi. Men tushunmay, “Qaysi pulni?”, dedim. No.M. o‘tirgandi, u nimadan qo‘rqayotganini ham men bilib turibman. Keyin No.M.ning ko‘zining oldida bir necha marta jismoniy tazyiq bo‘ldi. Undan keyin ham bir necha marta har kelganda… (gapini tugallamaydi — tahr.).

Oxiri ish yopilgandan keyin men so‘raganimda “Sudda bilib olasan nimaga aybdorligingni”, [dedi]. Va bularning oldida ham aytgan, “Sh.Sh., seni bir yilga bo‘lsa ham qamayman”, degan. “Nimaga?”, deganimda “Bir yilga bo‘lsa ham qamayman”, degan. Men aytganman “Mening vakolatimda bo‘lmasa, men hech kimga bermagan bo‘lsam, ‘Mendan hech kim olmadiʼ, deyapti”, desam… (advokat uning ismini aytib gapini bo‘ladi — tahr.). Qo‘l bilan aynan No.M.ning oldida ham urgan.

Sh. Sh. uni kim urganini aytadi.

Advokat: Shuning orqasidan jarohat yetgan deb hisoblaysanmi?

Sudlanuvchi Sh. Sh.: U narsani aniq bilaman. Chunki gapirsam, bir paytlari qulog‘im og‘ir bo‘ladi yoki sal g‘ira-shira eshitaman.

Advokat: Faqat quloqqa urganmi yoki tananing boshqa [qismlariga hammi]?

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Tanaga, hamma yerimga urgan. Qo‘limga ham, oyog‘imga ham, belimga ham.

Advokat: Qachon bo‘lgan bu holat?

Sudlanuvchi Sh. Sh.: 2023-yilning yanvar oyidan iyul-avgustgacha.

Advokat: Boshqa savolim yo‘q.

Sudya: Bitta narsa-da, mana, necha marta tazyiq bo‘ldi degan narsalar bo‘lib kelyapti, iltimosnomalar berilib kelyapti, ekspertizalar tayinlayapmiz, ko‘ryapmiz, tayinlayapmiz. Sud avgustda boshlangandi, nega shu vaqtgacha aytmadingiz?

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Chunki men haqiqatni kutdim, o‘zimdan qo‘rqdim, oilamdan qo‘rqdim. Menga aytilgan gaplarni men o‘zim bilaman, hozir bu yerda aytib yuborsam, kechirasilaru… (gapini juda tez va tushunarsiz gapirganidan tushunishning imkoni bo‘lmadi — tahr.).

Sudya: Yana kimga tazyiq o‘tkazilgan? Birato‘la hammaga tayinlaymiz-da. Bormi sudlanuvchilarning orasida? (sud zalida ovozi chiqmaydigan, faqat yuzda ifodalanadigan kulgi paydo bo‘ldi — tahr.).

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Gapirsa bo‘ladimi? (kulib gapini davom ettiradi — tahr.) Hurmatli sudya, hammaga aytgan, shunchaki bular qo‘rqib o‘tiribdi. Chunki haqiqat yo‘q.

Sudya: Mayli. No.M., sizning oldingizda o‘ziga tazyiq o‘tkazilganini aytyapti. Shunaqa holat bo‘lganmi, urganini ko‘rganmisiz?

Sudlanuvchi No.M.: Men shu savolga javob bermaslik huquqimdan foydalansam bo‘ladimi, hurmatli raislik etuvchi?

(Sh.Sh. yana tik turgan holatda kulib, sud zaliga qaraydi — tahr.).

Sudya: Bo‘ladi. Endi bizga muhimroq-da, urganini ko‘rganmisiz-yo‘qmi? Javob bersangiz yaxshiroq bo‘lardi, huquqingiz bor.

Sudlanuvchi No.M.: Shu huquqimda foydalanaman.

Sudya: Tushunarli.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Hammasi tushunarli bu yerda. Bunday bo‘lyapti-da, kichkina bola o‘tiribdi, seni urdingmi, urdingmi deyapti. Orqasida otasi o‘tiribdi, hozir ketadi ayang, sen men bilan qolasan deyapti. Hozir biz ham ketamiz-da. Tushunarli bo‘lib turibdi-da, hurmatli raislik etuvchi.

Men noroziman, hech qaysi tergovda ham, mana bu yerda sud jarayonida ham haqiqat, adolat, demokratiya, Yangi O‘zbekiston deyapsizlaru, kechirasizlaru, oddiy bir 33 mingni kimga berganim aniq bo‘lmayapti. Bu yerda hammasi qo‘rqib o‘tiribdiyu.

Sudya: Men sizga tushuntirib berdim Sh. Sh., advokatingiz bor. Sizga kim tushuntirishini xohlaysiz? Sudya tushuntirib bersinmi? Men sizga “Ish bo‘yicha qarorda fikrimizni bildiramiz”, deb tushuntirdim, prokuror ham tushuntirib berdi. Faqat advokatingiz siz bilan gaplashadi. Sizga qonunni tushuntirishga harakat qilyapman, tushunishga harakat qilmayapsiz.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Uzr.

Sudya: O‘tiring, Sh. Sh. J.E., siz shunaqa tan jarohati yetkazilganiga guvoh bo‘lganmisiz? “Shunaqa holatlar bo‘ldi, J.E. ham bor edi, qarshi ko‘rsatma berish haqida harakatlar bo‘ldi”, deyapti.

Sudlanuvchi J.E.: Menga nisbatan tazyiq bo‘lmagan va men hech qanaqa guvoh bo‘lmaganman.

Sudya: Mana, siz Sh. Sh.ga ko‘rsatma bergansiz-da, shu ko‘rsatuvni “Tazyiq ostida olish holatlari bo‘ldi”, deyapti.

Sudlanuvchi J.E.: Yo‘q-yo‘q, tazyiq bo‘lmagan.

Sudya: Iltimosnomalar bo‘lmaydimi?

Advokat Mengliqulov: Bor, iltimosnomalar bor. Hurmatli raislik etuvchi, Sh. Sh.ning ko‘rsatuvlaridan kelib chiqib, unga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlashingizni iltimos qilaman. Hamda qo‘shimcha tarzda uning sog‘lig‘i yuzasidan berilgan ma’lumotnoma bor. Unda chap buyrak qurib qolishi ma’lumotlari ko‘rsatilgan. Shu holatga to‘liq sud-tibbiy ekspertiza tayinlashingizni iltimos qilaman.

Sudya: Marhamat, muhtaram protsess ishtirokchilari, iltimosnoma bo‘yicha fikringiz?

Prokuror: Sudga havola qilaman.

Sudya: Sh. Sh., qo‘llab-quvvatlaysizmi?

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Ha.

Sudya: Manfaatiga taalluqli shaxslar, so‘radik. Iltimosnoma bo‘yicha qaror qabul qilish uchun sud maslahatga kiradi.

57 daqiqa o‘tib, sud maslahatdan chiqdi. Qayd etish joiz, avvalgi maslahatlar 10, uzog‘i 15 daqiqadan ko‘pga cho‘zilmasdi. Mazkur 57 daqiqa mobaynida sud zalidagi o‘zaro muhokamalar ham tinmadi. Advokatlar o‘rnidan turib bir-birining yoniga borib, kulib, suhbatlashar, sudlanuvchilarning yaqinlari va oila a’zolari ham shu ish bo‘yicha muhokamaga kirishgan edi. Jumladan, prokuror va bir advokat ham bir necha daqiqa davomida suhbatlashishdi.

Sudya: Sudlov hay’ati maslahatdan chiqdi va ajrimni e’lon qiladi. Advokat Mengliqulovning iltimosnomasi qanoatlantirilsin. Sudlanuvchi Sh. Sh.ning sog‘lig‘i yuzasidan komission sud-tibbiy ekspertizasi tayinlasin. Ekspertiza o‘tkazish Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika sud-tibbiy ekspertizasi ilmiy amaliy markazi Toshkent shahar filiali ekspertlari zimmasiga yuklatilsin.

Ekspertiza o‘tkazishda komissiya a’zolari quyidagi tartibda belgilansin: yetakchi ekspert sifatida Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filiali ekspertlari, komissiya a’zolari sifatida Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasidan mutaxassisligi bo‘yicha shifokor LOR, shifokor-urolog va boshqa shifokorlar biriktirilsin.

Mutaxassislar oldiga quyidagi savollar qo‘yilsin: sudlanuvchi Sh. Sh.ning tanasida shaxsni qiynoqqa solish davomida olinishi mumkin bo‘lgan tan jarohatlari va ulardan qolgan izlar mavjudmi? Ikkinchi savol, agar mavjud bo‘lsa, bu jarohatlar yetkazilgan vaqt, joylashgan o‘rni, mexanizmi aniqlansin.

Uchinchi savol, agar Sh. Sh.ning tanasida tan jarohatlari mavjud bo‘lsa, ular qanday predmet ta’sirida yetkazilgan bo‘lishi mumkin?

To‘rtinchi savol, agar Sh. Sh.ning tanasida tan jarohatlari mavjud bo‘lsa, ularning yetkazish vaqtidagi hamda hozirgi vaqtdagi og‘irlik darajalari alohida-alohida aniqlansin.

Beshinchi savol, agar tan jarohati, ulardan qolgan izlar aniqlansa, ularning joylashuvi, xarakteri va morfologik xususiyatlarini inobatga olgan holda tan jarohatlarini o‘ziga o‘zi yetkazgan bo‘lishi mumkinmi?

Oltinchi savol, Sh. Sh.ning buyrak sohasida kasallik mavjudmi?

Yettinchi savol, mavjud bo‘lsa, aniqlangan kasallik uning hayoti uchun xavflimi va kasallikning diagnostikasi qanday, instrumental va laborator tekshiruvlarni amalga oshirish lozimmi? Bemor shifokorning doimiy nazoratida bo‘lishi talab etiladimi?

Sakkizinchi savol, Sh. Sh.da aniqlangan kasallik uning sud majlislarida ishtirok etishiga monelik qiladimi, unga qanday davo va muolajalar qilinishi lozim, sudlanuvchi o‘z vaqtida davolanmasa, kasallik qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?

To‘qqizinchi savol, Sh. Sh.da aniqlangan kasallik belgilari unga ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tashda monelik qiladimi?

Sudlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilganligi sababli Sh. Sh.ni 2024-yil 3-fevral kuni soat 10:00 da DXX tergov hibsxonasidan Respublika sud-tibbiy ekspertizasi ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filialiga va, zarurat bo‘lgan taqdirda, Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘ptarmoqli klinikasiga soqchilar orqali keltirilishini ta’minlash DXX Tergov hibsxonasi va Ichki ishlar vazirligi qorovul qo‘shinlari 7530-sonli harbiy qismiga yuklatilsin.

DXX Tergov hibsxonasida Sh. Sh.ning ambulator kartasi mavjud bo‘lsa, ekspertlar ixtiyoriga yuborilsin. Sudlanuvchiga Jinoyat-protsessual kodeksining 179-moddasida nazarda tutilgan huquqlari tushuntirilsin. Mutaxassislar Jinoyat kodeksining 238, 240-moddalarida belgilangan javobgarlik bilan ogohlantirilsin. Jinoyat-protsessual kodeksining 497−11-moddasiga asosan ajrim yuzasidan shikoyat yoki protest keltirish mumkin emas. Raislik etuvchi sudya — Yusupov, xalq maslahatchilari — Qosimova va Rixsiyeva. O‘tiramiz.

Ekspertiza tayyorlandi, ambulator karta bo‘lsa, yetkaziladi. Va advokatlarning e’tiboriga agar kasallik bilan bog‘liq qanaqadir hujjatlar bo‘ladigan bo‘lsa, siz ham yetkazishingiz mumkin. Ertaga soat 10:00 ga, [advokati] faqat o‘zingiz, u yerga uydagilar borsa, endi sal noto‘g‘ri vaziyat bo‘lishi mumkin, vaqtingizga qarab ishtirok etishingiz mumkin.

Ikkinchi holatimiz, biz har bir holat bo‘yicha bu masalaga qayta-qayta to‘xtalayotganligimiz sababli endi birato‘la aniqlik kiritib olaylik. Marhamat, S.R.P, Sardor Kariyev [qiynoqlar bo‘yicha ekspertizadan] o‘tib bo‘ldi. G. S., sizda tan jarohatlari bormi?

Sudlanuvchi G. S.: Yo‘q.

Sudya: Tazyiq o‘tkazilganmi?

Sudlanuvchi G. S.: Yo‘q, o‘tkazilmagan.

(Sudya dastlab qamoqdagi, keyin ozodlikdagi sudlanuvchilarning har biriga shu savollarni berib chiqdi. Ularning barchasi bunday holat bo‘lganini inkor etdi — tahr.)

Sudya: Tushunarli. Unda, muhtaram protsess ishtirokchilari, ehtiyot shart, biz oldingi ekspertizamizni o‘tkazdik, bir kunda bizga yetkazildi. [Ammo dushanba kuni] chorshanbaga ish belgilanmaganligi sababli bugun, juma kuni davom etyapmiz. [Ekspertizani] shanba kuniga qo‘ydik, dushanba kunga sud majlisini belgilaymiz, faqat aloqada bo‘lamiz. Agar ekspertiza o‘tkazilib, bizga xulosasi taqdim etilsa, sud majlisi dushanba kuni bo‘ladi, taqdim etilmasa, chorshanba kuni bo‘ladi. Tushunarlimi? Marhamat.

Advokatlardan biri: Sh. X.ning operatsiyasi bo‘yicha qiziqayotgandim. Operatsiyaga kirsa, kuni qanday bo‘ladi, necha kun? (sudlanuvchi Sh. X. sog‘lig‘i sababli sudda videokonferensaloqa orqali ishtirok etadi — tahr.).

Sudya: Tushunarli. Marhamat, Sh. X., sog‘lig‘ingiz qanaqa, advokatlarimiz qiziqyapti.

Sudlanuvchi Sh. X.: Fevralning birinchi, ikkinchi haftasiga operatsiyamiz bor. Hozir simi yechilgan, uyda, poliklinika nazoratida turibman. 8 oy ichida oyog‘imning chap son suyagida ikki marta operatsiya o‘tkazildi. Hozir muskullar o‘ziga kelishi kerak ekan, muskullarning operatsiyaga tayyorgarligi bo‘lyapti. 15-fevralgacha muddat bersa, bo‘ladi.

Sudya: Aniq kuni belgilanganmi?

Sudlanuvchi Sh. X.: Order chiqib qolarkan.

Sudya: Operatsiyaning kuni aniqmi, yo‘qmi?

Sudlanuvchi Sh. X.: Uni keyingi sud protsessida, order olingandan keyin aytsam bo‘ladimi?

Sudya: Tushunarli. Agar siz hozir orderni davlat tomonidan olayotgan bo‘lsangiz, orderni olgandan keyin hali kasalxonaning kunini belgilash kerak, uning jarayoni ko‘p, to‘g‘rimi? Tushunarli, hali aniq emas ekan. Bizga imkon qadar oldinroq ma’lumot bersangiz, shunga qarab vaziyatni belgilaymiz.

Sudlanuvchi Sh. X.: Mana bu gipsni yechgani hisobiga bugun ham order berdi, uch kunmi, besh kunmi kasalxonaga yotishim kerak. Ertaga ketaman, dushanba kuni sudga ham o‘sha yerda qatnashaman, uch kunda holatim yaxshi bo‘lsa, uyga qaytaman.

Sudya: Tushunarli, demak, qayerda bo‘lsa ham dushanba kuni sud majlisida ishtirok etasiz, shunaqami?

Sudlanuvchi Sh. X.: Ha, Xudo xohlasa.

Sudya: Rahmat. Boshqa iltimosnomalar, fikrlar yo‘qmi? Marhamat, Imamov.

Advokat Imamov: Hurmatli raislik etuvchi, murojaat bor edi. Hozir sudlanuvchilarimizga, iltimos, kimda agar tan jarohati bo‘ladigan bo‘lsa yoki boshqa bo‘lsa, bugunning o‘zida hal qilib, to‘xtamga kelsak.

Sudya: Tushunarli. Demoqchisizki, nima bo‘ladigan bo‘lsa, ertaroq qabul qilaylik. Qabul qilindi. Muhtaram protsess ishtirokchilari, yana kimda qanaqa iltimosnoma bor? Kimnidir chaqirish, so‘roq qilish yoki oldindan hal qilish bo‘lsa, [qilib] qo‘yaylik.

Advokatlardan biri: Iltimosnomalarni tugataylik degan iltimosnoma bor (butun zal kulib yuboradi — tahr.).

Sudya: Tushunarli, unda keyingi sudni dushanbaga belgiladik. Soat 10:00 ga desak, hech kim [vaqtida] kelolmayapti. Unda 10:30 ga qilib qo‘yamiz. Faqat iltimos, kechikmasdan kelsangiz. Chunki sudlanuvchilarimiz ham kelib kutib qolyapti. Endi bitta narsa, bularni ham to‘g‘ri qabul qilish kerak, bularga ham sharoit qilib berish kerak. “Bizga pastda mashinada sovuq bo‘lyapti, bizga noqulaylik tug‘diryapti”, degani uchun.

Tergov hibsxonasi boshqa bo‘lgani uchun boshqa sudlanuvchilarga aralashish mumkin emas. Haliyam bugun boshqa sudlanuvchilar yo‘qligi uchun imkon qadar sharoit qilyapmiz. Lekin boshqa sud majlisi belgilanib qolsa, sal noqulayliklar bo‘lib qolishi mumkin-da. Tushunarli-a?

Shuning uchun iltimosnomalar bo‘lsa, bizga imkon qadar bersangiz, dushanba kuni ekspertiza xulosasi kelsa, tomonlardan yana bir marta muzokaraga tayyorgarlik ko‘rib yurish so‘raladi. Tanaffus, sog‘ bo‘linglar.

5-fevraldagi sud majlisi tafsilotlari

Dastlab sudya yordamchisi sud tarkibini o‘qib eshittirdi.

Sudya: Muhtaram protsess ishtirokchilari, ayrim advokatlarimiz ishtirok etmayotgan ekan. E’tirozlar yo‘qmi? (jimlik — tahr.). Agar e’tirozlar bo‘lmasa, sud majlisini davom ettiramiz. Oldingi sudda biz jinoyat ishi yuzasidan Sh. Sh.ning ko‘rsatuvlaridan kelib chiqib, Sh. Sh.ning sog‘lig‘i yuzasidan komission sud ekspertizasi tayinlab, tanaffus qilgan edik. Ekspertiza tayinlaganlik holati bo‘yicha ekspertiza xulosasi sudga taqdim etildi. Quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Komission sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazish jarayonida ekspertiza komissiya a’zosi quyidagi to‘xtamga kelgan: ya’ni Sh. Sh.ni sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazib, tibbiy hujjatlar ma’lumotlari bilan tanishib, mutaxassislar — urolog hamda LOR shifokorlar maslahatini o‘tkazib, ajrimdagi holat tafsiloti va savollarga asoslanib ekspertiza xulosasi quyidagi to‘xtamlarga keladi.

Birinchi, ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi savollarga asosan Sh. Sh.da hozirgi vaqtda quyidagilar aniqlandi: o‘ng qulog‘i nog‘ora pardasidagi perforatsiyasi, ya’ni Sh. Sh.ning o‘ng qulog‘i nog‘orasi pardasidagi perforatsiyasi. Hozirgi holatidan kelib chiqib, uning aniqlik muddati, ya’ni kelib chiqish sababini aniqlash mumkin emas. Perforatsiya chetlarida chandiqli halqa kuzatilganligi avvalgi jarayon bo‘lishi mumkinligidan ham dalolat beradi. Bundan tashqari orqa yuqori qavatida chandiqli oqarishlar kuzatilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, hozirgi vaqtda Sh. Sh.da aniqlangan o‘ng quloq nog‘ora pardasining profersiyasi haqidagi biror bir tibbiy hujjat mavjud emasligi hamda eski profersiya bo‘lganligi sababli ushbu patologik protsessning hosil bo‘lishi vaqtini va sababini aniqlashning imkoni bo‘lmadi. Bu o‘zgarish har xil sabablar, jumladan, yallig‘lanish jarayonida ham yuz berishi tufayli tan jarohati sifatida baholashga asos bo‘lmadi.

6, 7, 8, 9-savollarga javoban hozirgi vaqtda Sh. Sh.ning buyraklarida tuzlar, chap buyrak hajmining kichrayish holati aniqlandi. Hozirgi vaqtda Sh. Sh.da aniqlangan kasalliklar uning hayotiga bevosita xavf solmaydi va shoshilinch ko‘rsatma mavjud emas. Sh. Sh. hozirgi vaqtda statsionar davo muolajalariga muhtoj emas. Sh. Sh. yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan kasalliklar bo‘yicha ambulator sharoitda kuzatuvda bo‘lishi va davolanishi tavsiya qilinadi.

Sh. Sh. o‘zining salomatlik holati bo‘yicha sud majlislarida ishtirok etishga va unga ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tashga monelik qilmaydi. Ekspertiza 2024-yil 5-fevral bilan tugallangan va sudga taqim etildi. Agar zarurat bo‘ladigan bo‘lsa, advokatlarimiz tanishishni xohlasa, biz taqdim etamiz. Tushunarli-a, boshqa iltimosnomalarimiz yo‘qmi? (jimlik — tahr.).

Muhtaram protsess ishtirokchilari, shu bilan birga sudlanuvchimiz Kariyevning turmush o‘rtog‘i M.Kariyeva tomonidan sudga ariza taqdim etilgan. O‘zlari shu yerdami? (tasdiq javob keldi — tahr.). Bizga bir nechta holatlarni ko‘rsatyapti. Notarial harakatlar ko‘rsatish sababli, ya’ni nikoh davrida orttirilgan Lacetti rusumli avtomashinani sotishga rozilik, voyaga yetmagan farzandlariga rasmiylashtirilgan pasportning [uzaytirish] muddati kelganligi sababli uni uzaytirish, yaqin qarindoshi hamrohligida chet elga chiqish uchun rozilik olish haqidagi arizalarni hamda voyaga yetmagan farzandi I.Hikmatovaning FHDYO organi tomonidan familiyasi o‘zgarishi sababli FHDYO organida vakil bo‘lish bilan bog‘liq ishonchnomani notarial tartibda rasmiylashtirishga amaliy yordam berish so‘ralgan. Sardor Hikmatovich, sizga tushunarli-a?

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Tushunarli.

Sudya: Bu yerda farzandingizning pasporti amal qilish muddati [haqida gap ketyapti]. Farzandingiz necha yoshda?

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Chet elga chiqish pasporti.

Sudya: Mayli, biz arizani ko‘rib chiqib, quyidagicha tushuntirish beramiz. Hozir jinoyat ishi sudda ko‘rilyapti. Jabrlanuvchilar, boshqa shaxslarimiz ko‘rib turibdi. Ayrim holatda jabrlanuvchilarimiz moddiy da’vo kiritganligini sababli biz sotishga rozilik berolmaymiz. To‘g‘ri, aybsizlik prezumpsiyasi bor, ayblilik masalasi hal qilinmagan, lekin bu tomonlarda norozilik uyg‘otishi mumkin. Tushunarli-a? Noto‘g‘ri fikr shakllanmasligi uchun biz bunga rozilik berolmaymiz.

Farzandingizni pasporti muddati, familiyani o‘zgartirish bo‘yicha esa e’tirozimiz yo‘q. Chet el masalasiga [to‘xtaladigan bo‘lsak], uni tasdiqlovchi holat yo‘q. Ayniqsa, bugungi kunda ota-onasiz farzandlarning qarovsiz qolib ketish holatlari ko‘pligi sababli qonunchilikning jinoyat hamda ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgarish kiritilgan, to‘g‘ri qabul qiling. Asoslovchi hujjatlaringiz bo‘lsa, bu masalada qayta murojaat qilishingiz mumkin. Biz ikkita holatga rozilik beramiz. Agar xohlasangiz, notarial harakat amalga oshirish uchun notariusni keyingi sudga taklif etsangiz, biz bu jarayonga rozilik beramiz. Tushunarli-a?

Sudya: Muhtaram protsess ishtirokchilari, hech kimda boshqa e’tirozlarimiz qolmadi-a? Marhamat, Sobirov.

Advokat Normurod Sobirov: Hurmatli raislik etuvchi, kichkina iltimosnomamiz bor edi. Ruxsat bersangiz, bir nusxasini sizga taqdim etsam. Iltimosnomam shundan iboratki, 2024-yil 2-fevralda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov tomonidan jamoatchilik kengashini o‘tkazilib, o‘sha yerda aynan bizga tegishli bo‘lgan, bir-ikkita holatlarga oydinlik kiritildi.

O‘zingizning esingizda bor, “Tekshirish vaqtida dori vositasiga qo‘shilgan primesni aniqlashning imkoni yo‘q edi”, degan gap aytildi. “Daryo” xodimi hozirgi ishlab turganlarga shu savol bilan murojaat qilibdi. Biz uchun kerakli savollarni berganliklari uchun katta rahmat aytmoqchiman. Jamoatchilik yig‘ilishida davlat farmakopeyasining bosh muharriri Habibulla Jalilov esa savolga quyidagicha javob bergan.

“Dori vositasini ishlab chiqarish jarayoni ko‘p bosqichli. Va mana shu ko‘p bosqichning har bittasi o‘ziga vakolatli bo‘lgan shaxslarga yuklatib qo‘yilgan. “Dok-1 Maks”da yuzaga chiqib, bolalarning zaharlanishiga sabab bo‘lgan primes uning xomashyosida tekshirib, o‘sha jarayonda, Hindistondagi ishlab chiqaruvchi tomonidan to‘xtatilgan bo‘lishi kerak edi. O‘sha yerda qilinadigan ishni, tayyor preparatda aniqlash mumkin emas. Chunki “Dok-1 Maks” preparatini tayyorlashda 12 ta har xil moddalar aralashtiriladi. Har bitta modda toza vaqtida, xomashyosida qancha qo‘shimcha moddalar bor, qancha primeslar bor aniqlash imkoni bor.

Lekin hammasi aralashib ketganidan so‘ng bunaqa imkoniyatni bermaydi. Shu bois bu ishlab chiqaruvchi korxonaning vakolatida. Endi shu voqea yuzaga kelganidan so‘ng Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bunga tezda munosabat bildirdi. Va Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi laboratoriyaga tayyor mahsulot ichidagi shu primesni aniqlash mumkinmi, deb savol qo‘yib, topshiriq berdi. Ular uch oy davomida olib borgan ilmiy tadqiqotlar davomida murakkab usulda shuni aniqlash metodikalarini ishlab chiqib, butun dunyodagi nazorat organlariga tarqatdi. “Oldingi holatda Amerikada ham, Yevropada ham bu xomashyoda tekshirilar edi. Hech qachon tayyor mahsulotda tekshirilmagan”, degan fikrni bildirdi.

Hurmatli raislik etuvchi, aynan bizning ishga taalluqli bo‘lgani uchun buni dalil sifatida qabul qilishingizni so‘rayman.

Sudya: Sobirov, bitta narsa, siz o‘zingiz advokatsiz, bilasiz, dalil sifatida [taqdim etasizmi] yoki o‘sha ko‘rsatuv jarayonida bayon etilgan fikrlarni ma’lumot uchun olib, jinoyat ishiga qo‘shishni so‘raysizmi?

Advokat Sobirov: Ma’lumot uchun.

Sudya: Tushunarli. Tomonlarda e’tiroz yo‘qa?

Sud zalidan: Yo‘q.

Sudya: Sud advokat tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni jinoyat ishiga qo‘shdi. Boshqa iltimosnomalarimiz bormi? Hech kimda iltimos yo‘qa? (jimlik — tahr.). Iltimosnomalarimiz bo‘lmasa, muhtaram protsess ishtirokchilari, sudda ishtirok etmagan bitta jabrlanuvchimiz bor edi, biz taklif etgan edik, kelishi kerak edi, kelolmaganligi sababli uning dastlabki tergov jarayonida bergan ko‘rsatuvlarini o‘qib eshittirib, so‘ng, sud jinoyat ishi hujjatlarini taftish qilishga sud o‘tadi.

Oygul Jumayeva Shodlikovnaning qonuniy vakili Jemal Jenisova dastlabki tergovda quyidagilarni ma’lum qilgan. Qizi Jumayevaga yo‘talganlik uchun To‘rtko‘l tumanidagi Otanazar ismli shaxsning dorixonasidan sotuvchisining tavsiyasiga ko‘ra “Dok-1 Maks” dori vositasini sotib olib, 2022-yil 8-dekabr kuni ushbu dori vositasini ichirishni boshlagan. So‘ng qizi qayt qilishni boshlagan, peshob ajralmay, tana harorati ko‘tarilgan. Farzandining ahvoli og‘irlashgandan keyin uni Tuproqqal’a tumanidagi tibbiyot birlashmasiga olib borgan. Shifokorlar esa darhol Urganch shahriga olib borishni tavsiya qilgan.

2022-yil 14-dekabr kuni qizini Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam ilmiy markazi Xorazm filialiga olib borgan. Shifokorlar qiziga o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisini qo‘yib, 12 kun davomida 8 marotaba gemodializ amaliyotini qo‘llashgan. 2022-yil 24-dekabr kuni qizining sog‘lik holati ancha yaxshilanganligi sababli shifokorlar unga uyiga ketishga ruxsat bergan. [Jemal Jenisova] bugungi kunda farzandining sog‘lig‘ida asoratlar qolmagani va ahvoli yaxshi ekanini bayon qilgan.

Shu bilan sud jinoyat ishi hujjatlarini taftish qilishga o‘tdi. Sudya tergov vaqtida sudlanuvchilarning uyi, ofisi va ularga tegishli bo‘lgan boshqa hududlarda o‘tkazgan tintuv ishlari, holatga aloqador turli xat-hujjatlar, telefon, fleshka va shunga o‘xshash ashyoviy dalillar, qonun-qarorlar, sudlanuvchilar, ishga aloqador boshqa gumondorlar, guvohlarni yuzlashtirish jarayonlarining bayonlarining sanalar va tegishlilik bo‘yicha jinoyat ishining qaysi jildi va varaqlariga kiritilganini o‘qib eshittirdi.

Sudya: Muhtaram protsess ishtirokchilari, hozir ayrim advokatlarimiz tomonidan sud jarayonida so‘roq qilinmagan boshqa ekspertlarning ko‘rsatuvlari o‘qib eshittirilishi so‘raldi. Muhtaram tomonlar, sizlarda qaysi ko‘rsatuvlar bo‘yicha e’tirozlar, fikrlar bo‘ladigan bo‘lsa, muzokaralarda bildirishlaringiz mumkin. Qanaqa tartibda ko‘rsatuv berilganligi va nima mazmundagi vajlar bilan kelishmayotgani haqidagi tergov jarayonida bir nechta shaxslar so‘roq qilingan. Ularning ko‘rsatuvlarini o‘qib eshittirish ko‘p vaqt talab qiladi. Shu sababli biz ko‘rsatuvlarni muzokarada qabul qilamiz degan fikrga keldik. Muhtaram protsess ishtirokchilari, sud sud tergovini tamomladi hamda muzokaraga o‘tamiz. Marhamat, muhtaram prokuror, muzokara uchun so‘z sizga.

Prokuror: Muzokaraga tayyorlanish uchun vaqt kerak.

Sudya: Qancha vaqt kerak sizga?

Prokuror: Bir hafta.

Advokat Davron Ahmadov: Iltimosnomam bor edi prokurorga.

Sudya: Endi muzokaraga o‘tdik-ku, qanday iltimosnoma?

Advokat Davron Ahmadov: Yo‘q, [uni] tushundim, prokurorning qismi bo‘yicha.

Sudya: Marhamat.

Advokat Davron Ahmadov: Hurmatli raislik etuvchi, prokuror iltimosnomada o‘zining fikrini aytadi. Men shu haqida so‘ramoqchi edim, boshqa advokatlarni bilmadim, baribir hamma qo‘shilsa kerak. Har bitta ayblanuvchining aybi nima bilan isbotlanganligini aniq ko‘rsatib bersinlar, qaysi dalillar bilan ayb isbotlanganligini o‘zlarining fikrlarida ko‘rsatib bersalar. Odatda “Dalillar mazmunan tasdig‘ini topdi”, degan standart fikrlar bo‘ladi, shunaqa bo‘lmasin-da. Har bitta ayblanuvchi, S.R.P. va mening himoyam ostidagi boshqa shaxslarni aybi qaysi hujjatlar va dalillar asosida isbotlanganligini aytib bersalar bo‘ldi. Shuni so‘ramoqchi edim.

Sudya: Tushunarli, prokurorimiz o‘zi eshitdi, ma’lumot uchun qabul qilindi.

Advokat Davron Ahmadov: Rahmat.

Sudya: Prokurorimiz muddat so‘raganligi sababli qayta-qayta muddatga taqalmasligi uchun advokatlarimizdan, himoyachilarimizdan hamda sudlanuvchilarimizdan muzokaraga tayyorgarlik ko‘rish so‘raladi. Muzokaraga o‘tdik. Muhtaram prokuror, bugun kunimiz dushanba, juma kunga olsak-chi, balki tayyor bo‘lib qolarsiz?

Prokuror: Qilishim mumkin.

Sudya: Mayli, biz prokurorimizga uch kundan ko‘p muhlat beramiz. [Sud majlisini] juma kuni soat 10:30 ga qoldirdik. Prokurorimiz, sizdan iltimos, agar o‘sha kunga ulgurmasangiz, bizga oldinroq xabar bersangiz, advokatlarimiz va boshqalar ovora bo‘lmasligi uchun biz ularga oldindan ma’lum qilamiz va kunni dushanbaga o‘zgartiramiz. Tanaffus.