22-aprel kechqurun Xarkovni o‘qqa tutish chog‘ida Rossiya armiyasi shahar teleminorasiga raketa hujumi uyushtirdi, deb xabar bermoqda UNIAN agentligi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda teleminoraning tepa qismi qulagani aks etgan. Xarkovda raqamli televideniye signalida uzilishlar kuzatilyapti, deya aniqlik kiritmoqda UNIAN.

Xarkov viloyati prokuraturasining xabar berishicha, zarba Rossiyaning X-59 raketasi bilan amalga oshirilgan. Tashkilot urush qonun-qoidalarini buzish holatlarini tekshirishni boshladi.

Xarkov viloyati harbiy boshqarmasi boshlig‘i Oleg Sinegubovning so‘zlariga ko‘ra, hujum paytida teleminora xodimlari boshpanada bo‘lgan, hech kim jabrlanmagan.

Rossiya Mudofaa vazirligi zarbaga izoh bermadi. “RIA Novosti” davlat agentligi Ukraina havo hujumidan mudofaa aloqa antennasi o‘rnatilgani aytilayotgan Xarkovdagi teleminoraga rossiyalik harbiylar zarba berganini tasdiqladi.