19-aprel kuni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida 1-sinf o‘quvchisi yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Shahrisabz shahridagi 11-maktabning 1-“B” sinf o‘quvchisi O.I. o‘sha kuni maktabga kelgan hamda darslarga to‘liq qatnashgan. Soat 12:35 atrofida o‘quvchi uyi yonidagi piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotganda uni yuqori tezlikda kelayotgan Damas avtomashinasi urib yuborgan.

O‘quvchi zudlik bilan shahar shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga olib borilgan. Biroq ko‘rsatilgan tez tibbiy yordamlarga qaramasdan u vafot etgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, haydovchi qamoqqa olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida yuqori tezlikda harakatlangan Gentra haydovchisi yo‘l chetidagi ikki o‘quvchini urib yuborgandi. YTH oqibatida bolalar vafot etgan, shuningdek, mashina urib ketgan qoramol ham nobud bo‘lgan.