Amerika Qo‘shma Shtatlari Falastinning tashkilotga to‘liq a’zo bo‘lishini nazarda tutuvchi BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi loyihasiga veto qo‘ydi. Bu haqda BMT saytida xabar berildi.

Hujjatga 12 davlat “ma’qullab” ovoz berdi, yana ikkitasi — Buyuk Britaniya va Shveysariya betaraf qoldi.

Rezolyutsiya loyihasi qabul qilinishi uchun uni Xavfsizlik Kengashining kamida to‘qqiz a’zosi qo‘llab-quvvatlashi va uning doimiy a’zolari — Xitoy, Fransiya, Rossiya, Buyuk Britaniya va AQShning hech biri veto huquqidan foydalanmasligi kerak.

“Qo‘shma Shtatlar ikki davlat bo‘lish qarorini qat’iy qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. Bu ovoz berish Falastin davlatchiligiga qarshilikni aks ettirmaydi, balki bu tomonlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar natijasi bo‘lishini tan olishdir”, — deb tushuntirdi AQShning BMTdagi elchisi Robert Vud.

Falastin ma’muriyati AQShni rezolyutsiyaga veto qo‘ygani uchun qoraladi va buni Yaqin Sharqni “jar yoqasiga” olib borayotgan “agressiv” qaror deb atadi.

Falastinning BMTdagi elchisi Riyod Mansur ovoz berishdan keyin “Ushbu rezolyutsiya qabul qilinmagani bizning irodamizni sindirib, qarorimizni o‘zgartirmaydi”, — dedi. “Biz harakatlarimizni to‘xtatmaymiz. Falastin davlati muqarrardir. Bu haqiqat”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Falastin 2012-yildan beri BMTda doimiy kuzatuvchi maqomiga ega. Bu unga tashkilotning barcha yig‘ilishlarida qatnashish imkonini beradi, lekin uning BMT asosiy organlarida ovoz berish huquqi yo‘q.

New York Times`ning qayd etishicha, Falastinning BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lishi uzoq vaqtdan beri milliy davlat yaratishga intilayotgan Falastin ma’muriyati uchun “muhim, ko‘p jihatdan ramziy g‘alaba” bo‘ladi. Yangi maqom Falastinga bir qator imtiyozlar, jumladan, ovoz berish huquqi va Xavfsizlik Kengashidagi navbatdagi o‘rinni beradi. Biroq, nashr ta’kidlaganidek, bu Falastin davlati bilan bog‘liq eng muhim muammolarni, jumladan, chegaralar va alohida mamlakatlar tomonidan tan olinishini hal qila olmaydi.

  • O‘tgan yilning oktabr oyida HAMAS guruhi Isroil hududiga hujum qilganidan keyin Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashib ketdi. Oqibatda kamida 1200 isroillik halok bo‘ldi, 200 dan ortiq kishi garovga olindi.
  • Bunga javoban Isroil G‘azo sektorini nazorat qilayotgan HAMASga qarshi urush e’lon qildi, anklavga intensiv havo hujumlari uyushtirdi va u yerga qo‘shin yubordi. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mojarolar davomida mintaqada 30 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi.
  • Mart oyi oxirida BMT Xavfsizlik Kengashi G‘azo sektorida “zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish” va barcha garovga olinganlarni ozod qilishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Bunday rezolyutsiyalarni ilgari bloklab qo‘ygan Qo‘shma Shtatlar o‘sha safar ovoz berishda betaraf qolgandi.