Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon oliy darajadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillariga bayonot berdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

O‘zbekiston prezidenti Tojikiston prezidenti va xalqiga an’anaviy samimiy va mehmondo‘st qabul uchun minnatdorlik bildirdi.

“Yana bir bor ta’kidlayman, Tojikiston O‘zbekiston uchun eng yaqin, ishonchli, asrlar bilan sinalgan strategik sherikdir. Birodar o‘zbek va tojik xalqlari ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari bilan chambarchas bog‘langan. Bizni umumiy tarix, madaniy va ma’naviy qadriyatlar, an’ana va urf-odatlar birlashtirib turadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

U “qardosh xalqlarning tub manfaatlariga to‘liq mos bo‘lgan” Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani haqida fikr bildirdi.

“Bu qadam bilan O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik va ittifoqchilikni chuqurlashtirish bo‘yicha ortga qaytmas yo‘ldan yurishga qat’iy intilishimizni tasdiqladik. Ushbu muhim hujjat, hech mubolag‘asiz, ikki tomonlama munosabatlarda yangi tarixiy davrni anglatadi”, — dedi O‘zbekiston rahbari.

Shuningdek, u o‘z nutqida “Oybek-Fotexobod” chegaraoldi erkin savdo zonasi hamda “Andarxon” savdo-logistika markazini tashkil etish ishlarini jadallashtirish muhimligini ta’kidladi.

tojikистон

U sanoat kooperatsiyasi, birinchi navbatda, ikki mamlakat bir-birini to‘ldirib turgan an’anaviy tarmoqlarda o‘sishning yangi nuqtalari belgilab olinganini ta’kidladi. Gap mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, metallurgiya, tog‘-kon sanoati, to‘qimachilik, farmatsevtika, agrosanoat va boshqa ustuvor tarmoqlarda qo‘shma loyihalar haqida bormoqda. Bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston-Tojikiston investitsiya kompaniyasi salohiyatidan foydalaniladi.

Suv-energetika sohasidagi hamkorlikka ustuvor e’tibor qaratildi. Transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish sohasida konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.

Hamkorlikning yana bir strategik yo‘nalishi — ikki mamlakat transport-tranzit salohiyatini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish. Yo‘lovchi va yuklar tashish hajmini oshirish, zamonaviy chegaraoldi va bojxona infratuzilmasini yaratish bo‘yicha qo‘shma choralar ko‘riladi.

Tomonlar tarixiy deb ataluvchi bu galgi tashrif va uning natijalari ikki davlatning jadal rivojlanishiga xizmat qilishiga, qardosh O‘zbekiston va Tojikiston xalqlarining umumiy farovonligini ta’minlashiga ishonch bildirdi.