2023-yilda 6 foizga o‘sgan O‘zbekiston iqtisodiyoti 2024-yilda 5,3 foizga o‘sadi, deya prognoz qilmoqda Jahon banki “Yevropa va Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari sharhi” yangi hisobotida. Yanvar hisobotiga nisbatan (5,5%) prognoz 0,2 foiz punktga kamaydi. Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi press-relizida ta’kidlanishicha, mamlakat yalpi ichki mahsulotining 2025-yilga o‘sishi prognozi 5,5 foiz darajasida saqlanib qoldi.

2023-yil uchun yaxshilangan ko‘rsatkichlar

2023-yilda O‘zbekistonning real yalpi ichki mahsuloti investitsiyalar, xususiy iste’mol va eksport hisobiga 6 foizga o‘sdi. Davlat korxonalari va xususiy sektor korxonalarini kreditlash hajmining oshirilishi investitsiyalarning o‘sishiga olib keldi. Real kreditlar (davlat korxonalari va xususiy sektorga berilgan kreditlar) 2021−22 yillardagi 5,1 foizdan 2022−23 yillarda 11,6 foizga o‘sdi.

Iste’mol narxlari inflyatsiyasi so‘nggi yetti yildagi eng past darajaga tushib, 2022-yildagi 12,3 foizdan 2023-yil dekabrida 8,8 foizga tushdi. Bu hukumatning qat’iy pul-kredit siyosati va qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasining pasaytirilishi, shuningdek, xalqaro bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlari va energiya narxlarining pasayishi bilan bog‘liq.

2023-yilda o‘zbek so‘mi AQSh dollariga nisbatan 9 foizga qadrsizlandi. Bunga qisman Rossiya rublining (mamlakatning tashqi savdo bo‘yicha asosiy hamkori valyutasi) AQSh dollariga nisbatan qadrsizlanishi sabab bo‘lgan.

2023-yilda import o‘sishi tezlashgani va mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari hajmi qisqargani (oxirgisi rublning qadrsizlanishi bilan bog‘liq) sababli joriy hisob taqchilligi bo‘yicha holat yomonlashdi.

O‘zbekistondan gaz eksporti ichki iste’molning o‘sishi fonida ikki barobar qisqardi. 2023-yilda mamlakat birinchi marotaba Rossiyadan gaz import qilishni boshladi.

Sovuq qish mavsumida energetika infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash va yoqilg‘i uchun favqulodda xarajatlar, ish haqi va ijtimoiy nafaqalar, energiya subsidiyalari va davlat banklari tomonidan taqdim etiladigan davlat korxonalarini subsidiyalangan kreditlash bo‘yicha xarajatlar tufayli budjet taqchilligi 2022-yildagi YAIMga nisbatan 4,1 foizdan 2023-yilda 5,8 foizgacha oshdi.

Oltin-valyuta zaxiralari yetarli darajada saqlanib qoldi. Ularning hajmi 2023-yil dekabr holatiga ko‘ra 34,6 milliard dollarni tashkil etdi. Ushbu resurslar 8 oy davomida import xarajatlarini qoplash uchun yetarli bo‘ladi.

Real ish haqining barqaror o‘sishi kambag‘allikni qisqartirishga yordam berdi, kambag‘allik darajasi 2022-yildagi 5 foizdan 2023-yilda 4,5 foizgacha tushdi (daromadi o‘rtadan past bo‘lgan mamlakatlar uchun 2017-yil narxlaridagi xarid qobiliyati paritetiga ko‘ra kuniga 3,65 AQSh dollari miqdoridagi xalqaro kambag‘allik chegarasi bo‘yicha baholanadi).

Ishsizlik darajasi 2022-yildagi 8,9 foizdan 2023-yilda 8,1 foizgacha tushdi.

2023-yilda o‘rtacha real ish haqi 7,8 foizga oshdi, bu nafaqat o‘sib borayotgan talab, balki mehnat bozorida malakali kadrlar yetishmovchiligi tufayli ham sodir bo‘ldi. Natijada, kambag‘allarga qaraganda ko‘proq malakali (va moddiy ahvoli yaxshiroq bo‘lgan) ishchilar orasida ish haqining o‘sishi yuqoriroq bo‘ldi. Bu aholi o‘rtasida daromadlar tengsizligining oshishiga olib keladi, deya qayd etgan Jahon banki.

2024-yil uchun prognozlar

Jahon bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, kutilayotgan fiskal konsolidatsiya choralari hamda mamlakatning asosiy tashqi savdo hamkorlari bo‘lgan Rossiya va Xitoyga eksport o‘sishi sur’atlarining sekinlashishi ehtimolini hisobga olgan holda O‘zbekiston YAIM o‘sishi 2024-yilda 5,3 foizni tashkil etadi. Iqtisodiy o‘sish asosan tuzilmaviy islohotlarning davom etishi hisobiga qo‘llab-quvvatlanadi. Xususan, bunga davlat korxonalarini restrukturizatsiya qilish va davlat aktivlarini xususiylashtirish, shuningdek, energetika sohasini rivojlantirishga yirik sarmoyalar kiritish ta’sir ko‘rsatadi.

Energetika sohasida tariflarni isloh qilish bilan bog‘liq bo‘lgan ichki energiya bozorida narxlarning nisbatan keskin oshishi hisobiga 2024-yilda inflyatsiyaning oshishi kutilmoqda (ushbu jarayon aholining kam ta’minlangan qatlamlarini ijtimoiy himoya bilan qamrab olish choralari bilan birga amalga oshiriladi). Bu to‘laqonli inflyatsion targetlashga o‘tishni yakunlayotgan O‘zbekiston Markaziy bankining (MB) qat’iy pul-kredit siyosati bilan qisman qoplanadi. O‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiya 8 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda, bu esa Markaziy bankning 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichidan yuqori.

2024-yilda import o‘sishi sur’atlari mo‘’tadil bo‘lishi kutilmoqda. Biroq ayrim tovarlar importi iqtisodiyotning turli tarmoqlarini modernizatsiya qilish va aholining o‘sib borayotgan iste’molini qondirish uchun foydalanilishini hisobga olsak, import o‘sishi sur’ati barqaror bo‘lib qoladi.

Prognozlarga ko‘ra, 2024-yilda pul o‘tkazmalari hajmi asosan Rossiyaga boradigan mehnat muhojirlari sonining qisqarishi kutilayotgani hisobiga kamayadi. Pul o‘tkazmalarining kamayishi va importning ko‘payishi bilan joriy hisob taqchilligi biroz oshadi, lekin barqaror bo‘lib qoladi, chunki O‘zbekiston iqtisodiyotini isloh qilish jarayoni xorijiy moliyalashtirishni jalb qiladi. Ushbu mablag‘lar joriy hisob taqchilligini qoplashga yo‘naltiriladi.

2024-yilda kambag‘allik darajasi 4,3 foizgacha qisqarishi kutilmoqda (daromadi o‘rtadan past bo‘lgan mamlakatlar uchun 2017-yil narxlaridagi xarid qobiliyati paritetiga ko‘ra kuniga 3,65 AQSh dollari miqdoridagi xalqaro kambag‘allik chegarasi bo‘yicha baholanadi).

2024-yilda budjet taqchilligi YAIMning 4,2 foizigacha, 2026-yilda esa 3 foizigacha kamayishi kutilmoqda. Ushbu ko‘rsatkichlarga yirik energetika subsidiyalarini va davlat korxonalarini rag‘batlantirish bo‘yicha samarasiz chora-tadbirlarni bekor qilish, shuningdek, davlat aktivlarini xususiylashtirishda davom etish orqali budjet daromadlarini ko‘paytirish hisobiga erishish rejalashtirilgan.

Hukumat tashqi qarzlar bo‘yicha o‘z cheklovlariga rioya qilishi kutilmoqda (“Davlat qarzi to‘g‘risidagi” qonunga muvofiq, davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbatan maksimal miqdori YAIMning 60 foizidan oshmasligi belgilangan). Shu bilan birga, davlat qarzi 2024-yilda YAIMga nisbatan 36,5 foizgacha oshadi va 2026-yilga borib 34,4 foizgacha pasayadi.

Ushbu prognozning pasayishi bo‘yicha xatarlar qatoriga O‘zbekistonning asosiy tashqi savdo hamkorlari bo‘lgan Rossiya va Xitoyda iqtisodiy o‘sish sur’atlarining sekinlashishi, shuningdek, xalqaro moliya bozorlaridagi vaziyatning kutilganidan ko‘ra keskinroq bo‘lishi kiradi.

Ichki xatarlar davlat korxonalari va banklar tomonidan, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarni amalga oshirish doirasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy majburiyatlarning oshishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Mamlakat uchun potensial ijobiy tendensiyalar qatoriga oltin va misning jahon bozorlaridagi narxlari oshishi (O‘zbekiston ushbu tovarlar eksportchisi hisoblanadi), shuningdek, hukumatning tuzilmaviy islohotlari oqibatida iqtisodiyot tarmoqlaridagi unumdorlik o‘sishining tezlashishi kiradi.

jahon banki, o‘zbekистон, yalpi ichki маҳсулот

Mintaqa uchun prognoz

Mintaqadagi iqtisodiy o‘sish 2023-yilda 3,3 foizga o‘sishdan so‘ng bu yil 2,8 foizgacha sekinlashishi mumkin.

O‘zbekiston Tojikiston (6,5 foiz), Armaniston (5,5 foiz), Gruziya (5,2 foiz) va Qirg‘iziston (4,5 foiz) bilan birga Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan beshta davlat qatoriga kiradi.

Mintaqadagi o‘sish istiqbollariga zaiflashgan jahon iqtisodiyoti, qattiq pul-kredit siyosati, Xitoyda o‘sish sur’atlarining sekinlashishi va xom ashyo narxining pasayishi salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Turkiyada fiskal konsolidatsiya harakatlari ichki talabni cheklashi kutilayotgani tufayli iqtisodiy o‘sish 3 foizgacha sekinlashishi mumkin (COVID-19 pandemiyasidan tashqari 2009-yildan beri eng past ko‘rsatkich).

Jahon bozorida neft narxining past darajasi Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlaridagi iqtisodiy vaziyatga ta’sir qiladi: joriy yilda o‘sish sur’atlari 4,1 foizgacha pasayishi kutilmoqda, 2023-yilda esa ular 5,5 foizni tashkil etadi.