Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hukumat “O‘zsanoatqurilishbank” xususiylashtirilishini tezlashtirish ustida ishlayotgani, may oyida “Asakabank”ni xususiylashtirishga tayyorlash bo‘yicha YeTTB bilan kelishuv imzolanishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

U bu haqda 2-aprel kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida prezidentning “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlarni amalga oshirishning 2024-yildagi ustuvor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yuzasidan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda gapirib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

““O‘zsanoatqurilishbank” xususiylashtirilishini tezlashtirish ustida ishlayapmiz. Yaqinda Rothschild & Co vakillari bilan ham [shu masalada] uchrashuv o‘tkazdik. Fursatdan foydalanib, 3 ta xalqaro moliya tashkilotiga — Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo bankiga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Ular mazkur bankka konvertatsiya bo‘ladigan kredit bergan. Shuningdek, “Asakabank”ni xususiylashtirishga tayyorlash bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan may oyida kelishuv imzolashni rejalashtiryapmiz”, — dedi Jamshid Qo‘chqorov.

U, shuningdek, mamlakat Islom moliyasi mexanizmlari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ko‘lamini kengaytirish niyatida ekanini aytdi.

“Banklar haqida gapirganda shuni ham aytmoqchimanki, Markaziy bank va Prezident administratsiya bilan birgalikda Islom moliyaviy mexanizmlari bo‘yicha ishlamoqchimiz. Aprel oyida Islom taraqqiyot banki vitse-prezidenti bilan ko‘rishmoqchimiz. Bu uchrashuv davomida iyul oyida yoki ulgurmasak, sentabr oyida bu masala muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazishni taklif etmoqchimiz. Umuman olganda, bu sohadagi ishlarni kengaytirmoqchimiz. Shu sababli Islom taraqqiyot banki bilan ko‘p masalalarda hamkorlik qilamiz degan umiddaman”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

“Bir so‘z bilan aytganda, bank sektoridagi islohotlarimiz davom etyapti. Yana bir bor aytaman, bu yerda o‘tirgan xalqaro moliya tashkilotlari bilan birgalikda ishlaymiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Jamshid Qo‘chqorov, shuningdek, xususiylashtirish bo‘yicha yangi katta dastur tayyorlanganini va u yaqin kunlarda tasdiqlanishi kutilayotganini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil avgust oyida prezident “Qishloq qurilish bank” (yaqinda Biznesni rivojlantirish bankiga aylantirildi), “Asakabank”, “Aloqabank”, “Agrobank” va boshqa banklarni xususiylashtirish hamda aksiyalari IPO`sini kechroq muddatga qoldirgandi. Avvaliga davlat ulushini to‘liq auksionga qo‘yish rejalashtirilgan “O‘zsanoatqurilishbank”ning davlat ulushi 2024-yil oxirigacha 50 foizga kamaytirilishi ko‘zda tutilgandi.