Mart oyida O‘zbekistonda aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi fevralga nisbatan o‘zgarishsiz qolib, 12,7 foizni tashkil etdi. Bu Markaziy bank e’lon qilgan infografikada qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, martda yillik inflyatsiya 7,89 foizgacha sekinlashgandi (bu 2016-yil maydan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi). Shu tariqa, oy davomida sezilgan va rasmiy inflyatsiya o‘rtasidagi tavofut 4,8 foizni tashkil etdi.

Sezilgan inflyatsiya darajasining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (17,2 foiz) va Farg‘ona viloyatida (15,3 foiz) qayd etildi. Eng past ko‘rsatkichlar esa Qoraqalrog‘iston Respublikasi (9,3 foiz) hamda Jizzax viloyatida (10,1 foiz) kuzatildi.

Infografika: Markaziy bankInfografika: Markaziy bank

Respondentlar oy davomida eng ko‘p yonilg‘i va meva-sabzavotlar narxi oshganini sezgan. Lekin benzin va boshqa yonilg‘i mahsulotlari narxi oshganini birinchi bo‘lib sanagan so‘rovnoma ishtirokchilari ulushi fevral oyidagiga nisbatan sezilarli kamaygan (51 foizdan 43 foizgacha).

Shuningdek, shakar va qandolat mahsulotlari narxi oshganini sezgan respondentlar ulushida sezilarli o‘sish qayd etilgan (14 foizdan 18 foizgacha).

sezilgan inflyatsiya

Daromadga ega bo‘lmaganlar (13,3 foiz) va daromadi 7 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan (19,3 foiz) aholi guruhlari sezgan inflyatsiya darajasi nisbatan yuqori shakllandi.

sezilgan inflyatsiya

Rasmiy darajadan yuqori inflyatsiyani sezgan respondentlar ulushi Toshkent shahrida eng yuqori (75 foiz), Qoraqalpog‘iston Respublikasida eng past bo‘lib turibdi (44 foiz).

sezilgan inflyatsiya