11-aprel kuni soat 10:00 larda Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida yong‘ir sodir bo‘ldi, oqibatda noyob eksponatlar yonib ketdi, deb xabar bermoqda Kun.uz.

Nashr manbasiga ko‘ra, yong‘in ikkinchi qavatdagi ekspozitsiya zalida sodir bo‘lgan. Holat jamoatchilikdan sir tutilgan, deyiladi xabarda.

Holatni tasdiqlagan muzey rahbari Xayrullo Zokirovning aytishicha, yong‘in eskirgan elektr simlarining qisqa tutashuvi ortidan kelib chiqqan.

“Yong‘inda faqat 1 dona vitrina yonib, miltiq qo‘ndog‘i va naqshli eshik butkul yonib ketgan. Vitrina va muzeyning yongan qismi esa ta’mirlangan. Rassom Gavrilov tomonidan 1938-yilda chizilgan, 1916-yil qo‘zg‘oloni aks etgan san’at asari qisman zararlangan”, — deb yozadi nashr.

Xabarda qo‘shimcha qilinishicha, muzey rahbari holat viloyat badiiy ekspertizasi xodimlari tomonidan o‘rganilayotgani sababli ichkariga kirishga ruxsat bermagan. U yetkazilgan moddiy zarar miqdori o‘rganilayotganini aytgan.

“Gazeta.uz”ning holat yuzasidan ma’lumot olish uchun FVV matbuot xizmati bilan bog‘lanishga urinishlari natijasiz qoldi.