Farg‘ona viloyatida aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirish, xususan, jamoat transporti tizimini takomillashtirish maqsadida 20 dona Isuzu HC 45 rusumli avtobus xarid qilindi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Mazkur transport vositalari “Bekavtoyo‘lovchitrans” MCHJ tomonidan Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan.

Ular tez orada Qo‘qon shahri avtobus yo‘nalishlarida aholiga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi, deyiladi xabarda. Bu turdagi avtobuslar 39 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, o‘rindiqlar soni 18 tani tashkil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yil 1-martdan prezident qarori bilan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mos bo‘lmagan shahar yo‘lovchi avtomashinalarini xarid qilish taqiqlangan.

Navro‘z Ashurmatovning “Gazeta.uz”ga tushuntirishicha, bu talab o‘z kuchida, lekin viloyatlarni birinchi navbatda jamoat transporti, jumladan, avtobuslar bilan ta’minlab olish kerak.

“Oddiy avtobus yetib bormagan hududlar ko‘p. Viloyatlarda, Toshkentdagidan farqli ravishda, tadbirkorlar shug‘ullanadi bu ish bilan. Agar hozir ularga mana shu talablarni ham qo‘ysak, shu natija ham bo‘lmasligi mumkin. Talabni ham avtobuslar yetib borgach, navbati bilan amalga oshiramiz. Tenderlarda agar kimdir low-floor avtobuslarini taklif qilsa, unga ustuvorlik beriladi”, — dedi u.