Uzbekistan Airways 15-aprel kuni Toshkent — Tel-Aviv — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY301/302 reysi bekor qilinganini ma’lum qildi.

Bu Yaqin Sharq mamlakatlarining bir qismi ustidan havo hududining yopilishi munosabati bilan, shuningdek, O‘zbekiston aviatsiya hukumatining parvozlar xavfsizligini ta’minlash zarurati bilan bog‘liq, deyiladi xabarda.

Bekor qilingan reysning yo‘lovchilari chiptalarni qayta bron qilishlari yoki jarimalarsiz pullarini qaytarib olishlari mumkin. Buning uchun Uzbekistan Airways kompaniyasining Sales filialiga yoki xorijdagi aviakompaniya vakolatxonalariga murojaat qilish kerak.

14-aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga yuzlab raketa va dronlarni uchirgandi. Isroil mudofaa kuchlari ularning 99 foizi urib tushirilganini aytdi. Isroil hujumga javoban havo hududini vaqtincha yopdi. Jahon aviakompaniyalari Eron va Iroq orqali o‘tadigan yo‘nalishlarni mintaqaning boshqa mamlakatlariga o‘zgartirdi.