13-aprel kuni Sherzod Abdimuratovich Rajabov Surxondaryo viloyati hokimining yangi birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi, deya xabar bermoqda hokimlik matbuot xizmati.

Sherzod Rajabov hokimning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘ldi. U mazkur lavozimda boshqa ishga o‘tishi sababli ozod etilgan Anvar Oripov o‘rnini egalladi.

Rajabov 1984-yil Qiziriq tumanida tug‘ilgan. 2007-yilda Termiz davlat universitetini, 2014-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida Surxondaryo viloyati hokimligi guruh rahbari, Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligining bo‘lim boshlig‘i, direktor o‘rinbosari, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi direktorining o‘rinbosari lavozimlarida mehnat qilgan.

Tayinlangunga qadar 2023-yildan buyon Qiziriq tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritayotgandi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, Ziyoda Aslonovna Aminova viloyat hokimi o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i bo‘ldi.

Ziyoda Aminova 1978-yil Kasbi tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan.

U tayinlovga qadar viloyat hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlagan.