Janubiy Koreyada muxolifatchi Koreya demokratik partiyasi parlament saylovlarida hukmron Xalq kuchi partiyasidan sezilarli o‘zib ketdi, deb yozmoqda The Korea Times.

Barcha ovozlarni sanab chiqish natijalariga ko‘ra, demokratik partiya Milliy assambleyadagi (parlament) 300 ta o‘rindan 175 tasini qo‘lga kiritdi. Muxolifatchi partiyalar umumiy hisobda 190 dan ortiq o‘rinni egalladi. Bu Koreya demokratik partiyasining 2016-yildan beri parlament saylovlarida ketma-ket uchinchi g‘alabasi bo‘ldi.

Xalq kuchi partiyasi jami 108 ta o‘rinni oldi. Natijalar e’lon qilingandan so‘ng partiya rahbari Xan Dong Xun o‘z lavozimidan ketishini e’lon qildi. Bosh vazir Xan Dok Su ham mag‘lubiyat tufayli iste’foga chiqishni taklif qilgan.

10-aprel kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda 29 milliondan ortiq janubiy koreyalik ishtirok etdi. Saylovchilar ishtiroki 67 foizga yetdi — bu mamlakatdagi 32 yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich.

BBC nashrining yozishicha, bu saylovlar ko‘plab ekspertlar tomonidan besh yillik vakolati uch yildan keyin tugaydigan prezident Yun Sok Yolga ishonch bildirish bo‘yicha oraliq referendum sifatida baholanadi. Uning legitimligi 2022-yilda saylanganidan beri yashash narxining oshishi va qator siyosiy janjallar tufayli tushib ketdi.

Saylovga bir necha hafta qolganda prezident “inflyatsiyaning saylovchilarga ta’sirini tan olmagani” uchun qattiq tanqid qilindi, deb yozadi BBC. Mart oyida Yun Seul bozoriga tashrif buyurdi va ko‘k piyozning maqbul narxlarda sotilishi bilan maqtandi. Biroq subsidiyalar tufayli mahsulot narxi arzonlashgandi. Yunning bayonoti jamiyatda salbiy munosabatga sabab bo‘ldi va keyinchalik fermerlarning noroziliklariga ham uchradi hamda Koreya demokratik partiyasi saylov mitinglariga ko‘k piyoz bog‘lari olib chiqildi.

Hukmron partiyaning pozitsiyasiga fevral oyidan beri davom etayotgan stajyor shifokorlarning ish tashlashi ham ta’sir ko‘rsatdi. 8500 dan ortiq kichik shifokorlar hukumatning tibbiyot oliy o‘quv yurtlariga qabul kvotalari oshirish rejasiga qarshi norozilik sifatida iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza yozgan.

Xalq kuchi partiyasi va Yunning reytinglari prezident rafiqasi Kim Kong Xi bilan bog‘liq janjaldan keyin tushib ketdi. Xonim 2200 dollardan ortiq turuvchi Dior sumkasini ruhoniydan sovg‘a sifatida qabul qilgan. Ruhoniy 2022-yil sentabrida bo‘lgan bu hodisani o‘z soatiga yashirilgan maxfiy kamera bilan yozib olgan. Keyin bu yozuv internetda paydo bo‘ldi va mamlakat rahbari, birinchi xonim va partiyaning yuqori martabali a’zolariga nisbatan korrupsiya ayblovlarini keltirib chiqardi.