O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalari, elektron sigaretalar hamda tamakini qizdirish tizimlarini, shu jumladan, ayrim turdagi tamaki mahsulotlarining muomalasini taqiqlash va javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Hozirda “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunning 37-moddasiga asosan chekilmaydigan tamaki mahsulotlarini, shu jumladan tarkibida nikotin mavjud bo‘lgan chekilmaydigan mahsulotlarni, tarkibida mahsulotning jozibadorligini oshirishga qaratilgan moddalar yoki nikotinga qaramlikni oshiradigan qo‘shimchalar mavjud bo‘lgan nikotinli va nikotinsiz suyuqliklarni, nikotinli va nikotinsiz suyuqliklari bo‘lgan tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalarini, shuningdek elektron sigaretalarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish (shu jumladan xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali olib kirish) hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilish taqiqlanadi.

Qonun loyihasida tamaki mahsulotlarini chekish bo‘yicha emas (chekiladigan va chekilmaydigan), balki tarkibiga ko‘ra turlarga bo‘lish taklif etilgan. Ushbu yondashuv yuridik amaliyotda ushbu qoidaning turlicha talqin qilinishining oldini olishi kutilmoqda.

Hujjatda quyidagilarni:

  • tarkibida xom ashyo sifatidagi tamaki bargi va (yoki) tamaki o‘simligining boshqa qismlari mavjud bo‘lgan mahsulotlarni (qizdiriladigan tamaki mahsulotlari, tamakili snyus, hidlanadigan tamaki, chaynaladigan tamaki mahsulotlar);
  • tarkibida nikotin yoki nikotinning hosilalari, shu jumladan nikotin tuzlari, eritmalari, nikotinli suyuqliklar yoki tarkibida nikotinli gellar mavjud bo‘lgan, lekin tamaki bargi va (yoki) tamaki o‘simligining boshqa qismlari mavjud bo‘lmagan mahsulotlarni (nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari uchun nikotinli suyuqliklar, nikotin suyuqligi bo‘lgan elektron sigaretalar, chilim uchun nikotinli aralashmalar, nikotinli snyus);
  • tarkibida tamaki va nikotin mavjud bo‘lmagan, lekin tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalari bilan birga foydalanish uchun mo‘ljallangan mahsulotlarni (nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari uchun nikotinsiz suyuqliklar, nikotinsiz suyuqligi bo‘lgan elektron sigaretalar, chilim uchun nikotinsiz qorishmalar);
  • tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalarini (bundan chilimlar (elektron bo‘lmagan), trubkalar, mushtuklar, shuningdek ularning tarkibiy qismlari va elementlari mustasno) ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, realizatsiya qilish, shuningdek, O‘zbekiston hududiga olib kirish, O‘zbekiston hududidan olib chiqish, tranzit qilishni taqiqlash taklif etildi.

Shuningdek, jismoniy shaxslarga yuqorida ko‘zda tutilgan alkogol va tamaki mahsulotlarini, tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalarini o‘z ehtiyojlari uchun, ulardan tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish maqsadini ko‘zlamay, yuridik shaxslarga esa ko‘rgazmaviy namunalar va sinovlar uchun namunalar sifatida olib kirishni taqiqlash taklif etilmoqda.

Hozirda qonunga ko‘ra, bir dona sigareta (filtrli yoki filtrsiz) yoki qizdiriladigan tamaki mahsuloti aerozolida (bug‘ida, tutunida) nikotin miqdori bir milligrammdan oshmasligi kerak. Qonunga kiritilayotgan o‘zgartirish qizdiriladigan tamaki mahsuloti aerozolini (bug‘ida, tutunida) hisobga olmasdan, sigaretaning o‘zida nikotin tarkibini ko‘rib chiqishni taklif qiladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga 186−2-moddasi (Muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlari, tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalari, shuningdek elektron sigaretalar va chilimlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, realizatsiya qilish, olib kirish) kiritilishi ham mumkin. Ushbu qoidabuzarlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda (17−34 mln so‘m) jarima jazosi nazarda tutiladi. Huquqbuzarlik ashyolarini o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinadi.

Jinoyat kodeksini xuddi shu nomdagi 186−4-modda bilan to‘ldirish rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, ushbu harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa moddaning 1-qismida BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha jarima (68 million so‘mdan 136 million so‘mgacha), uch yilgacha axloq tuzatish ishlari, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari nazarda tutilgan.

Agar bu harakatlar ko‘p miqdorda, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, xizmat lavozimini suiiste’mol qilish yo‘li bilan sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha jarima yoki 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Agar harakatlar juda ko‘p miqdorda, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu jinoyatda hokimiyat yoki mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish yo‘li bilan homiylik qilish, qonun loyihasiga ko‘ra, 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Asos

Qonun loyihasining tushuntirish xatida “mamlakatimiz aholisini, ayniqsa, bolalar va o‘smirlarni himoya qilish maqsadida” Prezident administratsiyasining 30-yanvardagi va bosh vazirning 1-fevraldagi topshiriqlari asosida ishlab chiqilgani qayd etilgan.

“So‘nggi yetti yilda nikotin va tamaki mahsulotlarining „zamonaviy“ yoki „innovatsion“ turlari, xususan nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari, ular uchun suyuqliklar, gellar, shu jumladan elektron sigaretalar hamda tamakini qizdirish tizimlari, qizdiriladigan tamaki mahsulotlari mamlakatimizga kirib kelishi va aholi, ayniqsa bolalar va yoshlar orasida ularni chekish keskin ko‘paygan”, — deyiladi loyihada.

2021−2023-yillarda mamlakatga qiymati 28,5 mln dollarlik 5,4 mln dona elektron sigaretalar import qilingan bo‘lib, bu ko‘rsatkich avvalgi yillarga (2018−2020-yillarda 349 ming dollarlik 182 ming dona elektron sigaretalar import qilingan) nisbatan keskin ravishda — 80 baravarga oshgan.

Ushbu davrda huquq-tartibot organlari tomonidan 11,8 mlrd so‘mlik 105,3 ming dona bunday mahsulotlar kontrabandasining oldi olingan.

Mamlakatda elektron sigaretalar aylanishini tartibga solish uchun quyidagi huquqiy cheklovlar tizimi yaratildi:

  • realizatsiya sohasida 40 ta, foydalanish bo‘yicha 14 ta va ishlab chiqarishga oid 7 ta cheklovlar kiritildi;
  • import qilinuvchi elektron sigaretalar uchun nikotinli suyuqliklar va tamakini qizdirish tizimi uchun tamaki tayoqchasiga aksiz solig‘i joriy etildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etilgan tahlilga ko‘ra, o‘smirlar va yoshlar kattalarga qaraganda elektron sigaretlardan uch baravar ko‘proq foydalanishadi. O‘rta maktab o‘quvchilari o‘rtasida elektron sigaretaga qiziqish jadal o‘sib bormoqda, xususan, 26,6 ming o‘g‘il va 8,6 ming qiz chekishga moyil, deyiladi tushuntirish xatida.

Qayd etilishicha, maktablar va jamoat joylarida o‘tkazilgan reydlar davomida maktab o‘quvchilaridan olib qo‘yilgan elektron sigaretalar soni yil sayin ortib bormoqda: 2019-yilda 6 ta, 2020-yilda 27 ta, 2021-yilda 31 ta, 2022-yilda 856 ta, 2023-yilda 1040 ta.

18−29 yoshdagi aholi orasida tamaki qizdirish tizimlaridan foydalanish darajasi (252 ming kishi) 30−69 yoshdagi aholiga (94,2 ming kishi) nisbatan 2,5 baravar yuqori.

Kerakli choralar ko‘rilmasa, kelajakda har beshinchi (20 foiz) yosh nikotinga qaramlikdan aziyat chekadi, deya ogohlantiradi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

“Ushbu salbiy tendensiyalar tamaki sanoati marketing strategiyasi asosiy maqsadi bo‘lib, elektron sigaretalarni va tamakini qizdirish tizimlarini “xavfsiz, zarari kam, xushbo‘y, odatiy sigareta chekishni tashlashga yordam beradi” kabi yolg‘on reklamalari evaziga xorijda ommalashayotgan “submadaniyat”ni aholiga, eng avvalo yoshlarimizga singdirishga qaratilgan tahdiddir”, — deyiladi eslatmada.

Hujjatda ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda tamaki kompaniyalari onlayn reklama uchun o‘z budjetini 12−15 barobar oshirib, AQSh va Kanadada yiliga 2 million dollar sarflagan.

Shu sababdan Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda elektron sigaretalar va tamaki qizdirish tizimlarining muomalasini taqiqlashni, shuningdek, ushbu taqiqni buzganlik uchun javobgarlik belgilashni taklif qildi.

Xalqaro tajriba

Loyihani ishlab chiqish jarayonida Mustaqil hamdo‘stlik mamlakatlari va xorijiy mamlakatlarining tajribasi o‘rganilgan.

Qayd etilishicha, dunyo mamlakatlarida elektron sigaretalar aylanmasini tartibga solishda huquqiy jihatdan turli yondashiladi. Buning natijasini quyidagi davlatlar misolida ko‘rish mumkin.

Braziliyada elektron sigaretalar sotish qonun bilan taqiqlangan. Janubiy Koreyada elektron sigaretalar sotishga qonunchilikda ruxsat berilgan bo‘lib, tamaki mahsulotlariga belgilangan cheklovlar elektron sigaretalarga ham taalluqli. Buyuk Britaniya qonunchiligida elektron sigaretalar iste’mol mahsuloti sifatida tavsiflanadi. Odatiy sigareta chekuvchilarga chekishni tashlashlari uchun elektron sigaretalar chekish tavsiya etiladi.

Buning natijasida, katta yoshdagi (18 va undan katta yoshdagilar) elektron sigaretalarni har kuni chekadigan aholi ulushi Braziliyada 0,4 foizni, Janubiy Koreyada 2,8 foizni va Buyuk Britaniya 9,4 foizni tashkil etgan.

Demak, elektron sigaretalar aylanmasini qat’iy tartibga solish ularni yumshoqroq tartibga solishga qaraganda ancha samarali hisoblanadi.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining Tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha Hadli konvensiyasi Sakkizinchi konferensiyasining (FCTC/COP8 (22)) qarorida, mamlakatlar tamaki va nikotin mahsulotlarining yangi turlarini (elektron sigaretalar, tamakini qizdirish tizimlari kabi) iste’mol qilinishini boshlashning oldini olishlari, ya’ni yangi epidemiyani “kurtakligida” bartaraf etishlari zarurligi ko‘rsatilgan.

Dunyoning 119 ta mamlakatida elektron sigaretalarning aylanmasi tartibga solingan, ularning 35 tasida aylanmasi taqiqlangan, shu jumladan, Argentina, Braziliya, Koreya Xalq Demokratik Respublikasi, Hindiston, Eron, Iroq, Norvegiya, Singapur, Turkiya, Turkmaniston. Hozirgi kunda Qozog‘istonda ham sigaretalarning aylanmasi taqiqlash bo‘yicha qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda.

Ayni vaqtda ona-tabiatimizga qo‘shimcha tahdidlari tufayli Fransiya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Germaniya kabi Yevropa mamlakatlari elektron sigaretalarni taqiqlash masalasini ko‘rib chiqmoqda. Germaniyada jamoatchilik mamlakat hukumatini ushbu mahsulotlarni butun Yevropa Ittifoqi bo‘ylab taqiqlashga undamoqda.

Dunyoning 175 ta mamlakatida tamakini qizdirish tizimlarining aylanmasi tartibga solingan bo‘lib, 19 tasida aylanmasi taqiqlangan, shu jumladan, Avstraliya, Braziliya, Koreya Xalq Demokratik Respublikasi, Hindiston, Eron, Meksika, Singapur, Turkiya, Qatar.