Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 2024-yilning 13−14-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Ostona xalqaro forumini bekor qildi. Bu haqda davlat rahbari X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

“Qozog‘istonda misli ko‘rilmagan suv toshqini va keng ko‘lamli vayronagarchilik oqibatlarini bartaraf etish va mamlakat fuqarolariga yordam ko‘rsatish uchun moliyaviy resurslarni tejash zarurati tufayli shu yilning 13−14-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Ostona xalqaro forumini bekor qilishga qaror qildim. Umid qilamanki, tadbirga taklif etilgan ishtirokchilar bu qarorga tushunish bilan yondashadilar. Ostona xalqaro forumi 2025-yilda o‘z ishini tiklaydi”, — deb yozgan Qasim-Jomart Toqayev.

Ma’lumot uchun, 2023-yil 8−9-iyun kunlari Qozog‘iston poytaxtida Ostona xalqaro forumi bo‘lib o‘tgandi. Unda 70 ta davlatdan mingdan ortiq mehmon ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda 76 mingdan ortiq odam xavfli suv toshqini zonalaridan evakuatsiya qilindi, mamlakatning 10 ta hududida favqulodda holat e’lon qilingandi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bu toshqinlarni so‘nggi bir necha o‘n yilliklardagi eng yirigi deb atadi. “Ko‘p yillardan buyon kuzatilmagan tabiiy ofat yuz berdi. Ehtimol, bu so‘nggi 80 yil ichida yuz bergan ko‘lami va oqibatlari bo‘yicha eng katta ofat”, — dedi u xalqqa murojaatida.