Qozog‘iston Senati “Ayollar huquqlari va bolalar xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi. U, asosan, oilaviy zo‘ravonlikni jinoiy javobgarlikka tortishga qaratilgan, deb xabar qildi Zakon.kz.

Qayd etilishicha, qonun kaltaklash va qasddan badanga yengil shikast yetkazish uchun jinoiy javobgarlikni o‘zida aks ettiradi, shuningdek, qasddan badanga o‘rtacha va og‘ir shikast yetkazish uchun javobgarlikni kuchaytiradi.

Bundan tashqari, qonun voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik va tazyiq bilan bog‘liq ishlar doirasida, shuningdek, tomonlar yarashganidan keyin bir yil ichida kaltaklash va sog‘liqqa yengil zarar yetkazish to‘g‘risidagi moddalarda nazarda tutilgan harakatlarni takroran sodir etish holatlarida tomonlarning yarashishi ehtimolini istisno qiladi.

Hujjatda, shuningdek, “Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan boshqa muqobil jazolar bundan mustasno, qotillik, zo‘rlash va voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy tajovuz qilish” uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo belgilangan. Bundan tashqari, Jinoyat kodeksiga 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarga nisbatan “jinsiy zo‘ravonlik” bo‘yicha yangi modda kiritiladi.

Hujjatda, shuningdek, o‘z joniga qasd qilishga undaganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo bilan jinoiy javobgarlik joriy etilishi ham nazarda tutilgan. O‘z joniga qasd qilishni targ‘ib qilish uchun jarimalar mavjud.

Hujjat fevral oyi oxirida quyi palatada tasdiqlangan. Endi prezident uni imzolashi kerak, shundan keyin qonun kuchga kiradi.

Tengrinews.kz. nashrining aniqlik kiritishicha, 2023-yilda Qozog‘iston huquq-tartibot idoralariga oilaviy zo‘ravonlik yuzasidan 99 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan, 69 nafar ayol va 7 nafar bola uning oqibatida halok bo‘lgan.

Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘istonda turmush o‘rtog‘i Saltanat Nukenovani o‘ldirishda ayblanayotgan sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayev ustidan sud jarayoni davom etmoqda. Jarayon ommaviy tarzda o‘tkazilib, matbuotda keng yoritilmoqda. Bishimbayev umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.